Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy
banki Boshqaruvi tomonidan
1998-yil 5-sentabr, 231-son
“TASDIQLANGAN”
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN NOREZIDENTLARNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY VALYUTASIDAGI HISOBVARAQLARINI YuRITISh
tartibi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 22-oktabrda 510-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur tartib Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 29-avgustdagi 18/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3281, 31.08.2020-y.) asosan 2020-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 40-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari tomonidan norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutadagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlarini yuritishning quyidagi tartibini belgilaydi. Norezidentlarga hisobvaraqlarni ochish Markaziy bankning “Oʻzbekiston Respublikasining banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomasi bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
1.2. Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutadagi hisobvaraqlari yuridik va jismoniy shaxslar ― norezidentlarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari bilan tegishli bitimlarni tuzgan xorijiy banklarga ochiladi.
2. Yuridik shaxslar ― norezidentlarning milliy valyutadagi hisobvaraqlari
2.1. Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi hisobvaraqlar quyidagi yuridik shaxslar ― norezidentlarga ochiladi:
Oʻzbekiston Respublikasida turgan, immunitet hamda diplomatik imtiyozlardan foydalanadigan chet el diplomatik va boshqa rasmiy vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar hamda ularning filiallari, shuningdek xorijiy tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasida xoʻjalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shugʻullanmaydigan vakolatxonalariga;
tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilarga;
tashkil etilgan savdolarda jamiyatlarning aksiyalarini sotib olishni (sotishni) amalga oshiruvchilarga;
Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiradiganlarga.
2.2. Yuridik shaxslar ― norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutadagi hisobvaraqlariga quyidagilar oʻtkazilishi mumkin:
qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi ichki valyuta bozorida xorijiy valyutani sotishdan olingan tushum;
Oʻzbekiston Respublikasining hududida qonuniy asoslarda olingan konsullik yigʻimlari va boshqa summalar;
xorijdagi bosh tashkilotdan Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi xorijiy banklarning “loro” hisobvaraqlaridan kelib tushgan summalar;
xayriya va moliyaviy yordam tarzida tushadigan summalar;
vakolatxona tashkil etgan yuridik shaxs ― norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsion faoliyati natijasida olingan dividendlari va boshqa daromadlari;
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilab berilgan boshqa holatlarda.
2.3. Norezidentlarning hisobvaraqlaridagi Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi mablagʻlardan hisobvaraq egasining farmoyishiga koʻra ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlab turish uchun joriy xarajatlarni (ijara toʻlovlarini; kommunal va boshqa shunga oʻxshash xizmatlar uchun toʻlovlarni toʻlashda; kundalik faoliyatni taʼminlash uchun tovar-moddiy boyliklarni sotib olishni; aloqa kanallari ijara haqini toʻlashni; yuklarni, pochta joʻnatmalarini va davriy nashrlarni joʻnatish va yetkazib berish xarajatlarini toʻlashni; mehnat shartnomalari boʻyicha xodimlarga ish haqi va boshqa mukofot pullarini toʻlashni; xodimlarning xizmat safari xarajatlarini; sugʻurtaning majburiy va ixtiyoriy turlari boʻyicha sugʻurta badallarini oʻtkazishni; baxtsiz hodisalar yuz berganda yoki kasallik holatlarida xodimlarni davolanish xarajatlarini toʻlashni) toʻlashda, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga koʻra boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
2.4. Yuridik shaxslar ― norezidentlarning hisobvaraqlaridan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutadagi naqd pul mablagʻlari mehnat shartnomalari boʻyicha xodimlarga ish haqi va boshqa toʻlovlarni toʻlash, xodimlarning xizmat safari xarajatlarini toʻlash uchun zarur miqdorda, shuningdek, yuridik shaxslar ― norezidentlar uchun belgilangan tartibda boshqa maqsadlarda olinishi mumkin. Norezidentning kassa limiti xizmat koʻrsatayotgan tijorat banki tomonidan hisobvaraq egasining roziligi bilan belgilanadi. Norezidentning vakolatxonalari va filiallari Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun belgilangan kassa operatsiyalarini yuritish tartibiga rioya qilishi shart.
3. Jismoniy shaxslar ― norezidentlarning milliy valyutadagi hisobvaraqlari
3.1. Jismoniy shaxslar ― norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi hisobvaraqlari Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan xorijiy fuqarolar uchun ochiladi.
Ushbu hisobvaraqlarga ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirgan, amaldagi tartibga muvofiq chet el valyutasini ayirboshlash shaxobchalari orqali milliy valyutaga ayirboshlangan mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda olingan boshqa summalar kiritilishi mumkin.
3.2. Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi mablagʻlar jismoniy shaxs ― norezidentning respublika hududida yashab turgan vaqtidagi joriy xarajatlarini toʻlash uchun sarflanishi mumkin.
4. Xorijiy banklarning “loro” vakillik milliy valyutadagi hisobvaraqlari
4.1. Xorijiy valyutada operatsiyalarni oʻtkazish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan xorijiy banklar Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida “loro” vakillik hisobvaraqlarini ochishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari vakillik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida tuziladigan bitimlar asosida xorijiy banklarga Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi vakillik hisobvaraqlarini ochadilar.
4.2. Vakillik hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatish tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda, chet el banklari bilan tuzilgan bitimlarning shartlarida koʻzda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
4.3. Chet el banklarining vakillik hisobvaraqlariga Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi quyidagi mablagʻlar oʻtkazilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali va Oʻzbekiston respublika valyuta birjasida xorijiy valyutani sotishdan tushgan mablagʻlar;
agar kontraktlarning shartlarida hisob-kitoblarni soʻmda amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlsa, tovarlar yetkazib berish yoki xizmatlar koʻrsatish uchun import kontraktlari boʻyicha olingan mablagʻlar (bunda Oʻzbekiston Respublikasining importchi ― rezidentiga xizmat koʻrsatayotgan bank xorijiy bankning vakillik hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻtkazish uchun toʻlov hujjatida toʻlovning maqsadini, tuzilgan kontraktning raqamini koʻrsatadi);
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa joriy xalqaro operatsiyalardan olingan mablagʻlar.
4.4. Xorijiy banklarning vakillik hisobvaraqlariga oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi mablagʻlardan quyidagi tarzda foydalanilishi mumkin:
tovar-xomashyo va agrosanoat birjalarida tuziladigan eksport kontraktlari boʻyicha olib chiqiladigan tovarlar haqini toʻlash tarzida;
norezidentlar tomonidan pul joʻnatmalari, ijtimoiy ahamiyatdagi toʻlovlar va transfertlar tarzida belgilangan tartibda tushgan mablagʻlar tarzida;
korxonaning ustav sarmoyasini shakllantirish uchun;
yuridik shaxslar ― norezidentlarning vakolatxonalari va filiallari hisobvaragʻiga keyinchalik ushbu Tartibning 2.3 va 2.4-bandlariga muvofiq foydalanish bilan oʻtkazish uchun;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun.
4.5. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlarining topshirigʻiga koʻra xorijiy banklarning vakillik hisobvaraqlaridan mablagʻlarni olish taqiqlanadi.
4.6. Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida xorijiy banklarning “loro” hisobvaraqlari oʻrtasida harakat qilish, koʻrsatilgan hisobvaraqlardan mablagʻlarni depozitga oʻtkazish, shuningdek, kreditlar berish va olish taqiqlanadi.
4.7. Xorijiy bankka vakillik hisobvaragʻini ochgan tijorat banki uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy bankiga vakillik bank toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xabar qilishi shart.
4.8. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida “loro” hisobvaraqlarini ochgan xorijiy banklarga nisbatan talablarni belgilashga haqlidir.
4.9. Tijorat banklari xorijiy banklar tomonidan ochilgan vakillik hisobvaraqlari boʻyicha mablagʻlarning harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan shakl va muddatlarda taqdim etadilar.
5. Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan norezidentlarning milliy valyutadagi hisobvaraqlari
5.1. Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan norezidentlarning milliy valyutadagi mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tijorat banklarida ochilgan hisobvaraqlarda saqlanadi hamda ular tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq ishlatiladi.
5.2. Mazkur hisobvaraqlarga quyidagi mablagʻlar kiritilishi mumkin:
tovarlarni realizatsiya qilish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish)dan va doimiy muassasaning Oʻzbekiston Respublikasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa faoliyat yuritishdan olgan mablagʻlari;
doimiy muassasaning Oʻzbekiston Respublikasining boshqa banklarida ochilgan hisobvaraqlaridan oʻtkazilgan summalar;
tijorat banklariga chet el valyutasini sotishdan olingan summalar;
doimiy muassasani tashkil qilgan norezidentning tovar-xomashyo birjalari hisob-kliring palatalaridagi hisobvaraqlaridagi mablagʻlar;
doimiy muassasa tashkil etgan yuridik shaxs ― norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsion faoliyati natijasida olingan dividendlari va boshqa daromadlari.
5.3. Mazkur hisobvaraqlarda hisobda turgan mablagʻlar hisobvaraq egasining farmoyishiga binoan:
qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashga ishlatilishi;
hisobvaraq egasining Oʻzbekiston Respublikasining boshqa banklarida ochilgan hisobvaraqlariga oʻtkazilishi;
chet el valyutasini xarid qilish uchun;
xarajatlarni toʻlashga ishlatilishi, shuningdek mazkur Tartibning 2.3-bandida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
6. Tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchi va uyushgan savdolarda jamiyat aksiyalarini sotib olishni (sotishni) amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi hisobvaraqlari
6.1. Tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchi va uyushgan savdolarda jamiyat aksiyalarni sotib olishni (sotishni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar ― norezidentlarning milliy valyutasidagi mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida ochilgan hisobvaraqlarda saqlanadi.
6.2. Mazkur hisobvaraqlarga quyidagi mablagʻlar kiritilishi mumkin:
Tovar-xomashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida mahsulotlarni sotishdan olingan mablagʻlar;
uyushgan savdolarda aksiyalarni sotib olishdan (sotishdan) tushgan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
6.3. Mazkur hisobvaraqlarda hisobda turgan mablagʻlar hisobvaraq egasining farmoyishiga binoan:
chet el valyutasini xarid qilish uchun ishlatilishi;
tovar-xomashyo birjalari hisob-kliring palatalarida ochilgan hisobvaraqlariga qaya oʻtkazilishi mumkin.
6.4. Amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tijorat banklari mazkur Tartib talablariga muvofiq kelishi ustidan nazorat qiladilar.