Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IJTIMOIY-MAʼNAVIY MUHITNI YaNADA SOGʻLOMLAShTIRISh, DINIY AQIDAPARASTLIKNING OLDINI OLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimiz ahlining, ayniqsa yoshlarimizning dunyoviy, ilmiy, axloqiy salohiyatini yuksaltirish, ularda yurt istiqloliga sadoqat, milliy-maʼnaviy va diniy aqidaparstlikning har qanday koʻrinishlarining oldini olish, oʻlkamizda ijtimoiy-maʼnaviy va siyosiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika mutasaddi davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan “Huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash, diniy aqidaparastlikning oldini olish boʻyicha tadbirlar dasturi” 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
2. Tadbirlar dasturini ijro etish uchun hokimiyat va boshqaruvning tegishli davlat, nodavlat va hududiy tuzilmalariga yuborilsin. Dasturdagi vazifalarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz bajarilishini taʼminlash tegishli respublika tashkilotlari va muassasalarining birinchi rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Hokimiyat va boshqaruvning davlat tuzilmalari, tashkilotlar dasturda koʻzda tutilgan vazifalarning aniq va ogʻishmay bajarilishini taʼminlash maqsadida oʻz tadbirlar rejasini ishlab chiqishlari belgilab qoʻyilsin.
3. Madaniyat ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Xotin qizlar qoʻmitasi, “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, “Kamolot”, “Mahalla”, jamgʻarmalari va boshqa aloqador tashkilotlar dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli hokimliklar bilan birgalikda tashkil etsinlar.
4. Davlat matbuot qoʻmitasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, respublika ommaviy axborot vositalari Dasturdagi xalqimiz tabiatiga tamomila yot boʻlgan diniy ekstremizm, xurofiy qarashlardan xalos boʻlishga qaratilgan, diniy va dunyoviy bilimlar nisbatini oqilona belgilashga yoʻnaltirilgan tadbirlarning ahamiyati, mamlakatimizda din va vijdon erkinligi borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning mohiyatini taʼsirchan shakllarda targʻib etishni taʼminlasinlar.
5. Moliya vazirligi (J. Sayfiddinov) Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarni moliyaviy jihatdan taʼminlash masalasini hal etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezidentning Davlat maslahatchisi T.Alimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-mart,
130-son