Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASI TARIX INSTITUTI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixini xolisona oʻrganishning ilmiy asoslarini shakllantirish, tadqiqotlarni zamonaviy talablar darajasiga koʻtarish, Oʻzbekiston tarixi boʻyicha salohiyatli yetuk tarixchilar ilmiy maktabini yaratish, Vatanimizning boy va rang-barang tarixini tiklash, uning negizida xalqimiz, ayniqsa yosh avlod tafakkurida haqqoniy tarixni idrok etish hamda tarixiy xotira tuygʻusini tarbiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi haqqoniy tarixini oʻrganish, mamlakatimiz va chet ellarda mavjud tarixiy manbalar tahlili asosida olingan ilmiy natijalarning jahon miqyosidagi eʼtirofiga erishishi, ularga tayangan holda ilmiy, ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar, turli adabiyotlar yaratish va mazkur bilimlarni keng yoyish hamda tarix sohasida yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti faoliyatining bosh maqsadi deb belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Institut xodimlarining umumiy soni 100 nafardan iborat etib belgilansin.
Fanlar akademiyasiga xodimlarning tasdiqlangan soni va belgilangan mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Tarix instituti tuzilmasiga oʻzgartirish kiritishga ruxsat berilsin.
3. Quyidagilar Tarix institutining asosiy vazifalari deb hisoblansin:
Oʻzbekiston hududida ilk davlatchilik asoslari yuzaga keltirgan tarixiy shart-sharoitlar va davlatning kelib chiqishi masalasini atroflicha tadqiq etish va aniqlash;
oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi, oʻzbek xalqi etnogenezi hamda ushbu muammolar boʻyicha arxeologik va barcha turdagi yozma manbalar tadqiqotlari natijalarini jamlash, har tomonlama ilmiy-qiyosiy tahlil qilish va muvofiqlashtirish;
eng qadimdan hozirga qadar davlatchilik tarixiy bosqichlarida hududimizda yashagan xalqlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼnaviy hayoti masalalarini oʻrganish, xolisona tadqiqotlar natijalari asosida ilmiy, ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar yaratish hamda Oʻzbekiston tarixiy Atlasini tayyorlash;
mamlakatimiz va chet el olimlarining eng qadimdan hozirgi kungacha oʻzbek xalqi tarixi boʻyicha amalga oshirgan tadqiqotlarini tahlil qilish asosida ularning batafsil bibliografiyasini va ilmiy tarixshunosligini yaratish;
oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixiga oid tadqiqotlarni olib borishda, ularni ommalashtirishda bir yoqlama yondashuvga, oʻtmishni soxtalashtirishga, mustamlakachilik mafkurasi aqidalariga yoʻl qoʻymaslik hamda eski gʻoyaviy andozalardan holi boʻlgan, zamonaviy ilmiy tafakkur asoslarini oʻzida mujassam etgan, tarix ilmining istiqlolga xos falsafasini oʻzlashtirgan tarixchi-olimlarning yangi avlodini tarbiyalash;
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablariga muvofiq mamlakatimizda oliy taʼlim tizimining tarixga taalluqli yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar, ayniqsa magistrlar tayyorlashda faol ishtirok etish. Bu borada oliy taʼlim muassasalari bilan bevosita ilmiy va ijodiy hamkorlik oʻrnatish, ularda pedagogik va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini uygʻunlashtirish masalalariga alohida eʼtibor berish;
chet el ilmiy markazlari bilan nazariy hamda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, ilmiy anjumanlar, barcha shakldagi ilmiy muhokama, munozara, fikr almashuv tadbirlarini tashkil etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:
Tarix institutining vazifalaridan kelib chiqib ikki hafta muddatda uning Nizomi hamda shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki hafta muddatda oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi boʻyicha tadqiqotlarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin, Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Tarix institutining ilmiy yoʻnalishlar mavzularini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda Tarix institutining barcha ilmiy xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazsin;
bir oy muddatda akademiyaning Qoraqalpogʻiston, Samarqand boʻlimlari, Xorazm Maʼmun Akademiyasining asosiy ilmiy yoʻnalishlari dasturini oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixini tadqiq etish vazifasiga muvofiq qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Tarix institutining ilmiy salohiyatini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda uning tarkibini yosh, zamonaviy fikrlovchi isteʼdodli olimlar bilan kuchaytirsin;
har olti oyda akademik Yahyo Gʻulomov nomidagi “Oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixi” Respublika ilmiy seminarini tashkil etsin. Seminarlar ishlarini muvofiqlashtirib borish maqsadida uning ilmiy kengashini tuzsin. Seminarning ilmiy majlislari respublikaning barcha viloyatlarida muntazam oʻtkazilishini hisobga olgan holda, uning bosqichma-bosqich dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Seminar materiallarini muntazam toʻplam sifatida nashr etish masalasini hal etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻz tasarrufidagi ilmiy muassasalarning, shuningdek, respublika tarix fani boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan boshqa ilmiy va taʼlim muassasalarining izlanishlarini muvofiqlashtirib borishni hamda ularning uzviy hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi bilan birgalikda Vatanimiz tarixining dolzarb masalalarini yorituvchi davriy toʻplam va “Oʻzbekiston tarixi” ilmiy jurnalini bir oy muddatda tashkil etsin. Shuningdek, ilmiy-ommabop tarixiy risolalar turkumini nashr etishni nazarda tutsin;
Tarix institutini zamonaviy kompyuter, nusxa koʻchirish texnikalari va axborot sohasidagi boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash masalasini hal qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda respublikadagi mavjud barcha tarixiy muzeylar ilmiy-tadqiqot ishlarini ushbu qarordan kelib chiqqan holda Tarix instituti faoliyatiga muvofiqlashtirish dasturini ishlab chiqsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 1998-yil 1-sentabrga qadar Toshkent davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va boshqa oliy taʼlim muassasalarining tarix fakultetlarida kadrlar tayyorlash oʻquv reja va dasturlarini qayta koʻrib chiqib, ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 1998/99 oʻquv yili davomida Buxoro, Urganch va Toshkent shaharlarida tarix fani boʻyicha ixtisoslashtirilgan maxsus maktablar tashkil etsin. Ushbu maktablarning oʻquv jarayoniga oliy oʻquv yurtlari pedagoglari va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mutaxassislari jalb qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi Davlat matbuot qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi haqidagi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlash hamda nashr etish dasturini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda amalga oshirsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Oʻzbek xalqi tarixi boʻyicha dissertatsiya ishlariga talabni kuchaytirsin, bunda birlamchi tarixiy manbalardan foydalanish asosiy talablardan biri deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni arxivi va “Oʻzbosharxiv” Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, mazkur qaror doirasida faoliyat koʻrsatayotgan ilmiy tuzilmalar xodimlari uchun zarur tarixiy hujjatlardan foydalanishga imkoniyat yaratsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi Fanlar akademiyasi Tarix institutining yangi tuzilmasiga muvofiq xarajatlarni qoplash, zarur moddiy-texnikaviy ashyolar bilan taʼminlash, Fanlar akademiyasi yoʻllanmasi bilan mutaxassislarning respublikamiz va chet ellar boʻylab ilmiy ekspeditsiyalarini tashkil etish, xodimlarning xorijiy ilmiy markazlarda ishlashi, u yerdagi tarixiy manbalardan foydalanish hamda Fanlar akademiyasi fondiga qadimiy tarixiy manbalarning asl nusxalarini xarid qilish uchun Fanlar akademiyasining hisob-kitobi asosida Tarix instituti 1999-yilda va kelgusi yillarda mablagʻ bilan taʼminlansin.
Tarix institutining ilmiy-tadqiqot ishlari uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash 1998-yilda Fan va texnika davlat qoʻmitasining zaxira mablagʻlari doirasida amalga oshirilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-iyul,
315-son
Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi tarix institutining
tuzilmasi
Jami: 100 kishi.