Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Xudayarovning “Sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Xudayarovning “Sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda sogʻliqni saqlash sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda hamda aholi salomatligini mustahkamlash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada rivojlantirish va tibbiyotni raqamlashtirish kabi muhim yoʻnalishlarda sezilarli natijalarga erishilmoqda.
2025-yilda sogʻliqni saqlash sohasiga taalluqli boʻlgan, xususan, millat genofondini tamaki va nikotin mahsulotlaridan himoya qilishga, donorlarni qoʻllab-quvvatlashga hamda yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olishga qaratilgan 3 ta Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga doir qator farmon va qarorlari hamda hukumat qarorlari qabul qilinib, ularning ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash choralari koʻrildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-88-sonli Farmoniga muvofiq 15 ta tuman va shaharda sogʻliqni saqlash tizimining xalqaro tajribaga asoslangan yangi modeli joriy etildi. Natijada birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholini profilaktik koʻriklardan oʻtkazib borish koʻlami yanada kengaydi. Masalan, joriy yilda 12 million nafardan ortiq 18 — 40 yoshli fuqaro profilaktik koʻrikdan, 7 million nafar 40 yoshdan oshgan fuqaro yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet boʻyicha skriningdan oʻtkazildi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida 70 mingdan ortiq bemor koʻrikdan oʻtkazilib, 17 mingdan ziyod jarrohlik amaliyoti bajarildi. Tibbiyot muassasalari amaliyotida 242 turdagi yangi diagnostika va davolash usullari joriy etildi. Fargʻona va Xorazm viloyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida katarakta kasalligidan aziyat chekayotgan 500 nafarga yaqin bemorda bepul jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Shuningdek Nukus shahrida 420 nafar bemor kardiologik, neyroxirurgik, travmatologik, urologik tekshiruvlardan va boshqa turdagi tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazilib, 290 nafar bemorda begʻaraz jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Joriy yilda tugʻish yoshidagi 8,4 mln. nafar ayol, 18 yoshgacha boʻlgan 13,7 mln. nafar bola profilaktik koʻriklardan oʻtkazildi.
Tibbiyot sohasini raqamlashtirish doirasida “elektron poliklinika”, “elektron shifoxona”, “elektron navbat”, “elektron retsept”, “elektron tibbiy karta”, “elektron patronaj”, “elektron ona va bola” kabi 20 dan ortiq modullarni qamrab olgan yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) joriy etildi. Joriy yilda 4 mingdan ziyod tibbiyot muassasasi DMED tizimiga ulandi, 37 mln. 500 ming nafar shaxsning yagona elektron tibbiy kartasi (MED-ID) shakllantirilib, oilaviy shifokorlarga biriktirildi.
Aholiga yanada koʻproq qulayliklar yaratish maqsadida DMED va tez tibbiy yordam axborot tizimlarining mobil ilovalari ishga tushirildi. DMED mobil ilovasida tibbiy holat haqida xabardor boʻlish va onlayn maslahat olish kabi imkoniyatlar yaratildi.
Bundan tashqari 2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida davlat tibbiy sugʻurtasining yangi mexanizmlari joriy etildi.
Shu bilan birga tahlillar tibbiyot sohasida hal etilishi lozim boʻlgan muayyan masalalar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5590-sonli Farmonida “Majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi, “Tibbiy faoliyat va tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasining Sogʻliqni saqlash kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilangan boʻlsa-da, ushbu hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritilmagan.
Shuningdek “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan tegishli vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Biologik xavfsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish maqsadga muvofiq.
Birlamchi tibbiyot muassasalarida barcha ish jarayonlarining toʻliq elektron dasturlar orqali amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilayotgan boʻlsa-da, aksariyat tibbiyot muassasalarida kompyuter jihozlarining yetishmovchiligi va Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanish tezligining pastligi bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari chekka hududlardagi ayrim tibbiyot muassasalarida hujjatlar haligacha ikki xil tarzda — elektron shaklda va qogʻozda yuritilmoqda. Shuningdek tibbiyot tizimida yoʻlga qoʻyilgan elektron xizmatlar yuzasidan aholining xabardorlik darajasi ham yetarlicha emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Xudayarovning “Sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga:
sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish;
aholiga birlamchi tibbiy xizmatlar koʻrsatish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda sohada ishga tushirilgan axborot tizimlari va ularning mobil ilovalari haqida aholini kengroq xabardor qilish choralarini koʻrish;
barcha birlamchi tibbiyot muassasalarini kompyuter jihozlari bilan toʻliq taʼminlash va ularda Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanish tezligini yaxshilash borasidagi ishlarni tizimli ravishda tashkil etish;
respublikaning barcha hududlarida tibbiy sugʻurta mexanizmlarini joriy etish borasidagi ishlarni oʻz vaqtida va samarali tarzda yakuniga yetkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlariga muvofiq sogʻliqni saqlash sohasiga doir qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini oʻz vaqtida ishlab chiqish va parlament muhokamasiga kiritish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-dekabr,
1595-V-son