Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Lazgi va Avesto” muzeyi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizdagi muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan “Xorazm lazgi raqsi” sanʼati hamda Avesto merosi tarixini oʻrganish va targʻib qilish, shuningdek, noyob eksponatlarni namoyish etish orqali fuqarolarda, ayniqsa, yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bebaho tarixiy va madaniy merosga hurmat, gʻurur va iftixor, Vatanga sadoqat va muhabbat tuygʻularini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Madaniy meros agentligi va Xorazm viloyati hokimligining Urganch shahri Xonqa koʻchasi 7-uy manzilidagi binoda “Lazgi va Avesto” muzeyini (keyingi oʻrinlarda — muzey) Oʻzbekiston zamonaviy sanʼat muzeyining filiali sifatida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Muzeyning asosiy vazifalari etib belgilansin:
muzeyda xalqimizning boy madaniy merosini, uning insoniyat tarixidagi rolini haqqoniy yoritish;
muzey fondida saqlanayotgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini asrab-avaylash, boyitib borish, namoyish etish, dunyo jamoatchiligiga tanitish va targʻib etish;
muzeydagi noyob eksponatlar orqali fuqarolarni, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bebaho tarixiy va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda gʻurur va iftixor, Vatanga sadoqat va muhabbat tuygʻularini kuchaytirish;
muzey ekspozitsiyalarini tashkil etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish;
jahon muzeyshunosligi tajribasidan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, muzeylar bilan koʻrgazmalar tashkil etish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash.
3. Quyidagilar muzey faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Xorazm viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari;
oʻz faoliyatidan tushadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
muzeyni saqlash, shu jumladan, xodimlar mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yilda Xorazm viloyati mahalliy budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2027-yildan boshlab esa Xorazm viloyati mahalliy budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Muzeyga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlar mehnatiga haq toʻlash Madaniy meros agentligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Xorazm viloyati hokimligi 2026-yil 1-iyulga qadar muzey binosida taʼmirlash ishlarini yakunlash, ekspozitsiya yaratish, moddiy-texnik bazani takomillashtirish hamda muzeyni foydalanishga topshirish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
6. Madaniy meros agentligi Xorazm viloyati hokimligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
muzeyning shtatlar jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash hamda uni malakali kadrlar bilan toʻldirish;
muzeyga mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb etish;
muzeyga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, muzey fondi hamda ekspozitsiyasini tegishli muzey ashyolari bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ommaviy axborot vositalarida muzey faoliyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan davlat muzeylari, ularning filial va boʻlimlari roʻyxatiga ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktori B.G. Abdikarimov hamda Xorazm viloyati hokimi J.R. Raximov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-may,
241-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-maydagi 241-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan davlat muzeylari, ularning filial va boʻlimlari roʻyxatiga kiritilayotgan oʻzgartirish
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan muzeylar” boʻlimining 21-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ | ||
21. | Oʻzbekiston zamonaviy sanʼati muzeyi va uning quyidagi filiallari: | Urganch shahri |
“Xorazm tarixi va madaniyati” muzeyi* | Urganch shahri | |
Komiljon Otaniyozov uy-muzeyi | Urganch shahri | |
Urganch shahar tarixi muzeyi | Urganch shahri | |
“Lazgi va Avesto” muzeyi* | Urganch shahri | |
”. |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2026-y., 09/26/241/0483-son)