Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING 1996-YIL 30 NOYABRDAGI “XORIJIY SARMOYALAR IShTIROKIDAGI KORXONALARGA BERILADIGAN QOʻShIMChA RAGʻBATLANTIRISh OMILLARI VA IMTIYOZLAR TOʻGʻRISIDA”GI FARMONIGA QISMAN OʻZGARTIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi kichik va oʻrta korxonalarni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 30-noyabrdagi “Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga beriladigan qoʻshimcha ragʻbatlantirish omillari va imtiyozlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 1-bandi quyidagi tarzda bayon qilinsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, 1998-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagi shartlarga javob beradigan yangidan tashkil etiladigan korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida va uning hududiy organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kiradi:
korxonaning nizom jamgʻarmasi 150 ming AQSh dollariga teng summadan kam boʻlishi mumkin emas;
korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy, yuridik shaxs boʻlishi shart;
xorijiy sarmoyalar ulushi korxona nizom jamgʻarmasining kamida 30 foizini tashkil etishi zarur.
Yangi tashkil etilayotgan korxonalar mazkur shartlarga javob bermagan taqdirda xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kirmaydi hamda korxona joylashgan hududdagi shahar va tuman hokimliklarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir haftalik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonuniy va meʼyoriy hujjatlariga mazkur Farmonga muvofiq ravishda tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-mart,
PF-1981-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 4-son, 62-modda)