Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKNEFTGAZ” KORPORATSIYASI MARKAZIY APPARATI TARKIBIDA SHOʻRTAN GAZ-KIMYO KOMPLEKSI QURILISHI BOSHQARMASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir shakllangan ilgʻor tajribani hisobga olib, Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining texnologiya va umumzavod qismi qurilishini samarali tashkil etish hamda ishlarning butun kompleksi bajarilishi ustidan amaliy nazoratni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi rahbariyatiga (Q. J. Haqqulov) Shoʻrtan gaz-kimyo qurilishi boshqarmasi tuzilmasini shakllantirishda ular tomonidan jiddiy xatolarga yoʻl qoʻyilgani koʻrsatib oʻtilsin.
“Oʻzbeknaftgaz” korporatsiyasi Qashqadaryo viloyatining Shoʻrtan posyolkasidagi Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi qurilishi direksiyasini belgilangan tartibda tugatsin.
2. Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi qurilishi boshqarmasi sxemasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasining korporatsiya markaziy apparati tarkibida Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi qurilishi boshqarmasini (keyingi oʻrinlarda Boshqarma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qiinsin.
Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifasi etib belgilansin:
loyiha-smeta hujjatlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, kompleksning texnologiya va umumzavod qismlari chegarasida loyiha yechimlari birgalikda amalga oshirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
loyihani mablagʻ bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirish, kredit bitimlari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
tayyorlanadigan texnologik asbob-uskunalarning ishonchliligi va standartlarga muvofiqligini loyihani boshqarish boʻyicha mustaqil xorijiy maslahatchi bilan birgalikda tekshirish, yetkazib berilayotgan asbob-uskunalar va materiallarni tekshirishda va qabul qilishda qatnashish;
pudrat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, qurilish-montaj ishlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazorat qilish;
kompleksning texnologiya qurilmalari va energiya taʼminoti qurilmalarini rejalashtirish va ular foydalanishga topshirilishini muvofiqlashtirish, kompleks obyektlarini pudrat tashkilotlardan qabul qilib olish uchun ishchi komissiyalar tayinlash.
4. Boshqarmaning tuzilmasi va shtat jadvali 2, 3-ilovalarga* muvofiq 47 nafardan iborat etib tasdiqlansin.
* 2 va 3-ilovalar berilmaydi.
Belgilansinki, Boshqarma xarajatlari Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi qurilishining smeta hisob-kitoblarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi qurilishini jadallashtirish toʻgʻrisida” 1997-yil 6-noyabrdagi 505-son qarorining:
3-bandi uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“respublika qurilish tashkilotlari subpudratchilar sifatida jalb qilingan holda “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasining “Oʻzbekneftgazqurilish” birlashmasi va “Oʻzsuvqurilish” konserni kompleks qurilishi boʻyicha bosh pudratchilar, texnologiya qismidan, shuningdek tashqi energiya taʼminoti va temir yoʻl transporti obyektlaridan tashqari”;
7-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 13-iyun,
249-son