Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XORIJIY INVESTITSIYaLAR IShTIROKIDAGI KORXONALARNI TAShKIL ETISh, DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZISh VA TUGATISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA” 1997-YIL 2 IYuLDAGI 336-SON QARORIGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-maydagi 252-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 1-fevraldagi PQ-2750-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 27-martdagi PF-1981-son Farmoniga muvofiq hamda kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyuldagi 336-son qaroriga 1-ilova “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy ekspertizadan davlat roʻyxatidan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga quyidagi shartlarga javob beruvchi korxonalar kiradi:
korxona ustav jamgʻarmasi miqdori 150 ming AQSh dollariga teng summadan kam boʻlmasligi kerak;
korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy yuridik shaxs boʻlishi kerak.
xorijiy investitsiyalar ulushi korxona ustav jamgʻarmasining kamida 30 foizini tashkil etishi kerak.
Koʻrsatib oʻtilgan shartlarga muvofiq boʻlmagan korxonalar xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kirmaydi va korxona joylashgan joydagi shaharlar va tumanlar hokimliklarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim”;
7-bandning ikkinchi xatboshi va 10-bandning v) kichik bandidagi “...100 ming AQSh dollariga” soʻzlari “...50 ming AQSh dollariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibiga mazkur qarorga muvofiq kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarga qatʼiy amal qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-mart,
134-son