Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
BITIM
Mahkumlarni topshirish toʻgʻrisida
Muqaddima
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
davlat suvereniteti, teng huquqlilik va Tomonlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplari asosida doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirishni va sud-huquq, xususan, mahkumlarni topshirish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni niyat qilib,
mahkumlar reabilitatsiyasini yengillashtirishni istab va
ushbu maqsadda jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan va hukm qilingan chet el fuqarosi boʻlgan mahkumlarga jazoni oʻz jamiyatida oʻtash imkoniyatini berish orqali erishish lozimligini hisobga olgan holda,
mahkumlarni topshirish toʻgʻrisida Bitim tuzishga qaror qilib, quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar.
1-modda
Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlarida:
a) “hukm” — sodir etilgan jinoyat uchun cheklangan yoki cheklanmagan muddatga ozodlikdan mahrum etish toʻgʻrisidagi sud qarorini anglatadi;
b) “mahkum” — hukm chiqarish Davlati hududida ozodlikdan mahrum etish tarzida jazolash toʻgʻrisidagi yakuniy hukmni oʻtayotgan shaxsni anglatadi;
c) “hukm chiqarish Davlati” — topshirilishi mumkin boʻlgan yoki topshirilgan shaxsga nisbatan hududida hukm chiqarilgan davlatni anglatadi;
d) “hukmni ijro etish Davlati” — mahkum jazoni oʻtashi uchun topshirilishi mumkin boʻlgan yoki topshirilgan davlatni anglatadi;
e) “fuqaro” — Tomonlardan birining fuqarosi boʻlgan shaxsni anglatadi;
f) “yaqin qarindoshlar” — har bir Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq yaqin qarindoshlar hisoblanuvchi shaxslarni anglatadi;
g) “mustahkam ijtimoiy aloqalar” — Tomonlarning hududida yaqin qarindoshlarining mavjudligi yoki muayyan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi kabi ijtimoiy va iqtisodiy aloqadorlik munosabatlarni anglatadi, hatto bunday mahkumning ushbu Tomon fuqaroligi boʻlmasa ham;
h) “qonuniy vakillar” — har bir Tomonning milliy qonunchiligi bilan belgilangan tartibga muvofiq shunday deb eʼtirof etilgan shaxslarni anglatadi.
2-modda
Umumiy qoidalar
1. Tomonlar mazkur Bitimning shartlari va qoidalariga muvofiq mahkumlarni topshirish bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha keng koʻlamli oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
2. Mazkur Bitim qoidalariga muvofiq Tomonlardan birining hududida hukm qilingan shaxs boshqa Tomon hududida hukmni ijro etish uchun topshirilishi mumkin.
3-modda
Markaziy organlar va aloqa vositalari
1. Tomonlarning mazkur Bitim qoidalari ijrosi uchun masʼul boʻlgan markaziy organlari quyidagilar hisoblanadi:
Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi,.
2. Tomonlardan biri oʻzining markaziy organini oʻzgartirgan hollarda, boshqa Tomon bunday oʻzgarishlar toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qilinadi.
3. Tomonlarning markaziy organlari bir-birlari bilan diplomatik kanallar orqali aloqa qiladilar. Markaziy organlar mazkur Bitimning amalga oshirilishini yengillashtirish maqsadida bir-birlari bilan faks, elektron pochta yoki boshqa tezkor aloqa vositalari orqali ham bevosita aloqa qilishlari mumkin, hujjatlarning asl nusxalari esa diplomatik kanallar orqali taqdim etilishi lozim.
4-modda
Topshirish shartlari
Mahkum mazkur Bitimga muvofiq quyidagi shartlar asosida topshirilishi mumkin:
a) basharti ushbu shaxs hukmni ijro etish Davlati fuqarosi boʻlsa yoki bunday fuqaroligi boʻlmagan holda, hukmni ijro etish Davlati bilan bogʻliq mustahkam ijtimoiy aloqalari mavjud boʻlsa;
b) basharti sud qarori yakuniy boʻlsa;
c) basharti topshirish toʻgʻrisidagi soʻrov kelib tushgan paytda mahkum tomonidan jazo muddatining oʻtalmay qolgan qismi toʻqqiz oydan kam boʻlmasa;
d) basharti mahkum topshirilishga rozilik bildirsa yoki uning yoshi yoki jismoniy yoxud ruhiy holatini eʼtiborga olib, ikki Davlatdan biri buni lozim deb topgan taqdirda, bunday rozilik qonuniy vakil tomonidan bildirilgan boʻlsa;
e) basharti hukm chiqarishga asos boʻlgan harakat yoki harakatsizlik hukmni ijro etish Davlati qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblansa yoki bunday qilmish uning hududida sodir etilgan taqdirda jinoyat hisoblansa; va
f) basharti hukm chiqarish va hukmni ijro etish Davlatlari topshirishga rozi boʻlsa.
5-modda
Maʼlumotlarni va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati
1. Hukm chiqarish Davlati hukmni ijro etish Davlatiga quyidagi maʼlumot va hujjatlarni taqdim etadi:
a) mahkumning ism-sharifi, tugʻilgan sanasi va joyi hamda uning hukmni ijro etish Davlatidagi yashash manzili, shuningdek, basharti mavjud boʻlsa, pasporti yoki boshqa har qanday shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi va barmoq izlari;
b) shaxsni hukm qilishga asos boʻlgan dalillarning bayoni;
c) jazoning xususiyati, muddati va ijro etilishi boshlangan sana;
d) hukmning tasdiqlangan nusxasi va mahkumga nisbatan hukm chiqarishga asos boʻlgan qonunning tegishli qoidalaridan koʻchirma;
e) mahkumning murojaatini koʻrib chiqish yoki uni qamoqda saqlash sharoitini belgilash uchun mahkumga oid tibbiy, ijtimoiy yoki boshqa har qanday xulosa;
f) mahkumning mazkur Bitimga muvofiq topshirilishining huquqiy oqibatlarini anglagan holda, bunga roziligini yozma ravishda berganligini tasdiqlovchi hujjat;
g) mahkumning yoki hukm chiqarish Davlatining qonunchiligiga muvofiq uning nomidan harakat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxsning topshirish toʻgʻrisidagi arizasi;
h) jazoning oʻtalgan qismi, shu jumladan, qoʻllanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi, javobgarlikdan ozod qilinishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki sud hukmini ijroga qaratish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa har qanday maʼlumotlarni koʻrsatuvchi hujjat; va
i) hukm chiqarish Davlati tomonidan hukmni ijro etish Davlatiga taqdim etiladigan mahkumni topshirishga rozilik haqidagi hujjat;
j) hukmni ijro etish Davlati qaror qabul qilish uchun lozim deb topishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa maʼlumot yoki hujjat.
2. Hukmni ijro etish Davlati hukm chiqarish Davlatiga quyidagi maʼlumot va hujjatlarni taqdim etadi:
a) mahkumning hukmni ijro etish Davlati fuqarosi ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
b) hukm chiqarish Davlatida hukm chiqarishga sabab boʻlgan harakat yoki harakatsizlik hukmni ijro etish Davlatining qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblansa yoki bunday qilmish uning hududida sodir etilgan taqdirda, jinoyat hisoblanishini nazarda tutuvchi hukmni ijro etish Davlatining tegishli qonuni nusxasi;
c) mahkum topshirilgandan keyin hukmni ijro etish Davlatida hukmning muddati va ijro etilishiga har qanday qonun yoki qarorning, shu jumladan, basharti qoʻllanilishi mumkin boʻlsa, mazkur Bitimning 13-moddasi 2-bandining taʼsiri toʻgʻrisidagi bayonot;
d) hukm chiqarish Davlati qaror qabul qilish uchun lozim deb topishi mumkin boʻlgan har qanday qoʻshimcha maʼlumot yoki hujjat.
6-modda
Soʻrovlar, javoblar va zarur hujjatlar
1. Topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovlar va ularga javoblar yozma ravishda tuzilgan boʻlishi lozim.
2. Mazkur Bitim maqsadlarida bir Tomonning markaziy organi tomonidan imzo va rasmiy muhr bilan tasdiqlangan har qanday hujjat boshqa Tomon hududida apostil qoʻyish yoki haqiqiyligini boshqacha tartibda tasdiqlash talabisiz foydalaniladi.
7-modda
Topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovni rad etish
1. Quyidagi hollarda topshirish toʻgʻrisidagi soʻrov rad etiladi, basharti:
a) mazkur Bitimning 4-moddasida koʻrsatib oʻtilgan talablar bajarilmagan boʻlsa;
b) Tomonlardan biri bunday topshirish uning suvereniteti, xavfsizligi yoki jamoat tartibiga zarar yetkazishi yoki milliy qonunchilik qoidalariga zid deb hisoblasa;
c) mahkum hukm chiqarish Davlati hududida jinoyat protsessida ishtirok etayotgan boʻlsa;
d) hukmni ijro etish Davlatida javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketgan boʻlsa yoki ushbu Davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha jazoning ijrosini amalga oshirish mumkin boʻlmasa.
2. Har bir Tomon boshqa Tomon yuborgan topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovni qanoatlantirish yoki rad etishni oʻz ixtiyoriga koʻra belgilashi mumkin, ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Tomonlar bir-birlarini topshirish toʻgʻrisidagi soʻrovni qanoatlantirish yoki rad etish yuzasidan qabul qilgan qarori va bunga asoslar haqida darhol xabardor qiladilar.
8-modda
Rozilik va uni tekshirish
1. Hukm chiqarish Davlati mazkur Bitimning 4-moddasiga muvofiq topshirilishga rozilik berishi talab qilinayotgan shaxs buni ixtiyoriy ravishda va huquqiy oqibatlarini toʻliq anglab yetgan holda amalga oshirishini taʼminlaydi.
2. Hukm chiqarish Davlati hukmni ijro etish Davlatiga vakolatli shaxs yoki hukmni ijro etish Davlati bilan kelishilgan boshqa mansabdor shaxs orqali 1-bandda bayon etilgan shartlarga muvofiq rozilik berilganligiga ishonch hosil qilish imkoniyatini taqdim etishi lozim.
9-modda
Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish
Tomonlar mazkur Bitim qoidalarini bajarish davomida olingan maʼlumotlarning himoyasi uchun masʼuldirlar. Bunday maʼlumotlar uchinchi tomonga faqatgina markaziy organlarning yozma roziligi bilan berilishi mumkin. Ushbu majburiyat mazkur Bitim oʻz kuchini yoʻqotgandan keyin ham amal qiladi.
10-modda
Mahkumni topshirish
Topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvga erishilgandan soʻng, Tomonlar mahkumni topshirish vaqti, joyi va boshqa tartiblar toʻgʻrisida oʻzaro kelishib oladilar.
11-modda
Hukm chiqarish Davlati uchun topshirishning oqibati
1. Mahkumning hukmni ijro etish Davlatining vakolatli organlari tomonidan qabul qilib olinishi jazo ijrosini hukm chiqarish Davlatida toʻxtatib turishga olib keladi.
2. Basharti hukmni ijro etish Davlati hukmning ijrosi yakunlangan deb hisoblasa, hukm chiqarish Davlati hukmning ijro etilishini davom ettira olmaydi.
12-modda
Hukmni ijro etish Davlati uchun topshirishning oqibati
1. Hukmni ijro etish Davlatining vakolatli organi mahkum topshirilgandan soʻng hukmning ijrosini davom ettiradi.
2. Mahkum aynan bir jinoyat uchun qayta sudlanishi yoki hukm qilinishi mumkin emas.
13-modda
Hukmning ijro etilishini davom ettirish
1. Hukmni ijro etish Davlati oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq:
a) hukm chiqarish Davlatining hukmini ijro etishni darhol davom ettiradi, yoki
b) hukmni sud yoki maʼmuriy tartibda ushbu Davlat qaroriga oʻzgartiradi, bunda hukm chiqarish Davlatida tayinlangan jazoni hukmni ijro etish Davlati qonunida aynan shunday jinoyat uchun nazarda tutilgan jazo chorasiga almashtiradi.
2. Jazo xususiyati va muddati boʻyicha hukm chiqarish Davlatining hukmiga imkon qadar mos kelishi, hukm chiqarish Davlati tomonidan tayinlangan jazoga nisbatan ogʻirroq boʻlmasligi va hukmni ijro etish Davlati qonunchiligida belgilangan jazoning eng koʻp muddatidan oshmasligi lozim;
3. Jazoning hukm chiqarish Davlati hududida oʻtalgan qismi jazoning umumiy muddatiga qoʻshib hisoblanishi lozim.
14-modda
Afv etish, amnistiya va jazoni yengillashtirish
Tomonlarning har biri oʻzining qonunchiligi va boshqa tartibotlariga binoan afv etishi, amnistiya qoʻllashi, tayinlangan jazoni yengillashtirishi yoki jazodan ozod qilishning boshqa turlarini qoʻllashi mumkin.
15-modda
Hukmni qayta koʻrib chiqish
Hukmni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi har qanday iltimosnoma boʻyicha qaror qabul qilishga faqatgina hukm chiqarish Davlati haqli hisoblanadi.
16-modda
Hukmni ijro etishning tugatilishi
Hukm chiqarish Davlati tomonidan hukm ijrosini bekor qiladigan har qanday qaror va choralar toʻgʻrisida xabar berilishi bilan hukmni ijro etish Davlati hukmning ijro etilishini darhol tugatadi.
17-modda
Hukmni ijro etish toʻgʻrisida axborot
Hukmni ijro etish Davlati hukm chiqarish Davlatiga hukmning ijro etilishi toʻgʻrisidagi xabarni taqdim etadi:
a) basharti hukmning ijro etilishini tugallangan deb hisoblasa;
b) basharti mahkum hukm ijro etilishi tugashidan avval qochib ketsa yoki vafot etsa;
c) basharti hukm chiqarish Davlati maxsus hisobot talab qilsa.
18-modda
Tranzit
1. Bir Tomon uchinchi davlat bilan hamkorlikda boshqa Tomon hududi orqali tranzit yoʻli bilan mahkumni oʻtkazganda birinchi Tomon ikkinchi Tomondan bunday tranzit uchun ruxsat soʻraydi.
2. Tranzit tashish havo kemasida amalga oshirilayotgan va boshqa Tomon hududida qoʻnish rejalashtirilmagan boʻlsa, tranzit uchun bunday rozilik talab qilinmaydi.
3. Soʻralayotgan Tomon oʻzining milliy qonunchiligiga zid kelmagan taqdirda, soʻrayotgan Tomonning tranzitiga oid soʻrovini qanoatlantiradi.
19-modda
Til
Mahkumni topshirish boʻyicha barcha maʼlumotlar va soʻrovlar murojaat qilinayotgan Tomonning davlat tilida taqdim etilishi lozim.
20-modda
Xarajatlar
1. Hukm chiqarish Davlati hududida yuzaga keladigan xarajatlar ushbu Davlat tomonidan qoplanadi. Mahkumni topshirish boʻyicha yuzaga keladigan boshqa har qanday xarajatlar hukmni ijro etish Davlati tomonidan qoplanadi.
2. Tranzit olib oʻtish bilan bogʻliq xarajatlarni tranzit olib oʻtishga soʻrov bergan Tomon qoplaydi.
21-modda
Bitimning vaqt boʻyicha qoʻllanishi
Mazkur Bitim qoidalari uning kuchga kirguniga qadar yoki keyin chiqarilgan hukmlarga nisbatan qoʻllaniladi.
22-modda
Nizolarni hal qilish
Mazkur Bitimni qoʻllash va talqin qilishda yuzaga keladigan nizolar markaziy organlar tomonidan maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
23-modda
Oʻzgartirishlar
Mazkur Bitimga har qanday vaqtda Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Barcha oʻzgartirishlar 24-moddada nazarda tutilgan tartibga muvofiq kuchga kiradi.
24-modda
Ratifikatsiya va kuchga kirishi
1. Mazkur Bitim ratifikatsiya qilinadi va diplomatik kanallar orqali uning ratifikatsiya qilinganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olinganidan soʻng oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan birining diplomatik kanallar orqali boshqa Tomondan Bitimni tugatish haqida yozma xabarnoma olgan kunidan boshlab olti oy oʻtguniga qadar oʻz kuchida qoladi.
3. Mazkur Bitim kuchga kirgan sanadan eʼtiboran 1994-yil 23-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Jumhuriyati oʻrtasida fuqarolik, savdo va jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi Shartnomaning “Hukm qilingan shaxslarni topshirish” nomli 8-bobi oʻz kuchini yoʻqotadi.
Shunga guvohlik berib, tegishli tartibda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2022-yil 29-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi. Mazkur Bitim matnlarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)