OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIgi, oʻzbekiston respublikasi SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIgining
Qarori
Reabilitatsiya va mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish punktlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 18-iyulda 1050-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2023-yil 18-apreldagi 14-son va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2023-yil 17-apreldagi 8-sonli ““Reabilitatsiya va mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish punktlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1050-3, 04.05.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-maydagi 243-40-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladilar:
1. Reabilitatsiya va mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish punktlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin amalga kiritilsin.
3. SSRI Ichki ishlar vazirligining 1985-yil 30-maydagi 106-son buyrugʻi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 10-iyunda 745-son bilan roʻyxatga olingan Reabilitatsiya va mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish punktlari toʻgʻrisidagi nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qaror ijrosining nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari B.R. Parpiyev va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari D.A. Asadov zimmalariga yuklansin.
Ichki ishlar vaziri Z. ALMATOV
Toshkent sh.,
2001-yil 9-iyul,
4-son
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2001-yil 9-iyul,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2001-yil 9-iyuldagi 4-son va 4-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Reabilitatsiya va mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish punktlari toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 243-40-son qarori asosida ishlab chiqilgan.
1. Mastlik holatida boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va tibbiy yordam koʻrsatish punktlari narkologik, ruhiy, shuningdek umumiy somatik davolash-profilaktika muassasalarining ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari hisoblanadi.
2. Reabilitatsiya punktlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 243-40-son qaroriga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligining buyrugʻi asosida tashkil qilinadi.
3. Reabilitatsiya punktlari joylashadigan joylar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyatlar hamda Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalari tomonidan buyruqlar bilan belgilanadi.
4. Reabilitatsiya punktlari oʻz ishida mazkur Nizomga amal qiladilar.
5. Reabilitatsiya punktlariga bevosita rahbarlik ular tashkil qilingan boʻlimlar mudirlari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Punktlarga tashkiliy rahbarlik va ular faoliyatini nazorat qilish tegishli davolash-profilaktika muassasasining bosh shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
7. Tibbiy xizmatni tashkil qilishda uslubiy yordam hududiy narkologik dispanser tomonidan amalga oshiriladi.
8. Tibbiy hujjatlarni yuritish, reabilitatsiya punktiga olib kelingan shaxslarning harakatlanishini hisobga olish, dori-darmonlar sarflanishini hisobga olish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
II. REABILITATSIYA PUNKTLARI IShINI TAShKIL QILISh VA MASTLIK HOLATIDA BOʻLGAN ShAXSLARNI OLIB KELISh TARTIBI
9. Reabilitatsiya punktlariga olib kelingan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish chora-tadbirlari tegishli boʻlimlar bazasida tashkil qilingan ushbu boʻlimlarning navbatchi shifokorlari rahbarligi ostidagi navbatchi tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Mastlik holatida boʻlgan shaxslarni olib kelish zimmalariga bunday chora-tadbirlarni oʻtkazish yuklangan ichki ishlar organi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
11. Reabilitatsiya punktlariga koʻchalar, xiyobonlar, bogʻlar, vokzallar, aeroportlar va boshqa jamoat joylarida oʻrta va ogʻir darajadagi mastlik holatida boʻlgan yoki ular mustaqil harakatlanish yoxud oʻzlariga yoki atrofdagilarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan shaxslar olib kelinadi.
12. Ichki ishlar organi xodimlari mastlik holatida boʻlgan shaxsni olib kelishda uning sogʻligʻiga zarar yetkazilishini istisno etuvchi, uning yonida boʻlgan ashyolar, hujjatlar va qimmatli buyumlarning saqlanishini taʼminlash choralarini koʻradilar.
13. Shaxsni reabilitatsiya punktiga olib kelishdan oldin ichki ishlar organi xodimlari unda tibbiyot xodimlariga hujum qilish yoxud oʻziga yoki boshqa fuqarolarga tan jarohatlari yetkazishi mumkin boʻlgan predmetlar yoʻqligiga ishonch hosil qilishlari kerak. Saqlab turilgan shaxsning jinoyat sodir etishga aloqasi borligini koʻrsatuvchi qurol, giyohvand moddalar va boshqa predmetlar aniqlanganda, bunday shaxs hushyor holatga kelgandan keyin hududiy ichki ishlar organiga olib kelinadi, bunda ichki ishlar organi xodimlari butun tibbiy yordam koʻrsatish davri davomida bu shaxsning zarur qoʻriqlanishini taʼminlaydilar.
14. Koʻchalar va boshqa jamoat joylarida oʻtkir zaharlanish, ruhiy holatning buzilishi, bosh miya jarohatlari va boshqa xavfli tan jarohatlari boʻlgan hushsiz holatdagi, shuningdek hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli koʻrinib turgan ogʻir holatdagi shaxslar aniqlanganda, ichki ishlar organi xodimlari tomonidan shu joyga darhol “tez yordam mashinasi” chaqiriladi, uning shifokori keyingi harakatlar taktikasini tanlaydi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2020-yil 30-noyabrdagi 75 va 132-sonli qarori (roʻyxat raqami 1050-2, 21.12.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2020-y., 10/20/1050-2/1643-son)
15. Jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan, oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir mastlik holatida boʻlgan va tibbiy yordam koʻrsatilishiga muhtoj boʻlgan shaxslar reabilitatsiya punktlariga olib kelinadi, u erda ular butun tibbiy yordam koʻrsatish davri davomida ichki ishlar organi xodimlari qoʻriqlovi ostida boʻladi.
III. REABILITATSIYA PUNKTLARIGA OLIB KELINGAN ShAXSLARNI QABUL QILISh, ULARNI SAQLASh ShART-ShAROITLARI VA TIBBIY YORDAM KOʻRSATILGANIDAN KEYIN ChIQARISh
16. Reabilitatsiya punktiga olib kelingan barcha shaxslar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek ularni olib kelgan ichki ishlar organi xodimlari yoki fuqarolarning ogʻzaki eʼloni asosida maxsus jurnalga qayd qilinadi.
17. Olib kelingan shaxslarning kiyim-boshi va boshqa buyumlari ichki ishlar organi xodimlari va xolislar ishtirokida qurol, hujjatlar, qimmatbali buyumlar va boshqalarni aniqlash yuzasidan sinchiklab tekshiriladi.
18. Hujjatlar, pullar va boshqa qimmatbaho buyumlar har bir olib kelingan shaxs uchun maxsus ajratilgan metall shkaflardagi alohida katakchalarda saqlanadi.
19. Olib kelingan shaxslarda saqlanishi taqiqlangan buyumlar va predmetlar aniqlanganda, tibbiy yordam koʻrsatilgandan keyin bu shaxslar, shuningdek predmetlar (qurol, giyohvand moddalar va boshqa) choralar koʻrilishi uchun tegishli ichki ishlar organiga topshiriladi.
20. Reabilitatsiya punktiga olib kelinganlar navbatchi shifokor tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy yordamning koʻrsatilish hajmi olib kelingan shaxsning ahvoli bilan belgilanadi.
21. Tibbiy koʻrik va tekshiruv natijalari qatʼiy hisobot hujjati hisoblanadigan va xronologik tartibda tikiladigan bayonnomada qayd qilinadi.
22. Tibbiy koʻrik davomida olib kelingan shaxsda bosh miya jarohatlari yoki xavfli tan jarohatlari, shuningdek yaqqol ayon boʻlgan ogʻir holatlar aniqlanganda, reabilitatsiya punkti joylashgan muassasada toʻliq hajmda tibbiy yordam koʻrsatish imkoni boʻlmasa navbatchi shifokor tomonidan yordam koʻrsatish hajmi yoki boshqa davolash muassasasiga oʻtkazish masalasi hal qilinadi. Olib kelingan shaxsda oʻtkir yuqumli kasallik, tanosil kasalligi belgilari aniqlanganda, navbatchi shifokor belgilangan tartibda tegishli choralar koʻradi.
23. Olib kelingan shaxslar palatalarga joylashtiriladi, bunda erkaklar ayollardan, voyaga yetmaganlar esa kattalardan alohida saqlanadi. Chet el fuqarolari, imkoni boricha, alohida palatalarda saqlanadi.
24. Reabilitatsiya punktiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan shaxs olib kelinganda, koʻrik bayonnomasida uning alohida belgilari (chandiqlari, tatiurovkalari, tugʻma dogʻlari va boshqa) sinchiklab qayd qilinishi kerak. Zarur boʻlgan holda, bu shaxslar haqida maʼlumotlarni tekshirish tegishli ichki ishlar organi xodimlari orqali oʻtkaziladi.
25. Olib kelingan shaxs tibbiy yordam koʻrsatilganidan va hushyor holatga keltirilganidan keyin shifokor takroran tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi va uni chiqarish mumkinligi toʻgʻrisida xulosani beradi. Bunda shaxsning hushyor holatga kelish muddati 3 soatdan kam boʻlmasligi kerak.
26. Shaxs reabilitatsiya punktida 12 soatgacha boʻlganda bayonnoma, 12 soatdan koʻp vaqt boʻlganda — kasallik tarixi rasmiylashtiriladi. Dori-darmonlar sarflanishini hisobga olish belgilangan tartibda amalga oshiriladi va yoʻriqnomalar talablari bilan tartibga solinadi.
27. Olib kelinganning shaxsi aniqlangandan keyin (imkoni boricha) navbatchi xodimlar tomonidan uning qarindoshlarini qidirish choralari (telefon orqali) koʻriladi.
28. Soat 01 dan soat 05 gacha shaxslarni chiqarish ehtiyotkorlik bilan, imkoni boʻlsa qarindoshlar kuzatuvida amalga oshiriladi.
29. Olib kelingan shaxsga chiqarishda bayonnomaga yoki kasallik tarixiga imzo qoʻydirgan holda olib qoʻyilgan ashyolar, hujjatlar, pullar, qimmatli buyumlar qaytariladi.
30. Reabilitatsiya punktlarida ushbu hududga xizmat koʻrsatuvchi ichki ishlar organlarining xodimlari bilan aloqada boʻlish uchun telefon oʻrnatiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2017-yil 13-iyuldagi 31, 93-son (roʻyxat raqami 1050-1, 2017-yil 26-iyul) qarori bilan kiritilgan oʻzgartirishlar bilan; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2020-y., 10/20/1050-2/1643-son)