Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AHOLIGA SOTILADIGAN KOʻMIR, TABIIY VA SUYuLTIRILGAN GAZ UChUN ShARTNOMAVIY (ERKIN) NARXLARGA OʻTISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Koʻmir, tabiiy va suyultirilgan gazni qazib olish, ishlab chiqarish, tashish xarajatlarining qimmatlashganligi munosabati bilan hamda tegishli tarmoqlarning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1994-yilning 1-oktabridan boshlab aholiga sotiladigan koʻmir, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun shartnomaviy (erkin) narxlarga oʻtilsin.
2. “Koʻmir” aksionerlik birlashmasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishib, aholi manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashni hisobga olgan holda, qaror topgan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, aholiga sotiladigan koʻmir, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun cheklangan narxlarni belgilash huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ilgari qabul qilingan qarorlarga muvofiq aholining ayrim toifalariga berilayotgan amaldagi imtiyozlar saqlab qolinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aholiga sotiladigan koʻmir, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun narxlarning asoslangan holda shakllantirilishi ustidan nazorat oʻrnatsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 8-sentabr,
454-son