OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TAʼLIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRINING
BUYRUGʻI
Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2011-5]
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2009-yil 4-sentabrdagi 39/QQ va 27/QQ-son qarori (roʻyxat raqami 2011, 2009-yil 6-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 41-son, 443-modda) bilan tasdiqlangan Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-mart,
100-son
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 10-martdagi 100-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 25-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar tegishli yakuniy attestatsiya topshiriladigan fandan davlat imtihonlarini topshirmaydi va ularga maksimal ball beriladi.”.
2. 30-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“30. Yakuniy attestatsiyani uch yil mobaynida ham topshirmagan oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, davlat taʼlim standartlari doirasida umumiy oʻrta taʼlim dasturlarini mustaqil oʻzlashtirgan holda eksternat tartibida yakuniy attestatsiyasini topshirish huquqiga ega boʻladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida muvaffaqiyatli topshirgan oʻquvchilarga belgilangan tartibda oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi shahodatnoma beriladi.”.
3. 33-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari chuqurlashtirib oʻqitiladigan taʼlim yoʻnalishlarida ona tili va adabiyot hamda Jahon tarixi fanlaridan ogʻzaki imtihonlar ham oʻtkaziladi.”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. 87-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“87. Yakuniy attestatsiya sinovlarida olgan bahosiga eʼtiroz bildirgan oʻquvchilarning arizalarini koʻrib chiqish uchun taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻi bilan tegishli oliy taʼlim tashkilotining professor-oʻqituvchilari hamda taʼlim tashkilotining rahbar va pedagog xodimlari tarkibidan 5 kishidan iborat Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibidan komissiya raisi va masʼul kotib tayinlanadi.
Bir shaxs bir vaqtning oʻzida Imtihon komissiyasi va Apellyatsiya komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emas.”.
5. 88-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“88. Oʻquvchilar yakuniy attestatsiya sinovlarida olgan baholaridan norozi boʻlgan taqdirda davlat imtihoni baholari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati qabul qilinganligi hamda apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish kuni va vaqti toʻgʻrisida oʻquvchi yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga xabarnoma yuboradi.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda oʻquvchi yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ishtirok etish huquqiga ega.”.
6. Quyidagi mazmundagi 881 — 885-bandlar bilan toʻldirilsin:
“881. Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda oʻquvchilarning davlat imtihoni natijasida olgan ballarini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
882. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
davlat imtihoni natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
davlat imtihoni natijalariga oʻzgartirish kiritish.
883. Davlat imtihoni natijasini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya shikoyatida koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topmagan hollarda qabul qilinadi.
Davlat imtihoni natijalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya shikoyatida koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topgan hollarda qabul qilinadi.
884. Oʻquvchi Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida bevosita ishtirok etgan taqdirda komissiya qarori shikoyat koʻrib chiqilgan kunning oʻzida eʼlon qilinadi.
Oʻquvchi Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida ishtirok etmagan taqdirda komissiya qaroridan koʻchirma bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida oʻquvchiga yuboriladi.
885. Oʻquvchi apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/2011-5/0268-son)