Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNI TEKShIRIShNI TAShKIL QILIShNI TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-son Farmonni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishni oʻtkazish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda:
mansabdor shaxslarni moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlarni, shu jumladan nazorat tekshirishlari va taftishlarni oʻtkazishga qoʻyish huquqi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazsinlar;
moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishga qoʻyilgan mansabdor shaxslar malakasini har yili oshirish rejalarini ishlab chiqsinlar va joriy etsinlar;
tekshirishlarni oʻtkazishga doir idoraviy yoʻriqnomalarni ushbu qaror qoidalarini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqishni taʼminlasinlar.
3. Auditor tashkilotlarga va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga moliya-xoʻjalik faoliyati auditini oʻtkazish yuzasidan shartnomalar tuzishda auditor xulosasining toʻgʻriligi va uning respublika qonunchiligiga muvofiqligi uchun auditorning javobgarligi shartlarini majburiy tartibda nazarda tutish tavsiya qilinsin.
Belgilansinki, auditorlik tekshirishlar natijalari boʻyicha xulosalarda korxona moliyaviy ahvolining haqiqiy holatini ataylab buzib koʻrsatganlik uchun auditor firmalar auditorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqidan, yetkazilgan zararni xoʻjalik yurituvchi subyektga undirib bergan holda, belgilangan tartibda mahrum etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-noyabr,
496-son
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishni oʻtkazish
TARTIBI
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tekshirishlarni tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 1996-yil 8-avgustdagi PF-1503-son hamda “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-son farmonlariga muvofiq tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, yuqori tashkilotlar va nazorat organlarining korxonalar faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻymaslik, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlarni tartibga solish va ularning sonini qisqartirish maqsadida ishlab chiqilgan.
1.2. Asosiy tushunchalar:
Ushbu Tartibda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
Nazorat organlari — xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan davlat nazoratini qonunchilikka muvofiq, belgilangan vakolat doirasida amalga oshirishga vakil qilingan vazirliklar va idoralar.
Tekshirish — yuridik va jismoniy (shu jumladan, mansabdor) shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar. farmonlar, boshqa qonun hujjatlarini bajarishi ustidan nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan ayni bir vaqtdagi nazorat shakli.
Taftish — moliya va soliq masalalari boʻyicha qonunchilikka rioya qilinishi, soliq, bojxona, boshqa organlarga, bankka va davlat statistika organlariga taqdim etiladigan hisob-kitob va hisobotlarning ishonchliligi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buxgalteriya va boshqa moliya-ishlab chiqarish hujjatlarini tekshirish uslubi.
Moliya-xoʻjalik faoliyati — xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining ularning mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, buxgalteriya-moliya, hisob-kitob, tovarlarga oid va statistika hujjatlarini yuritish boʻyicha ustavdagi faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyati, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning moliya, soliq, bank va bojxona organlari hamda boshqa organlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan oʻzaro munosabatlari tizimi.
1.3. Moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishning maqsadiga koʻra yuridik va jismoniy (shu jumladan mansabdor) shaxslar faoliyati ularning obyektlari hisoblanadi.
Soliq va boshqa nazorat organlari tekshirish va taftish qilish subyektlari hisoblanadi. Nazorat organlarining roʻyxati va ularning vakolati qonunchilik bilan belgilanadi. Tekshirishlar va taftishlarning boshqa vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar tomonidan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
1.4. Oʻzbekiston Respublikasida nazorat organlarining xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish, shu jumladan, nazorat tariqasidagi tekshirish va taftish qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (bundan keyin - Kengash) faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-son Farmoni bilan tasdiqlangan Nizom bilan tartibga solinadi.
1.5. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini qonunchilik normalari bilan belgilangan huquqlarga muvofiq amalga oshiriladigan barcha tekshirishlar faqat Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishilgan holda, har yili u tasdiqlaydigan hududlar boʻyicha tekshirish va taftish qilishning muvofiqlashtiruvi rejalari asosida oʻtkaziladi.
1.6. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilish faqat Oʻzbekiston Respublikasi nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga koʻra, soliq va boshqa nazorat organlari tomonidan rejali tartibda, har yili koʻpi bilan bir marta, qoidaga koʻra, ayni bir vaqtdagi kompleks tekshirish tarzida amalga oshiriladi.
1.7. Respublika va mahalliy budjetlar, shuningdek, konsolidatsiya budjetlarida hisobga olinadigan budjetdan tashqari fondlar mablagʻlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning joylardagi organlari tomonidan, zarurat boʻlganda, soliq va boshqa nazorat organlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.
1.8. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyati Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan faqat qoʻzgʻatilgan jinoiy ish boʻyicha tergov tartibida tekshiriladi va taftish qilinadi.
1.9. Xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish, shu jumladan, nazorat tariqasida tekshirish va taftish qilish faqat tegishli nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan attestatsiya natijalari boʻyicha va tekshirish huquqini beruvchi belgilangan namunadagi maxsus guvohnomalarga ega boʻlgan mansabdor shaxslarga ruxsat etiladi.
Tekshirish (nazorat qilish) faoliyatini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar tegishli nazorat organlari tomonidan xar yili qayta attestatsiyadan oʻtkazilishlari kerak.
1.10. Kichik va oʻrta biznes korxonalarining, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi aʼzolarining ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliya faoliyatlarini barcha tekshirishlar Palata va uning hududiy tuzilmalari yuridik xizmatlarining majburiy ishtirokida amalga oshiriladi.
II. XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNING MOLIYA-XOʻJALIK FAOLIYATINI TEKShIRISh VA TAFTISh QILISh TARTIBI
2.1. Quyidagilar xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tadbirkorlik tuzilmalari — yuridik shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirish va taftish qilish uchun asos boʻlib hisoblanadi:
Kengash yoki Kengashning tegishli hududiy komissiyasi tomonidan berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishni amalga oshiruvchi Kengash tomonidan tasdiqlangan muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirma;
tekshirishlarning maqsadi, oʻtkazish sanasi va tekshirishni amalga oshirish topshirilgan mansabdor shaxslarning tarkibi koʻrsatilgan soliq organining tekshirish (taftish) oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi;
respublika va mahalliy budjetlar, shuningdek, yigʻma budjetga hisobga olinadigan budjetdan tashqari fondlar mablagʻlari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasalar uchun — Moliya vazirining yoki tegishli mahalliy moliya organi rahbarining buyrugʻi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish soliq va moliya organlaridan tashqari boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan, qoidaga koʻra, rejali kompleks tekshirishlar doirasida amalga oshiriladi. Kengash qaroriga muvofiq chiqarilgan mazkur nazorat qiluvchi organing buyrugʻi nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlar uchun asos boʻlib hisoblanadi.
2.2. Tekshiriladigan obyektning nomi, tekshirish oʻtkazish maqsadi, muddatlari va uning oʻtkazilishini asoslovchi sabablar koʻrsatilgan Kengashning rejadan tashqari tekshirishlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek, tekshirishni amalga oshiruvchi tegishli nazorat organining mansabdor shaxslari tarkibi koʻrsatilgan buyrugʻi xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejadan tashqari tekshirishni oʻtkazish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
2.3. Belgilangan tartibda qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar Prokuratura, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
2.4. Budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga soliqlar hamda toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻla hajmda toʻlab turadigan, boshqa norma va qoidalarga rioya qiladigan, auditorlarning har yillik tegishli xulosalariga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish hamda taftish qilish nazorat organlari tomonidan, qoidaga koʻra, har ikki yilda koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi.
2.5. Nazorat organlari tomonidan moliya-xoʻjalik faoliyatini har qanday tekshirish va taftish qilish muddati 30 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas. Istisno hollarda bu muddat Kengash qaroriga koʻra uzaytirilishi mumkin.
2.6. Xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatdan qoʻshimcha, shuningdek, muqobil tekshirish va taftish qilishni oʻtkazish jinoiy ishlar boʻyicha tergov davomida yoki faqat Kengash qaroriga koʻra nazorat organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Gorizontal tekshirishlar va taftishlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarda muqobil tekshirishlarni oʻtkazishga esa faqat ularning tekshirish obyekti bilan oʻzaro munosabatlari doirasidagina yoʻl qoʻyiladi.
2.7. Tekshirishlar, shu jumladan, nazorat tekshirishlari va taftishlar natijalari dalolatnoma bilan, zarur hollarda esa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatma bilan ham rasmiylashtiriladi. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarning bir nusxasi majburiy tartibda tekshirish obyektida qoladi.
Dalolatnoma va koʻrsatmalarni rasmiylashtirish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2.8. Moliyaviy buzilishlar, shuningdek, suiisteʼmolliklar, oʻgʻirliklar aniqlangan hollarda, yetkazilgan zararlarning miqdoriga qarab, aybdor shaxslar belgilangan maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar yoki tekshirishlar materiallari oʻn kun muddatda tergov organlariga oshiriladi.
2.9. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini ichki idoraviy taftish qilish mustaqil auditorlik kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladigan faqat audit yordamida auditorlik tekshirishlarni oʻtkazish buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
2.10. Auditorlik tekshirishlarni oʻtkazish boʻyicha sarf-xarajatlar ana shu tekshirishlarni tayinlagan tashkilotlar hisobidan qoplanadi.
2.11. Yuridik shaxs boʻlmay turib tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyati oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha soliq va boshqa nazorat organlari tomonidan qonunchilik bilan belgilangan tartibda tekshiriladi.
III. XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNI MOLIYA-XOʻJALIK FAOLIYATNI TAFTISh QILISh BILAN BOGʻLIQ BOʻLMAGAN TEKShIRIShLAR
3.1. Yongʻin, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya xavfsizligi, energiya nazorati xizmati, tabiatni muhofaza qilish, karantin va oʻsimliklar himoyasi, tovarlarning ayrim turlari bilan savdo qilish qoidalariga rioya qilishni tekshirish va moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa tekshirishlar tegishli nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan, qoidaga koʻra, Kengash tomonidan tasdiqlangan muvofiqlashtiruvchi rejalar asosida soliq (moliya) organlari tomonidan oʻtkaziladigan ayni bir vaqtdagi rejali kompleks tekshirishlar davomida amalga oshiriladi.
3.2. Tekshirish davomida belgilangan normalar va qoidalar buzilganligi aniqlanganda yoxud belgilangan normalar va qoidalarga doimiy ravishda rioya qilish uchun yetarlicha shart-sharoitlar mavjud boʻlmaganda koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar tekshirish dalolatnomasida aks ettiriladi va xoʻjalik yurituvchi subyektga ularni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatma beriladi.
3.3. Tekshirish dalolatnomasida koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida berilgan koʻrsatmalarning xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qilish tegishli nazorat organlari tomonidan Kengashning hududiy komissiyalari bilan kelishilgan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
Nazorat tekshirishlari nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ularning vakolatlari doirasida Kengash yoki uning hududiy komissiyalari bilan kelishuv boʻyicha quyidagi hollarda ham amalga oshiriladi:
tegishli Hukumat qarorlari qabul qilinishi;
belgilangan normalar va qoidalar buzilganligi haqida nazorat organiga qoʻshimcha faktlar tushishi;
qonun hujjatlarida belgilangan favqulodda vaziyatlar paydo boʻlishi;
nazorat organlari faoliyati texnogen avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilganda;
sanitariya-epidemiologiya holatining murakkablashuvi, shuningdek, qoʻshni davlatlardan yuqumli kasalliklar keltirilishi va tarqatilishi ehtimoli paydo boʻlganda.
IV. TEKShIRIShLARNI OʻTKAZISh ChOGʻIDA XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLAR VA NAZORAT ORGANLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
4.1. Tekshirilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar quyidagi huquqlarga egadir:
ular faoliyati rejali tekshirilishi haqida tegishli axborotga ega boʻlish;
nazorat organlarining tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan Kengashning yoki uning hududiy komissiyalarining qarorini, tekshirishni, shu jumladan nazorat tekshirishlari va taftishlarni oʻtkazish uchun asos boʻlib hisoblangan boshqa hujjatlarni talab qilish, tekshiruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishish;
tekshirish, nazorat va taftish oʻtkazish uchun asosiy yoʻq shaxslarni tekshirishga, shu jumladan, nazorat tekshirishi yoki taftishga qoʻymaslik;
oʻtkazilgan tekshirish yoki taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning bir nusxasini tekshiruvchilardan olish;
tekshirish natijalari ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
4.2. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mansabdor shaxslari tekshiruvchining qonuni talabiga koʻra tekshirishni oʻtkazish uchun zarur materiallar va hujjatlarni taqdim etishga, tekshirish va nazorat buyumlari bilan tanishishga ruxsat berishga, tekshiruvchilarga oʻz vazifalarini bajarishda koʻmaklashishga majburdir.
4.3. Nazorat organlarining mansabdor shaxslari belgilangan vakolatlar doirasida quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qonunlar, farmonlar va boshqa qonun hujjatlari bajarilishini tekshirish, yuridik va jismoniy shaxslar moliya-xoʻjalik faoliyatining ayrim uchastkalarini tekshirish va oʻrganish;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan tekshirish oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlarni va boshqa axborotni talab qilish;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlariga oʻz vakolatlari doirasida aniqlangan buzishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etish uchun koʻrsatmalar berish, tekshirish dalolatnomasida aks ettirilgan aniqlangan kamchiliklar va buzishlar bartaraf etilishi ustidan nazorat qilish;
qonunda nazarda tutilgan hollarda xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻyish;
davlat hokimiyati va boshqaruvining tegishli organlari, korxonalarning mulkdorlari oldiga aybdor mansabdor shaxslarning maʼmuriy yoki boshqa javobgarligi toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa — maʼmuriy tanbehlar berish;
vazirliklar va idoralarning, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning malakali mutaxassislarini shartnoma asosida tekshirish materiallarini oʻrganib chiqishga belgilangan tartibda jalb qilish.
4.4. Nazorat organlari mansabdor shaxslarining qonuni talablari tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiydir.
4.5. Nazorat organlarining mansabdor shaxslari quyidagilarga majburdir:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarlariga tekshirishlarni, shu jumladan nazorat tekshirishlari va taftishlarini oʻtkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etish;
tekshirishlarni oʻtkazishda vakolatlar oshirib yuborilishiga, parallelizmga, bir-birini takrorlashga yoʻl qoʻymaslik;
oʻz xatti-harakatlari bilan tekshirishlarning borishiga, tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalari tomonidan joriy ishlab chiqarish, xoʻjalik faoliyati amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilmaslik;
davlat sirlari, tijorat siri va boshqa sirlarga rioya qilinishini taʼminlash;
oʻzganing mol-mulkini talon-toroj qilish, boshqa suiisteʼmollar va qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan hollarda tekshirish materiallarini huquqni muhofaza qilish organlariga berish, shuningdek aniqlangan suiisteʼmollar va qonunni buzishlar haqida tegishli davlat organlariga maʼlum qilish.
V. TEKShIRIShLAR OʻTKAZILIShI TARTIBIGA RIOYA ETILIShI UChUN JAVOBGARLIK
5.1. Tekshirishlar, shu jumladan xoʻjalik va tadbirkorlik tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat tartibida tekshirish va taftish qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik soliq va moliya organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi organlari hamda davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan boshqa organlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
5.2. Nazorat organlarining, shuningdek, tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi va tadbirkorlik tuzilmalarining tekshirishlar oʻtkazilishining belgilangan tartibini buzuvchi mansabdor shaxslari qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriy va boshqa javobgarlikka tortiladi.
5.3. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati ustidan nazorat qilish vakolati berilgan vazirliklar va idoralar tomonidan qonunlar, farmonlar va tekshirishlarni tartibga solish va ularning tashkil etilishini takomillashtirish toʻgʻrisidagi boshqa qonun hujjatlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, Kengashning taqdimnomalarini xoʻjalik yurituvchi subyektlarning nazorat organlari xodimlarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari haqidagi shikoyatlarini koʻrib chiqish va qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻrish Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi tomonidan taʼminlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.