Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 4-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1834-12]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2008-yil 3-maydagi 11/5-son qarori (roʻyxat raqami 1834, 2008-yil 11-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 28-son, 276-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-fevral,
37/7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 16-fevraldagi 37/7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Yoʻriqnoma tijorat banklari, shu jumladan mikromoliya banklari (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) uchun majburiy boʻlgan buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibini belgilaydi.”.
2. 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Banklar ushbu Yoʻriqnomada belgilangan qoidalar doirasida oʻzlarining ish xususiyatlarini hisobga olgan holda filial, bank xizmatlari ofisi va boshqa shoxobchalar faoliyatida buxgalteriya hisobini aniq va toʻliq yuritilishi va ichki nazorat samaradorligini taʼminlash maqsadida hamda ularning daromad va xarajatlari hisobini toʻgʻri yuritish, moliyaviy va soliq hisobotlarini oʻz vaqtida tayyorlash va taqdim qilish, shuningdek toʻlov hujjatlarini tikish va saqlash yoxud ularni dasturiy ravishda elektron shakllantirish hamda elektron raqamli imzo orqali rasmiylashtirish tartibotlarini belgilovchi ichki hisob siyosatini ishlab chiqishlari lozim.”.
3. 18-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bank xizmatlari ofislarida kunlik buxgalteriya hujjatlari yigʻmajildi mazkur Yoʻriqnomaning 7-paragrafida belgilangan tartibda shakllantirilishi va saqlanishi yoki shakllantirilgan kunlik buxgalteriya hujjatlari yigʻmajildi saqlash uchun davriy ravishda, lekin bir oyda kamida bir marotaba bank xizmatlari ofisini tashkil etgan bankka (filialga) yetkazilishi lozim, dasturiy ravishda shakllanadigan hamda elektron raqamli imzo orqali rasmiylashtiriladigan elektron hujjatlar dasturiy tizimda saqlanadi.”;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur qoidalar bankning ichki hujjatlarida aniq koʻrsatilishi lozim.”.
4. 23-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar yangi ish kunini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankning Hisobkitoblar markazida (bundan buyon matnda HKM deb yuritiladi) ochilgan (“21302-Rezident bankning vakillik hisobvaragʻi”) tashqi vakillik hisobvaragʻining kun boshiga aylanma va qoldiq summalarini, oʻzlarining (“10301-Markaziy bankdagi vakillik hisobvaragʻidan olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar — Nostro”) ichki vakillik hisobvaragʻining aylanma va qoldiq summalari bilan mosligini tekshirish bilan boshlashadi. Ichki va tashqi vakillik hisobvaragʻi aylanma va qoldiq summalarini mosligini tasdiqlash uchun HKMga elektron fayl yuboradi;”;
uchinchi xatboshidagi “tijorat banklari” degan soʻzlar “banklar” degan soʻz bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“filiallari mavjud bank filiallariga “Toʻlov markazi”da ochilgan tashqi hisobvaraq (“22204-Bosh ofis/filiallarga filiallar va banklararo hisob-kitoblar boʻyicha toʻlanadigan mablagʻlar”) va filiallarda ochilgan ichki hisobvaraqlar (“16103-Bosh ofis/filiallardan filiallar va banklararo hisob-kitoblar boʻyicha olinadigan mablagʻlar”) qoldiq summasini mosligini tasdiqlash Bosh bank tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu hisobvaraqlar aylanma va qoldiq summalari oʻrtasida farq mavjud boʻlsa, mazkur filialga uni bartaraf etmaguncha filiallararo va banklararo toʻlovlarni amalga oshirish va yangi kunga oʻtib ishlashga ruxsat etilmaydi;”.
5. 28-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “sharifi” degan soʻz “otasining ismi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “maqsadi” degan soʻz “aniq maqsadi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 69-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur dalolatnoma elektron shaklda tuzilib, ushbu xodimlarning elektron raqamli imzolari bilan tasdiqlanishi mumkin.”.
7. 70-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Yakuniy nazorat tekshiruvlari natijalari elektron shaklda tayyorlanishi hamda saqlanishi mumkin.”.
8. 87 va 104-bandlardagi “Tijorat banklari” degan soʻzlar “Banklar” degan soʻz bilan almashtirilsin.
9. 105-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Berilgan materiallar ombor hisob yuritish qaydnomalarida chiqim qilinganidan keyin omborchi talabnomaning ikkinchi nusxasini xronologik tartibda oʻzidagi chiqim hujjatlari yigʻmajildiga tikib qoʻyadi. Birinchi nusxa buxgalteriyaga topshiriladi, uchinchisi esa materiallarni oluvchining qoʻliga beriladi, bundan dasturiy ravishda shakllanadigan hamda elektron raqamli imzo orqali rasmiylashtiriladigan talabnomalar mustasno.”.
10. 121-band quyidagi mazmundagi yigirma uchinchi va yigirma toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“boshqa rekvizitlar (agar mavjud boʻlsa).
Shaxsiy hisobvaraqning shakli va undan koʻchirma ushbu bandda belgilangan rekvizitlar ketma-ketligiga rioya qilingan holda banklar tomonidan tayyorlanadi.”.
11. 139-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“139. Bank filiallari oʻrnatilgan tartibda kunlik buxgalteriya hujjatlarini yigʻmajildga tikishlari va ularni balans maʼlumotlari bilan solishtirishlari lozim, bundan dasturiy ravishda shakllanadigan hamda elektron raqamli imzo orqali rasmiylashtiriladigan elektron hujjatlar mustasno.”.
12. 143-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda, bankning yagona balansi, shuningdek filiallar balansi ushbu banddagi mansabdor shaxslarning elektron raqamli imzolari bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda saqlanishi mumkin.”.
13. 144-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“144. Banklar balans, bank aktiv va majburiyatlari, balansdan tashqari hisobvaraqlar bilan bogʻliq operatsiyalar, ular bilan bogʻliq shartnomalarga doir maʼlumotlarni mazkur Yoʻriqnomaning 81-ilovasiga muvofiq Markaziy bankka taqdim qilish uchun Bosh serverdan Bank tizimi maʼlumotlar omboriga (bundan keyingi oʻrinlarda BTMO deb yuritiladi) keyingi bank ish kuni soat 10-00 dan kechiktirmagan holda hamda oylik taqdim etiladigan maʼlumotlarni keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmagan holda toʻgʻri, toʻliq va oʻz vaqtida uzatilishini taʼminlaydi.
Banklar bank hisobvaraqlari va kartalari toʻgʻrisidagi mazkur Yoʻriqnomaning 81-ilovasida koʻrsatilgan maʼlumotlarni Bank depozitorlarining milliy axborotlar bazasiga bank hisobvaraqlari va kartalari ochilgan, yopilgan yoki holati oʻzgartirilgan vaqtda uzatilishini taʼminlaydi.”.
14. 145-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
15. 150-bandning ikkinchi xatboshisi “yigʻmajildga tikiladi” degan soʻzlardan keyin “, bundan tuzatish orderi matnida xato va kamchiliklar kim tomondan amalga oshirilganligini dasturiy tarzda aniqlash mumkin boʻlgan hamda ishtirokchilarning elektron raqamli imzolari bilan tasdiqlanadigan elektron hujjatlar mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
16. 157-bandning uchinchi xatboshisi “toʻlov boʻyicha shakllangan memorial orderlar” degan soʻzlardan keyin “va elektron shaklda imzolangan memorial orderlar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
17. 159-bandning ikkinchi xatboshisi “hujjatlar ham tikiladi” degan soʻzlardan keyin “, bundan dasturiy tarzda shakllanadigan hamda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadigan elektron hujjatlar mustasno” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
18. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirdagi 81-ilova bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
81-ILOVA
81-ILOVA
Bankning balans, bank aktiv va majburiyatlari, balansdan tashqari hisobvaraqlari bilan bogʻliq operatsiyalar, ular bilan bogʻliq shartnomalarga doir Bank tizimi maʼlumotlar omboriga uzatiladigan maʼlumotlar
I. Nazorat qilinadigan balans hisobvaraqlari qoldiqlari va aylanmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
1. Hisobvaraq nomi
2. Mijoz va uning korrespondenti maʼlumotlari (BDMABdagi kodi, STIR/JSHSHIR)
3. Shaxsiy hisobvaraqning kun boshi va oxiridagi qoldigʻi, aylanmalari summasi
4. Mijoz va uning korrespondenti bank maʼlumotlari (hisobvaraq, bank filiali va bank xizmatlari ofisi kodi)
5. Kassa operatsiyalari maʼlumotlari (kassa ramzlari)
6. Toʻlov hujjati maʼlumotlari (sanasi, raqami, turi, toʻlov kodi va maqsadi)
7. Hisobvaraq boʻyicha shartnomaning (depozit/kredit) tizim raqami
II. Depozit shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
1. Mijoz maʼlumotlari (BDMABdagi kodi, STIR/JSHSHIR)
2. Depozit shartnomasi va uning shartlari maʼlumotlari (raqami, sanasi, turi, foiz stavkasi, mablagʻ kiritish va tugash sanasi, boshqalar)
3. Depozit shartnomasi boʻyicha hisobvaraq maʼlumotlari (hisobvaraq, bank filiali va bank xizmatlari ofisi kodi)
4. Depozit shartnomasi bank tizimidagi ichki raqam
5. Depozit hisobvaraq kun boshi va oxiriga qoldigʻi, aylanmalari summasi
6. Depozit hisobvaraqqa hisoblangan foizlar boʻyicha oy boshi va oxiridagi qoldiqlar va oylik aylanmalari summasi (oylik taqdim etiladi)
III. Toʻlanmagan hisob-kitob hujjatlarining (2-son kartoteka) qoldigʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (oylik taqdim etiladi)
1. Toʻlov hujjatining 2-son kartotekaga kiritilgan sanasi
2. Toʻlov hujjati maʼlumotlari (sanasi, raqami, turi, toʻlov kodi va maqsadi)
3. Toʻlovchi va oluvchi maʼlumotlari (BDMABdagi kodi, STIR/JSHSHIR)
4. Toʻlovchi va oluvchining bank maʼlumotlari (hisobvaraq, bank filiali va bank xizmatlari ofisi kodi)
5. Toʻlov hujjati summasi va toʻlanmagan qoldiq summa
6. Toʻlov hujjati maʼlumotlari (sanasi, raqami, turi, toʻlov kodi va maqsadi)
7. Qarzdorlik bilan bogʻliq statistik maʼlumotlar (qarzdorning faoliyat turi, qarzdorlik turi va boshqalar)
IV. Bank hisobvaraqlari va kartalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar
1. Bank hisobvaragʻi va kartasi egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (STIR/JSHSHIR, hisobvaraq raqami, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning rezidentligi, iqtisodiy faoliyat turi (IFUT), tashkiliy-huquqiy shakli va boshqalar)
2. Bank hisobvaragʻi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ochilganligi, yopilganligi yoki holati oʻzgarganligi)
3. Bank kartasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (raqami, turi, amal qilish sanasi va boshqalar).”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2026-y., 10/26/1834-12/0197-son)