Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT ISHLARI VAZIRLIGI HUZURIDAGI “USTO” MAXSUS IJODIY - ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Amaliy va tasviriy sanʼat xalq ustalarining qoʻlda bajariladigan qadimiy sanʼatini yanada rivojlantirish, ijodiy-ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda zamonaviy qurilishda anʼanaviy badiiy-arxitektura vositalarini keng qoʻllash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi huzuridagi “Usto” maxsus ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi va uning tasarrufidagi korxona va tashkilotlar 1998-yil 1-iyuldan boshlab foyda soligʻi toʻlashdan besh yil muddatga ozod qilinsin, boʻshaydigan mablagʻlar ustavdagi vazifalarni bajarishga yoʻnaltirilsin.
2. “Usto” maxsus ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobiga uch oy muddatda tasarrufidagi korxonalar bazasida ilovaga muvofiq xalq badiiy hunarmandchiligi, amaliy, monumental va tasviriy sanʼat hamda haykaltaroshlik ustalari tayyorlash boʻyicha maktablar tashkil qilsin.
3. Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari “Usto” birlashmasining oʻz maydonlariga ega boʻlmagan korxonalariga ishlab chiqarish va savdo faoliyati, shuningdek ilovaga* muvofiq amaliy, monumental va tasviriy sanʼat hamda haykaltaroshlik ustalari tayyorlash boʻyicha maktablar tashkil etish uchun binolar bersinlar.
* Ilova berilmaydi.
4. Toshkent shahar hokimligi “Usto” birlashmasining Sanʼat markazini barpo etish, shu jumladan unga birlashma apparatini joylashtirish uchun 0,2 gektar yer uchastkasi ajratsin.
5. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi “Usto” birlashmasini hukumat va shahar telefon aloqasi bilan taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi 1999-yil prognozida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi huzuridagi “Usto” maxsus ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi uchun rekonstruksiya qilish hamda mashinalar, mexanizmlar va asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun zarur qoʻyilmalarni va mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini nazarda tutsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.R.Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-iyul,
279-son