OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasining AUDITORLIK FAOLIYATI MILLIY STANDARTI (50-SON AFMS) “AUDITORLIK DALILLARI”NI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 18-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1128]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2002-yil 3-aprelda 48-son bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Auditorlik faoliyatining milliy standarti
50-sonli AFMS
50-sonli AFMS
Auditorlik dalillari
Mazkur Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 149-modda) 21-moddasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 20-son) 3-bandiga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini normativ tartibga solish elementi hisoblanadi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu standartning maqsadi auditorlik tekshiruvi paytida olinadigan auditorlik dalillarining miqdoriga va sifatiga nisbatan, shuningdek, auditorlik dalillarini olish maqsadida bajariladigan tartib-taomillarga nisbatan talablarni belgilashdan iborat.
2. Ushbu standartning talablari auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
II. AUDITORLIK DALILLARI
3. Auditorlik dalillari ― auditorlik tashkiloti tomonidan auditorlik tekshiruvi vaqtida yigʻilgan va auditorlik xulosasini asoslovchi maʼlumotlardir.
4. Auditorlik dalillarini olish uchun moliyaviy hisobotning asosi hisoblangan boshlangʻich hujjatlar va buxgalterlik yozuvlaridan, shuningdek boshqa manbalardan olingan tasdiqlovchi maʼlumotlardan foydalaniladi.
5. Auditorlik dalillari yetarli darajada va monand boʻlishi kerak.
III. AUDITORLIK DALILLARINING YETARLILIGI VA MONANDLIGI
6. Auditorlik dalillarining yetarliligi auditorlik tashkilotiga fikr bildirish uchun zarur boʻlgan auditorlik dalillarining miqdoriy oʻlchamini ifodalaydi.
7. Auditorlik dalillarining monandligi auditorlik tashkilotining fikr bildirishida auditorlik dalillarining ishonchliligi va ahamiyatini bildiruvchi auditorlik dalillarining sifat meʼyorlarini ifodalaydi.
8. Auditorlik tashkiloti yetarli darajadagi va monand auditorlik dalillarini olish maqsadida quyidagi omillarni hisobga olishi kerak:
xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimi xususiyatini, shuningdek ajralmas va nazorat risklarini baholash;
auditorlik tashkiloti tomonidan bajariladigan tartib-taomillar hajmi;
mavjud maʼlumotning manbasi va ishonchliligi.
IV. AUDITORLIK DALILLARINING IShONChLILIGI
9. Auditorlik dalillari, agarda ular hujjatlar hamda aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy holati bilan tasdiqlanganda, ishonchli hisoblanadi.
10. Auditorlik tashkiloti auditorlik dalillarining ishonchliligini baholashda quyidagi umumiy qoidalarga amal kilishi zarur:
a) tashqi manbalardan olingan auditorlik dalillari (masalan, uchinchi shaxsdan olingan tasdiq) odatda ichki manbalardan olingan dalillardan koʻra ishonchliroq hisoblanadi;
b) agar buxgalteriya hisobi va ichki nazoratning mavjud tizimlari samarali ishlasa, ichki manbalardan olingan auditorlik dalillari ishonchli hisoblanadi;
v) auditorlik tashkiloti tomonidan bevosita yigʻilgan auditorlik dalillari odatda xoʻjalik yurituvchi subyektdan olingan auditorlik dalillaridan koʻra ishonchliroq hisoblanadi;
g) yozma shaklda olingan auditorlik dalillari ogʻzaki shaklda olingan dalillardan koʻra ishonchliroq hisoblanadi.
11. Turli manbalardan yigʻilgan hollardagi auditorlik dalillari bir-biriga zid boʻlmasa, ishonchli hisoblanadi.
12. Agar bitta manbadan olingan auditorlik dalillari izchil boʻlmasa yoki turli manbalardan olingan auditorlik dalillari bir-biriga toʻgʻri kelmasa yoki zid boʻlsa, auditorlik tashkiloti qoʻshimcha, aniq dalillar olish imkonini beruvchi tartib-taomillarni amalga ishirishi zarur.
13. Agar auditorlik tashkiloti moliyaviy hisobot toʻgʻrisida fikr bildirish uchun yetarli darajadagi dalillarni ololmasa, u holda auditorlik xulosasini tuzishdan bosh tortishi kerak.
14. Xoʻjalik yurituvchi subyekt (buyurtmachi) auditorlik tashkilotining auditorlik dalillarini olishi uchun zarur boʻlgan tartib-taomillarni bajarishiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni yoki harakatsizlik qilishga haqli emas.
15. Xoʻjalik yurituvchi subyekt vakillari yoki uchinchi shaxslar auditorlik tashkilotining auditorlik dalillarini olish maqsadida tartib-taomillarni bajarishiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni yoki harakatsizliklarni amalga oshirgan hollarda auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortishga haqli.
V. AUDITORLIK DALILLARINI OLISh
16. Auditorlik dalillarini xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimini testdan oʻtkazish va mohiyati boʻyicha tekshirish tartib-taomillarini oʻtkazish yoʻllari bilan olish mumkin.
VI. IChKI NAZORAT TIZIMINING TESTLARI
17. Ichki nazorat tizimining testlari auditorlik tashkiloti tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimining holatini baholash uchun auditorlik dalillarini olish maqsadida bajariladigan tartib-taomillarni ifodalaydi.
18. Auditorlik dalillari olinishi kerak boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimining asosiy jihatlari quyidagilar hisoblanadi:
tuzilma (buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimi. buzib koʻrsatishlarning oldini olishga, aniqlashga va toʻgʻrilashga qaratilgan tegishli tuzilmaga ega ekanligi);
amal qilayotganligi (buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimlari samarali ishlayotganligi).
VII. MOHIYATI BOʻYIChA TEKShIRIShNING TARTIB-TAOMILLARI
19. Mohiyati boʻyicha tekshirishning tartib-taomillari auditorlik tashkilotining moliyaviy hisobotda muhim buzilishlar mavjud yoki mavjud emasligiga boʻyicha auditorlik dalillarini olish maqsadida bajaradigan tartib-taomillarni ifodalaydi.
20. Mohiyati boʻyicha tekshirishning tartib-taomillarini bajarishda quyidagi savollar oʻrganib chiqiladi:
hisobot davri yakunlangan sanada aktivlar va majburiyatlarning mavjudligi;
moliyaviy hisobotda aktivlar, majburiyatlar, xoʻjalik operatsiyalari va hodisalarning toʻliq aks ettirilganligi;
aktivlar va majburiyatlarning tegishli qiymatlarda aks ettirilganligi;
moliyaviy hisobotda xoʻjalik operatsiyalari va hodisalar summalarining aniq aks ettirilganligi;
daromad va xarajatlarni tegishli davrlarga olib borilganligi.
VIII. AUDITORLIK DALILLARINI OLIShNING TARTIB-TAOMILLARI
21. Auditorlik tashkiloti auditorlik dalillarini quyidagi auditorlik tartib-taomillarining bir yoki bir nechtasini bajarish yoʻli bilan oladi:
a) nazorat qilish ― yozuvlar, hujjatlar va moddiy aktivlarni tekshirishni ifodalaydi;
b) kuzatish ― boshqa shaxslar tomonidan bajariladigan jarayon va tartib-taomillarni oʻrganishni ifodalaydi. Masalan, auditorlik tashkilotining xoʻjalik yurituvchi subyekt xodimlari tomonidan amalga oshiriladigan tovar-moddiy zaxiralari inventarizatsiyasini kuzatish;
v) soʻrovnoma — xoʻjalik yurituvchi subyektnng ichida yoki tashqarisidagi xabardor shaxslardan maʼlumot izlashni ifodalaydi;
g) sanash ― boshlangʻich hujjatlar va buxgalteriya yozuvlaridagi arifmetik hisob-kitoblarning toʻgʻriligini tekshirishni ifodalaydi;
d) tahliliy tartib-taomillar ― auditorlik tashkiloti tomonidan olingan maʼlumotni tahlil qilish va baholash, tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobida xoʻjalik faoliyatidagi gʻayrioddiy yoki notoʻgʻri aks ettirilgan faktlarni topish, hamda buzib koʻrsatishlar sabablarini aniqlash maqsadlarida, muhim moliyaviy va iqtisodiy koʻrsatkichlarni oʻrganishni ifodalaydi.
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-y., 8-son)