Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IMPORTNING OʻRNINI BOSUVChI BIR MARTA FOYDALANILADIGAN TIBBIY INFUZIYA TIZIMLARI IShLAB ChIQARIShINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining hayotiy zarur tibbiy buyumlarga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash hamda respublikada infuziya va transfuziya tizimlarining oʻz ishlab chiqarishini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzfarmsanoat” davlat konserni takliflari asosida “Mediz” qoʻshma korxonasi boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlarida yiliga 10 mln. dona infuziya va tansfuziya tizimlari chiqarish quvvatiga ega boʻlgan ishlab chiqarish tashkil etishi;
loyihani amalga oshirish maqsadida “Oʻzfarmsanoat” davlat konserni tomonidan “Farmatek” (Germaniya) firmasi bilan 11,5 mln. Germaniya markasi summasiga suyuq dorivor preparatlarni quyish va qon quyish uchun infuziya va transfuziya tizimlarini ishlab chiqarish boʻyicha texnologiya asbob-uskunalari yetkazib berish va montaj qilish yuzasidan, kontrakt majburiyatlarini bajarish vazifasini “Mediz” qoʻshma korxonasiga yuklagan holda, kontrakt tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi kontraktni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
2. Belgilansinki, xarid qilish:
kontrakt qiymatining 15 foizi (1,7 mln. Germaniya markasi) “KFV” banki (Germaniya) mablagʻlarini qayta moliyalashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining qisqa muddatli (1 yil) krediti hisobiga;
kontrakt qiymatining 85 foizi (9,8 mln. Germaniya markasi) “Germes” sugʻurta jamiyati (Germaniya) sugʻurta qoplamasi ostida “KFV” banki mablagʻlarini qayta moliyalashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining uzoq muddatli (7 yil) krediti hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadi.
3. Mazkur loyiha uchun jalb qilinayotgan kreditlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki majburiyatlari boʻyicha xorijiy bankka, “Mediz” qoʻshma korxonasi majburiyatlari boʻyicha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan kafolatlar berishga vakil qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xorijiy bank bilan banklararo bitimga ilova shakli boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hukumati kafolatlari boʻyicha yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kredit bitimlarini tuzsin va “KFV” banki mablagʻlari “Mediz” qoʻshma korxonasi uchun qayta moliyalashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “Mediz” qoʻshma korxonasi buyurtmanomasi boʻyicha kontraktga muvofiq yetkazib beriladigan asbob-uskunalarni montaj qilish va ishga tushirish-sozlashga jalb qilinadigan “Farmatek” firmasi xodimlari mehnat faoliyatini amalga oshirishlari uchun zarur ruxsatnomalar oʻz vaqtida berilishini taʼminlasin.
8. “Mediz” qoʻshma korxonasi:
kreditlarni, ular boʻyicha foizlarni, shuningdek ularga xizmat koʻrsatish xarajatlarini jadvalga (ilova*) muvofiq oʻz mablagʻlari hisobidan qoplashni taʼminlasin;
* Ilova berilmaydi.
asbob-uskunalar yetkazib berish, ularni montaj qilish, sozlash-ishga tushirish va mutaxassislarni oʻqitish ustidan puxta nazoratni tashkil etsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 16-iyul,
304-son