Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Tashkulovning “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Tashkulovning “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini tubdan isloh qilish, aholiga va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat organlari faoliyatiga raqamlashtirish va avtomatlashtirishni keng joriy etish orqali inson omilini kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-157-sonli Farmonida aholiga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sonini oshirish va ularni raqamlashtirish, byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish orqali aholining mablagʻlarini tejash hamda maʼmuriy xarajatlarni qisqartirish kabi vazifalar belgilab berilgan.
Bugungi kunda respublikamizda mavjud 208 ta tuman va shaharning har birida davlat xizmatlari markazlari (bundan buyon matnda markazlar deb yuritiladi), shuningdek olis va togʻli hududlarda ularning 138 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Markazlar zamonaviy binolarda joylashgan boʻlib, elektron navbat tizimlari, axborot kiosklari, bolalar burchaklari, kutubxonalar bilan jihozlangan, shuningdek ularda salomatlik burchaklari tashkil etilgan.
Markazlar xizmatlaridan foydalanish darajasi yildan yilga oʻsib bormoqda. Jumladan, bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 770 dan ortiq, markazlar orqali esa 500 dan ortiq xizmatni koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Bir ish kuni mobaynida oʻrta hisobda 100 ming nafarga yaqin fuqaro mazkur markazlarga murojaat qilmoqda. 2025-yilning 9 oyi davomida markazlar tomonidan koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni 19,7 milliondan oshgan boʻlib, mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3,5 millionga oʻsgan.
Olis va chekka hududlarda yashovchi fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida markazlar tomonidan davlat xizmatlarini sayyor tartibda koʻrsatish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, 2025-yilning 9 oyi davomida koʻrsatilgan sayyor davlat xizmatlarining soni 900 mingga yaqinlashgan boʻlsa, 2023 va 2024-yillarda mazkur koʻrsatkich mos ravishda 570 va 660 mingtani tashkil etgan.
Joriy yildan boshlab markazlarda pensionerlarni, homilador ayollarni va uch yoshga toʻlmagan bolasi bilan kelgan fuqarolarni navbatsiz qabul qilish amaliyoti joriy etilgan.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan 150 turdagi maʼlumot va hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinishi natijasida fuqarolar va tadbirkorlarning 22,7 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlari tejalishiga erishilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatishda toʻlovlarning 50 foizi miqdorida chegirma qoʻllanilishi joriy qilingan boʻlib, mazkur imtiyoz 2024-yilda 114 ming nafardan ortiq shaxsga nisbatan qoʻllanilgan.
Oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish tizimini rivojlantirish maqsadida 200 ga yaqin mahallada uzluksiz ishlaydigan interaktiv kiosklar oʻrnatilgan. 2024-yilda koʻrsatilgan xizmatlarning soni qariyb 27,4 millionga yetgan boʻlib, ularning 13,8 milliondan ortigʻi, yaʼni 50,4 foizi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilgan.
Bir qancha davlat xizmatlarini eksterritorial prinsip asosida koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Bunda davlat xizmatlarini koʻrsatish yashash joyidan qatʼiy nazar amalga oshirilib, aholi va tadbirkorlar uchun oʻzlariga qulay boʻlgan joydagi markazlarga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida 26 ta markazda identifikatsiyalovchi ID-kartalarni rasmiylashtirish, 110 ta markazda haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirish, 138 ta markazda xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish imkoniyatlari yaratilgan.
Korrupsiyaviy omillar kelib chiqishining oldini olish maqsadida davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, markazlar faoliyatini 3 mingdan ortiq kamera orqali masofaviy monitoring qilish, sifatini baholash va samaradorligini tahlil qilish boʻyicha “Situatsion markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi “Cert International” xalqaro tashkiloti (Slovakiya) tomonidan ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiq deb baholangan.
Sohada yoʻl qoʻyilayotgan umumiy qonun buzilishi hollarining oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3 baravar kamayishiga, shundan ijro muddati buzilishi hollarining 3,5 baravar, asossiz rad etish hollarining 2 baravar, ortiqcha hujjat talab qilish hollarining 2 baravar kamayishiga erishilgan.
Davlat xizmatlari koʻrsatuvchi vakolatli davlat organlarining hamda fuqarolarning vaqtini va sarf-xarajatlarini tejash maqsadida 11 ta davlat xizmati boʻyicha rad etish hollarini ariza berish jarayonida avtomatik tarzda tekshirish imkoniyati yaratilgan hamda 1,5 millionga yaqin rad etish hollarining oldi olinishiga erishilgan.
Shu bilan birga sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjud.
Jumladan, 400 ga yaqin davlat xizmatining hali ham elektron shaklga oʻtkazilmaganligi, ayniqsa, chekka va olis hududlarda interaktiv kiosklar yetarli emasligi fuqarolarning raqamli xizmatlardan toʻliq foydalanishiga imkon bermayapti. Bu holat raqamli transformatsiya jarayonlari hududlar boʻyicha nomutanosib tarzda amalga oshirilayotganligini koʻrsatadi.
Shuningdek davlat organlarining elektron axborot tizimlari toʻliq integratsiya qilinmaganligi ham xizmatlarning sifati va tezkorligiga salbiy taʼsir etmoqda. Ayrim idoralarda hujjatlar almashinuvi sekinligi va qayd etish jarayonlarida inson omilining yuqoriligi ortiqcha byurokratiyaga, ijro muddatlarining buzilishiga hamda fuqarolardan asossiz hujjatlar talab qilinishiga sabab boʻlmoqda. Shu bois integratsiya toʻliq taʼminlanmaganligi fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini pasaytirmoqda hamda davlat xizmatlari sohasidagi jiddiy tizimli muammolardan biri boʻlib qolmoqda.
2025-yilning 9 oyida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida aniqlangan qonun buzilishi hollarining soni 187 mingdan ziyod boʻlib, ularning 120 mingdan ortigʻi — ijro muddati buzilishi, 39 mingdan ortigʻi — asossiz rad etish, 12 mingdan ortigʻi — ortiqcha hujjat talab qilish bilan bogʻliq holatlardir. Bunday huquqbuzarliklar oʻtgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamayganligi qayd etilgan boʻlsa-da, ayrim idoralarda ularning takrorlanishi xizmat koʻrsatish sifatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A. Tashkulovning “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga:
davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, elektron shaklga oʻtkazilmagan 400 ga yaqin xizmatni qisqa muddatlarda raqamli formatga oʻtkazish choralarini koʻrish;
davlat organlarining axborot tizimlari toʻliq integratsiya qilinishini tezlashtirish, maʼlumotlar almashinuvidagi toʻsiqlar va kechikishlarni bartaraf etish;
chekka va olis hududlarda aholi uchun elektron xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish maqsadida interaktiv kiosklar sonini bosqichma-bosqich oshirish, texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash;
davlat xizmatlarini koʻrsatishda qonun buzilishi hollarini keltirib chiqaruvchi va xizmat koʻrsatish sifatiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni kamaytirish boʻyicha tizimli choralar koʻrish;
tartib-taomillar va xizmatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish, takrorlanuvchi funksiyalarni aniqlash hamda bartaraf etish;
xizmatlar koʻrsatish muddatlarini kamida 50 foizga qisqartirish;
jarayonlarni raqamlashtirish va “raqamli byurokratiya”ni (ortiqcha elektron kelishuvlarni, maʼmuriy cheklovlarni) bartaraf etish;
qarorlar qabul qilish jarayonini avtomatlashtirish uchun sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-dekabr,
1527-V-son