Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “DAVLAT SANITARIYA NAZORATI TOʻFRISIDA”GI QONUNINI JORIY ETISh ChORALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunini joriy etish tartibi haqida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 3-iyuldagi 658-XII-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi.
1. Sanitariya normalariga, qoidalariga, gigiyena normativlariga rioya qilmaganligi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazmaganligi natijasida kishilar sogʻligʻiga yetkazilgan zararni, shuningdek, sanitariya qonunlarini buzganligi uchun diagnostika, davolash va profilaktika ishlariga ketgan xarajatlarni korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalardan va alohida fuqarolardan undirib olish tartibi haqidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hozirgi vaqtdagi davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini qatʼiy belgilab beruvchi sanitariya normalari, qoidalari, gigiyena normativlari va boshqa aktlarni 1992-1993-yillarda qayta koʻrib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati haqida”gi Qonuniga binoan 1992-yilning dekabrida belgilangan tartibda amaldagi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlar majmuasini muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq M. Qoraboyevga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
571-son
Sanitariya normalariga, qoidalariga, gigiyena normativlariga rioya qilmaganligi hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar oʻtkazmaganligi natijasida kishilar sogʻligiga yetkazilgan zararni, shuningdek sanitariya qonunlarini buzganligi uchun diagnostika, davolash va profilaktika ishlariga ketgan xarajatlarni korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalardan va alohida fuqarolardan undirib olish tartibi haqida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati haqida”gi Qonunining 2, 6 va 31-moddalariga asosan sanitariya normalari, qoidalariga va gigiyena normativlariga rioya qilmaslik, epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni oʻtkazmaslik natijasida odam va aholi guruhlari sogʻligʻiga zarar keltirib, ular kasallangan va zaharlangan hollarda, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar va ayrim fuqarolar diagnostika qilish, davolash uchun hamda epidemiyaga qarshi koʻrilgan chora-tadbirlarga ketgan xarajatlarni toʻlashga majburdirlar.
2. Sogʻliqqa yetkazilgan zararni undirish haqidagi talabnoma sogʻligʻini yoʻqotgan shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan, shuningdek zarur hollarda bevosita hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkilotlarining rahbarlari tomonidan taqdim etiladi.
3. Inson salomatligiga zararli taʼsir etuvchi hamda unga kasallik keltirishi mumkin boʻlgan omillar quyidagilardir:
atrof-muhitni Oʻzbekiston Respublikasi uchun tasdiqlangan sanitariya normalari va gigiyena normativlaridan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan chiqindilar, oqova suvlar va nurlanish (jumladan, radioaktiv)ning havoni, suv manbalarini, yerni kimyoviy, fizikaviy, biologik ifloslantirishi;
sanitariya normalari va qoidalari, gigiyena normativlariga rioya qilmay tayyorlangan va sotilgan sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari, xalq isteʼmoli mollari va boshqa sanoat buyumlari;
aholining turmushi, dam olishi, tarbiyalanishi, oʻqishi va davolanishini tashkil etish va oʻtkazish, hududlarni, inshootlarni, binolarni asbob-uskunalar va transport vositalarini saqlash borasida sanitariya qonunlarining, sanitariya norma va qoidalari, gigiyena normativlarining buzilishi;
4. Inson yoki aholi guruhi salomatligiga yetkazilgan zararni undirib olish uchun atrof-muhitning salomatlik uchun bevosita zararli taʼsir etuvchi omillari natijasida hozirgi paytda yoki oldin kasallanganligi haqidagi tibbiy muassasaning ekspert xulosasi asos boʻladi. Bunday hollarda kishi salomatligiga zarar yetkazgan tomon ozor koʻrgan kishi oldida moddiy javobgardir va diagnostika, davolash va epidemiyaga qarshi oʻtkazilgan chora-tadbirlar xarajatini toʻlaydi.
5. Salomatlikka yetkazilgan moddiy zararni undirib olish quyidagi tartibda belgilanadi:
a) korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarga tibbiy ekspert xulosasi taqdim etilgach, kishi salomatligiga yetkazilgan zarar undiriladi.
Ozor koʻrgan kishining mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasiga (VMEK xulosasi boʻyicha) qarab uning yoʻqotgan yoki kamaygan oylik maoshiga nisbatan foizlar hisobida zararni undirish miqdori belgilanadi. Belgilangan mablagʻ ozor yetgan kishiga uning mehnat qobiliyatini yoʻqotgan davrida har oyda toʻlab boriladi.
Doimiy toʻlovdan tashqari, aybdor tomon qoʻshimcha ravishda sanatoriya-kurortlarda davolanishga (yoʻllanma va sanatoriyaga borib-kelish haqlari), bemorga yordam beruvchi kishiga, nogironlik transport sotib olishga (sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot tashkilotlari xulosalariga koʻra) tovon toʻlab turadi;
ozor yetgan kishi salomatligiga zarar yetkazilganligi oqibatida vafot etgan taqdirda zararni undirish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda belgilanadi;
b) salomatlikka zarar keltirgan korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalar davolash-profilaktika muassasalariga, sanitariya-epidemiologiya stansiyalariga yetkazilgan zararni ham toʻlashga majburdirlar, bular quyidagi xarajatlardir;
jabrlanuvchilarni diagnostika qilish va ozor yetganlarni davolashning barcha turlariga xarajatlar;
profilaktika tadbirlarining barcha turlariga ketgan xarajatlar (yuqumli kasalliklar qayd qilinganda, ozor yetganlarni va ular bilan aloqada boʻlgan kishilarni aniqlash, kasalxonaga yotqizish, dezinfeksiya, dezaktivatsiya, degazatsiya ishlarining hamma turlari, laboratoriya tadqiqotlari oʻtkazish, atrof-muhitni ifloslantirganligi hamda salomatlik uchun zararli boʻlgan va kasallik keltirib chiqargan omillar, immunoprofilaktik preparatlarni sotib olish va ishlatish).
6. Korxona, muassasa, tashkilot, birlashma va ayrim fuqarolar keltirilgan zararni toʻlashdan bosh tortgan taqdirda daʼvo belgilangan tartibda sudda koʻrib chiqiladi.
7. Etkazilgan zararni toʻlash, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarni, ayrim fuqarolarni kishilar salomatligiga zarar yetkazganliklari uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikdan, shuningdek sanitariya normalari va qoidalari hamda gigiyena normativlariga rioya qilish haqidagi talablarni amaldagi qonunga koʻra bajarishdan ozod etmaydi.
8. Korxona, muassasa, tashkilot, birlashmalar salomatlikka zarar yetkazilganlik uchun tovon tariqasidagi moliya mablagʻlarini bevosita ozor yetgan kishiga toʻlaydilar, davolash, diagnostika, sanitariya holatini yaxshilash va epidemiyaga qarshi oʻtkazilgan chora-tadbirlar uchun esa viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasining epidemiya jamgʻarmasiga oʻtkazadilar.
Toʻlash muddati oʻtib ketgan taqdirda har bir oʻtgan kun uchun 1 foizdan jarima belgilanadi.