OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi faoliyatini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-255-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-dekabr,
817-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 817-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-sentabrdagi 490-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus taʼlim-tarbiya muassasalaridagi alohida mehnat sharoitlari uchun qoʻshimcha haq belgilangan pedagog xodimlar lavozimlari roʻyxati, mazkur toʻlovlarning turlari va miqdorlarida:
I-bandning birinchi xatboshisidagi “pedagogik xodimlar,” soʻzlari “pedagogik xodimlar (jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarining tarbiyachilari bundan mustasno),” soʻzlari bilan almashtirilsin;
II-bandning birinchi xatboshisidagi “bolalar muassasalaridan tashqari” soʻzlari “bolalar muassasalari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlardan tashqari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻqituvchilar va oʻquvchilar turmushi moddiy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 20-avgustdagi 409-son qarorining 2-bandidagi “pedagog xodimlar,” soʻzlari “pedagog xodimlar (jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarining tarbiyachilari bundan mustasno),” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida” 2016-yil 27-apreldagi 123-son qarorida:
a) 1-ilovaning 6-bandi oʻn oltinchi xatboshisi “hududda aholini jamoaviy” soʻzlaridan keyin “va adaptiv” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 2-ilovaning 6-bandi oʻn toʻrtinchi xatboshisi “hududda aholini jamoaviy” soʻzlaridan keyin “va adaptiv” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 3-ilovaning 6-bandi oʻn toʻrtinchi xatboshisi “hududda aholini jamoaviy” soʻzlaridan keyin “va adaptiv” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 13-maydagi 391-son qarorining 3-bandi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, qoʻshma tipdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi oʻsishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlar boʻlgan bolalarga moʻljallangan guruhlarda ishlovchi mutaxassis (tibbiyot xodimlari bundan mustasno), ishlab chiqarish, oʻquv yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar toʻlanadi”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2023-yil 28-dekabrdagi 687-son qarorida:
a) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzurida “Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
a) Markaz:
xoʻjalik yurituvchi subyekt hisoblanadi;
Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi, Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
axborot tizimlarini ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash, server, kompyuter qurilmalari va telekommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish, Agentlik tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sunʼiy intellekt bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish, “Call-markaz” hamda media-markaz faoliyatini tashkil etish, avtomatik tarzda amalga oshirilayotgan elektron toʻlovlarni kuzatib borish va boshqa sohalarda Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan loyihalarga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida moliyalashtiriladi;
b) Markaz tomonidan Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hamda Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar qiymati mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq tartib asosida aniqlanadi hamda aniqlangan qiymat doirasida shartnoma(lar) tuziladi”;
v) 1-ilovada:
7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Jamgʻarma:
ushbu Nizomning 18-bandiga muvofiq amalga oshiriladigan xarajatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi Kuzatuv kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Kuzatuv kengashi);
umumiy faoliyati boʻyicha esa Agentlikka hisobdordir”;
quyidagi mazmundagi 101 — 105-bandlar bilan toʻldirilsin:
“101. Kuzatuv kengashi:
har yili Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini, Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari balansi prognoz koʻrsatkichlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Jamgʻarma faoliyati haqidagi hisobotlarini har yili, hisobot yilidan keyingi yilning birinchi choragida eshitib boradi va tasdiqlaydi;
umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida, zarurat boʻlganda, Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlariga oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar, boshqa tashkilotlarni jalb qiladi, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalarini jalb etishda Jamgʻarmaga koʻmaklashadi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish, tegishli loyihalarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va zarur tavsiyalar tayyorlanishini taʼminlash maqsadida ekspert-tahlil guruh (lar)ini tashkil qiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
102. Kuzatuv kengashi majlislari zaruratga koʻra, lekin bir yilda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
103. Kuzatuv kengashi majlisini kengash raisi, u boʻlmagan taqdirda esa kengash raisining oʻrinbosari boshqaradi.
104. Kuzatuv kengashi majlisi unda kengash aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etganda, vakolatli (kvorumga ega) hisoblanadi.
Kuzatuv kengashining qarori kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng boʻlganda, Kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
105. Kuzatuv kengashi qarorlari Kuzatuv kengashi majlisining bayonnomalari bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kuzatuv kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi”;
11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Agentlik:
Jamgʻarma tomonidan aholiga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda moliyalashtirish tartibi va qoidalarini belgilaydi;
Jamgʻarma faoliyati, shu jumladan, mablagʻlarning belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha maqsadli yoʻnaltirilishi, ijtimoiy sohaga doir qarorlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Agentlikning umumiy boshqaruv xodimlari soni doirasida Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) shtatlar soni va tuzilmasiga oʻzgartirish kiritadi;
Jamgʻarma Ijrochi direktori va uning oʻrinbosarini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimdan ozod etadi”;
ikkinchi, uchinchi va oltinchi xatboshilaridagi “Agentlikka” soʻzi “Kuzatuv kengashiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “Agentlikka” soʻzi “Kuzatuv kengashi va Agentlikka” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini zarur hollarda tasdiqlangan smetalarga kiritiladigan tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlaydi;”
yettinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin;
18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi:
“Muruvvat” internat uylari, Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish xarajatlarini moliyalashtirish;
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) va faoliyatini takomillashtirish xarajatlarini moliyalashtirish;
aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash;
protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlari va loyihalarini moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning yoki Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar aʼzolarining imtiyozli hamda bepul statsionar, shu jumladan, chet davlatlardagi tibbiyot muassasalarida davolanishini taʼminlash xarajatlarini qoplash;
nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻquv, didaktik va boshqa muqobil materiallar bilan taʼminlash;
nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy va maʼnaviy rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish hamda ularni madaniy tadbirlar va sportga jalb etish xarajatlarini moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlagan ish beruvchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda subsidiya ajratish;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar va qulay muhit yaratishga qaratilgan dastur va chora-tadbirlarni moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning funksional imkoniyatlarini baholash xizmatini tashkil etish, shu jumladan, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda avtotransport va boshqa zarur jihoz va uskunalar xarid qilish boʻyicha loyiha va dasturlarni moliyalashtirish;
yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalarga xizmat koʻrsatish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
mehribonlik uylari va bolalar uylari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish xarajatlarini moliyalashtirish;
voyaga yetmagan bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish xizmatlarini moliyalashtirish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga, shuningdek, istisno tariqasida, kambagʻal oilalarning vasiylik va homiylik tayinlangan bolalariga yordam koʻrsatish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning iqtidorli bolalarini qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq tadbirlar xarajatlarini qoplash;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning sogʻligini saqlash, salomatligini tiklash, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, taʼlim berish, kasb-hunarga yoʻnaltirish va ishga joylashtirish tadbirlarini tashkil etish;
jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlikning eng kichik yoshiga yetmagan bolalarga psixologik yordam koʻrsatish, ularni kasbga oʻqitish va tarbiyalash tadbirlarini tashkil etish;
qarovsiz va boshpanasiz qolgan, zoʻravonlik qurboni boʻlgan, jinoyat qurbonlari va guvohlari boʻlgan, jinoyat sodir etgan va jinoiy javobgarlik yoshiga yetgan hamda fuqarolik protsessida ishtirok etayotgan bolalarning ijtimoiy va huquqiy himoyasini tashkil etish;
voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlari va respublika taʼlim muassasalarining loyiha hamda dasturlarini moliyalashtirish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 3 yoshgacha boʻlgan farzandlariga davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xizmatlari uchun haq toʻlash xarajatlarini qoplash;
ehtiyojmand aholi qatlamiga tibbiy, psixologik va boshqa xizmatlar koʻrsatish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash hamda ijara toʻlovlarini qoplash;
oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgan uysiz fuqarolarni vaqtincha boshpana (ijtimoiy uylar) bilan taʼminlash;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning oʻqish, kasbga tayyorlash, malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qisman yoki toʻliq qoplash;
zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarni himoya va reabilitatsiya qilish bilan bogʻliq loyiha va tadbirlarni moliyalashtirish;
palliativ yordam koʻrsatish markazlari va shelterlar, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan shaxslarning hayot tarzini yaxshilash va ularga xizmat koʻrsatish maqsadida koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar hamda Agentlik tizimidagi boshqa tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish, oʻquv qoʻllanmalar va didaktik materiallar bilan taʼminlash va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan shaxslarning hayot tarzini yaxshilash va ularga xizmat koʻrsatish maqsadida koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar loyihalari va qoʻllab-quvvatlash dasturlarini moliyalashtirish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining (koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus texnikum, “International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi va boshqalar) tarbiyalanuvchilari, oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan (tashkil etiladigan) milliy va xalqaro koʻrik-tanlov, olimpiada, musobaqa, bellashuv va boshqa tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni (ishtirokchilarning kelib ketish, yashash, transport, mehmonxona, ovqatlanish, esdalik sovgʻalarini berish, tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar) moliyalashtirish;
tunu kun faoliyat koʻrsatadigan Call-markaz xizmatini tashkil etish va takomillashtirish;
“ijtimoiy karta”larni joriy etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslar va harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar, shuningdek, aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun “ijtimoiy taksi” xizmatini tashkil etish va takomillashtirish;
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari va mahallalardagi ijtimoiy xodimlarga faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichini (KPI) baholash asosida ragʻbatlantirish toʻlovlarini joriy etish;
joylarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish va ularni koʻrsatish xarajatlarini moliyalashtirish;
ijtimoiy himoya sohasini avtomatlashtirish va raqamlashtirish tadbirlarini, shu jumladan, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, texnik uskuna va vositalarni sotib olish hamda tizimda axborot kommunikatsiya va texnologiyalarini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni moliyalashtirish;
SMS-xabar yuborish xizmatlari boʻyicha barcha xarajatlarni moliyalashtirish;
xalqaro maslahatchilar, konsalting va tadqiqot kompaniyalarini yollashni moliyalashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va joriy etish chora-tadbirlari;
axborot-maʼlumot va reklama, maqolalar, broshyuralar, qoʻllanmalar hamda boshqa axborot materiallarini tayyorlash va nashr etish, shu jumladan, video va audio roliklar hamda filmlar yaratish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va aholini ijtimoiy muhofaza qilish hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni tashkil etish uchun haq toʻlash;
aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlarni koʻrsatish sohasida tajriba-loyihalarni moliyalashtirish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlari xodimlarini qoʻllab-quvvatlash (ragʻbatlantirish, mukofotlash, ustamalar toʻlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish davri uchun pullik kompensatsiya) va ijtimoiy himoya qilish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish xarajatlarni qoplash;
konferensiyalar, seminarlar, olimpiadalar, tanlovlar, koʻrgazmalar, chet elda oʻtkaziladigan tadbirlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlari xodimlari hamda tizim tashkilotlari oʻquvchi va tarbiyalanuvchilarining respublikada va chet elda tashkil etiladigan tadbirlarda qatnashishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni moliyalashtirish;
shartnoma asosida jalb qilinadigan yuqori malakali, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarning xarajatlarini (mehnatga haq toʻlash, yashash, transport xarajatlari va boshqalar) moliyalashtirish;
nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan amalga oshiriladigan ijtimoiy mavzudagi loyihalar hamda davlat ijtimoiy buyurtmalarini moliyalashtirish;
fuqarolar, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda tadbirkorlik subyektlarini “Ijtimoiy himoya fidoyisi” idoraviy koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, mukofotlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizimdagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish;
ijtimoiy himoya sohasiga homiylik qilish istagi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan amalga oshiriladigan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizimdagi tashkilotlar xodimlarini hamda jalb qilingan volontyorlar uchun maxsus kiyim-bosh, sumka va boshqa sovgʻalar berish hamda boshqa xarajatlarini qoplash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va qarorlari bilan belgilangan miqdorda Agentlik huzuridagi budjetdan tashqari Ijtimoiy himoya milliy agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltirish;
Agentlik, uning hududiy boʻlinmalari va tizim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, shu jumladan, asbob-uskunalar, inventar, avtotransport vositalari, diagnostika vositalari, ixtisoslashtirilgan tibbiy-reabilitatsiya uskunalari hamda oʻquv materiallari va boshqalarni xarid qilish, shuningdek, oʻquv qoʻllanmalar va didaktik materiallar bilan taʼminlash;
Agentlikning axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish va boshqa sohalar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun “Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasi faoliyatini moliyalashtirish va saqlash xarajatlari uchun subsidiya ajratish;
Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazini tashkil etish, saqlash, xodimlarini ragʻbatlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari (qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, tegishli uskuna va jihozlar sotib olish va boshqa) xarajatlarini moliyalashtirish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni muqobil joylashtirish shakllarini, shu jumladan, kichik hajmli bolalar uylarini tashkil etish tadbirlarini (uy-joy xarid qilish, qurish, joriy taʼmirlash, ijaraga olish. tegishli uskuna va jihozlar sotib olish, nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish, saqlash va boshqa xarajatlar) moliyalashtirish;
hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarini tashkil etish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni moliyalashtirish;
ijtimoiy himoya sohasidagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan birgalikda moliyalashtirish;
homiylardan maqsadli jalb qilingan mablagʻlarni kelishuvga koʻra homiylar tomonidan belgilangan ijtimoiy loyihalarga yoʻnaltirish.
Jamgʻarma Kuzatuv kengashining topshirigʻiga asosan qoʻshimcha tadbirlarga va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarga mablagʻ ajratilishi mumkin”;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Quyidagi budjet mablagʻlari hisobidan xarajatlar Agentlik hamda uning hududiy boʻlinmalari orqali alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali moliyalashtirilib, Jamgʻarma xarajatlari bilan qoʻshilgan holda ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar hisobotlarida aks ettiriladi:”;
beshinchi xatboshidagi “voyaga yetkazayotgan” soʻzlari “parvarishlayotgan” soʻzi bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash;”;
22-bandning uchinchi xatboshisidagi “ruxsati bilan” soʻzlari “buyrugʻiga asosan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 221-band bilan toʻldirilsin:
“221. Kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq Jamgʻarmadan xarajatlar mazkur Nizomning 22-bandi uchinchi xatboshisida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
23-band “budjetdan tashqari jamgʻarmalariga” soʻzlaridan oldin “alohida maxsus gʻazna hisobvaraqlari yoki” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi 251-band bilan toʻldirilsin:
“251. Jamgʻarma bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun undirilgan jarima va penya summalari Jamgʻarmaning rivojlantirish jamgʻarmasida jamlanadi hamda Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan mustaqil ravishda sarflanadi”;
g) quyidagi mazmundagi 3-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi 687-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
“Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasi tomonidan Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar qiymatini aniqlash
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) buyurtmasiga asosan Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) va Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan “Axborot texnologiyalar markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarning qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Tartibda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
loyiha — Agentlik buyurtmasiga asosan axborot tizimlarini ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash, server, kompyuter qurilmalari va telekommunikatsiya tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatish, Agentlik tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sunʼiy intellekt bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish, “Call-markaz” hamda media-markaz faoliyatini tashkil etish, avtomatik tarzda amalga oshirilayotgan elektron toʻlovlarni kuzatib borish va boshqa sohalardagi xizmatlarni amalga oshirish;
loyihalarga jalb qilinadigan mutaxassislar — loyiha doirasida jalb qilinadigan dasturchilar, loyihachilar, “Call-markaz” xizmati xodimlari, Media-markaz xodimlari, Markazning hududiy mutaxassislari va boshqa ishlarda ishtirok etuvchi xodimlar.
2-bob. Agentlik buyurtmasiga asosan Jamgʻarma va Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Markaz tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha shartnoma qiymatini aniqlash tartibi
3. Loyihalar boʻyicha shartnomaning umumiy qiymati quyidagi xarajatlardan shakllanadi:
loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar;
soliq va boshqa majburiy toʻlovlar xarajatlari;
markaz, boshqaruv va yordamchi xodimlarni saqlash xarajatlari;
Markazning foydasi.
4. Axborot tizimlarni texnik qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar loyihalarga jalb qilinadigan mutaxassislarga toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash fondi hamda loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan kelib chiqib hisoblanadi.
Bunda:
a) loyiha qiymatini aniqlashda inobatga olinadigan mutaxassislarning shartli shtat birliklari soni har bir axborot moduli uchun oʻrtacha 1,85 shtat birligi hisobidan kelib chiqib aniqlanadi;
b) mehnatga haq toʻlash fondi quyidagi formula asosida hisobi-kitob qilinadi:
MHTF = 1,85 * MS * 16 * MHTEKM * LAOOS;
MHTF — mehnatga haq toʻlash fondi;
MS — modullar soni;
MHTEKM — Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (agar markaz ijtimoiy soliq toʻlovchi boʻlsa, unda ushbu miqdor ijtimoiy soliq miqdoriga oshirilib hisobga olinadi);
LAOOS — loyihalar amalga oshiriladigan oylar soni.
Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar mehnatga haq toʻlash fondining 5 foiz miqdorida belgilanadi.
5. “Call-markaz” xizmati boʻyicha loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar jalb qilinadigan mutaxassislarga toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash fondi hamda loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan kelib chiqib hisoblanadi.
Bunda:
a) “Call-markaz” xizmati loyihasi qiymatini aniqlashda inobatga olinadigan mutaxassislarning (koll-markaz rahbarlari, supervayzer va boshqa xodimlarni hisobga olgan holda) shartli shtat birliklari soni Agentlikning qisqa raqamlari orqali audio, vizual va matnli har oylik 2 300 ta murojaat uchun bir shtat birligi hisobidan aniqlanadi;
audio, vizual va matnli har oylik murojaatlar soni loyiha qiymatini hisoblashdan oldingi 3 oylik oʻrtacha koʻrsatkichlari olinadi. Bunda loyihani amalga oshirish davrida audio, vizual va matnli murojaatlar oshgan taqdirda oxirgi 3 oylik koʻrsatkichlardan kelib chiqib, loyiha qiymati qayta koʻrib chiqilishi va amaldagi shartnomaga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin;
b) mehnatga haq toʻlash fondi quyidagi formula asosida hisob-kitob qilinadi:
MHTF = OʻOQS /2300 * 10,5 * MHTEKM * LAOOS;
MHTF — mehnatga haq toʻlash fondi;
OʻOQS — oxirgi uch oydagi oʻrtacha audio, vizual va matnli murojaatlar soni;
MHTEKM — Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (agar markaz ijtimoiy soliq toʻlovchi boʻlsa, unda ushbu miqdor ijtimoiy soliq miqdoriga oshirilib hisobga olinadi);
LAOOS — loyihalar amalga oshiriladigan oylar soni.
Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar mehnatga haq toʻlash fondining 5 foiz miqdorida belgilanadi.
6. Agentlikning hududiy boʻlinmalaridagi mavjud kompyuter va orgtexnika vositalariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar jalb qilinadigan mutaxassislarga toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash fondi hamda loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan kelib chiqib hisoblanadi.
Bunda:
a) Agentlikning hududiy boʻlinmalari, shu jumladan, ijtimoiy xodimlar tomonidan foydalanilayotgan orgtexnikalarga texnik xizmat koʻrsatish loyihasi xodimlari soni har bir hududda kompyuter, noutbuk, printer, skaner, elektron doskalarning soni 450 tagacha boʻlgan hududda bir shartli shtat birligi, 450 dan 600 tagacha boʻlgan hududlarda 1,5 shartli shtat birligi, 600 dan yuqori boʻlgan hudud uchun 2 shartli shtat birligi hisobidan aniqlanadi;
b) mehnatga haq toʻlash fondi quyidagi formula asosida hisob-kitob qilinadi:
MHTF = SHSHBS * 11,5 * MHTEKM * LAOOS;
MHTF — mehnatga haq toʻlash fondi;
SHSHBS — shartli shtat birliklari soni har bir hududdagi kompyuter, noutbuk, printer, skaner, elektron doskalarning sonidan kelib chiqib, mazkur bandning “a” kichik bandida koʻzda tutilgan shartlar asosida hisoblangan yigʻindisiga teng;
MHTEKM — Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (agar markaz ijtimoiy soliq toʻlovchi boʻlsa, unda ushbu miqdor ijtimoiy soliq miqdoriga oshirilib hisobga olinadi);
LAOOS — loyihalar amalga oshiriladigan oylar soni;
Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar mehnatga haq toʻlash fondining 5 foiz miqdorida belgilanadi.
7. Soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblanadi.
8. Markaz, boshqaruv va yordamchi xodimlarni saqlash xarajatlari mazkur tartibning 4 — 6-bandlarida koʻzda tutilgan loyihalar qiymati bilan birga koʻzda tutiladi hamda cheklangan mablagʻlar miqdori ushbu bandlarga muvofiq aniqlangan loyiha qiymatining 40 foizgacha miqdorida belgilanadi.
Boshqaruv va yordamchi xodimlarning cheklangan soni va ularga mehnatga haq toʻlash shartlari Agentlik direktorining buyrugʻi asosida belgilanadi.
Bunda:
boshqaruv xodimlariga Markaz direktori, uning oʻrinbosarlari, inson resurslari, hisobxona, tahliliy rejalashtirish, yuridik xizmat, umumiy (ijro va devonxona) boʻlinma xodimlari, shuningdek, avtomatik tarzda amalga oshirilayotgan elektron toʻlovlarni kuzatib borish boʻlimi xodimlari kiradi;
yordamchi xodimlar soni Vazirlar Mahkamasining “Mehnat normalarini ishlab chiqish va joriy qilish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida” 2025-yil 24-iyuldagi 465-son qaroriga muvofiq ayrim yordamchi xodimlar toifasiga mansub kasb va lavozimlar uchun xodimlar sonining namunaviy normalari doirasida belgilanadi.
9. Markaz foydasi loyihalar boʻyicha xarajatlarning 2 foizi miqdorida belgilanadi. Yil yakuni bilan Markaz umumiy foydasi Agentlik direktori tomonidan taqsimlanadi.
10. Agentlik buyurtmasiga asosan Markaz tomonidan ishlab chiqiladigan yangi loyihalarning qiymati loyihaning texnik talabi, amalga oshirish muddati, jalb qilinadigan mutaxassislar toifasi va sonidan kelib chiqib, Agentlik direktorining tegishli buyrugʻi asosida belgilanadi.
11. Markaz tomonidan loyihalarga jalb qilinadigan mutaxassislar belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan loyihalar muddatlari doirasida muddatli mehnat shartnomasi asosida jalb qilinadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Mazkur tartibning 4 — 6-bandlarida shartli ravishda inobatga olinadigan shtat birliklari va ish haqi miqdorlari hamda boshqa xarajatlar foizlari faqatgina loyiha qiymatini aniqlashda foydalaniladi.
Amaliyotda:
zarur boʻlgan mutaxassislar soni va ular mehnatiga haq toʻlash shartlari loyihalarga ajratilgan mablagʻlar doirasida markaz tomonidan mustaqil belgilanadi;
xoʻjalik va boshqa xarajatlar haqiqiy talabdan kelib chiqib, umumiy summa doirasida foydalaniladi;
zarur hollarda, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori yoki Markaz loyihalari boʻyicha ish hajmi oʻzgarganda, loyiha qiymati chorak yakuni bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
13. Markazni xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatida nazorat qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlik va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi”.
6. Vazirlar Mahkamasining “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik-tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 3-fevraldagi 69-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“koʻrik-tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash, shu jumladan, ularga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini va davlat oliy taʼlim muassasalarida oʻqiganlik uchun yillik toʻlov-kontrakt summasining tegishli qismini toʻlash hamda koʻrik-tanlovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishini taʼminlasin;”.
7. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-iyuldagi 463-son qarori bilan tasdiqlangan Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda hududning jamoaviy va adaptiv sport turlari boʻyicha sport musobaqalaridagi natijalari va aholini jamoaviy va adaptiv sport turlariga jalb qilish mezonlariga alohida eʼtibor qaratiladi”.
8. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida “International inclusive hub” xalqaro tayanch inklyuziv professional taʼlim markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida” 2024-yil 19-avgustdagi 518-son qarori 10-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markazga 1 ta imkoniyati cheklangan shaxslarga moʻljallangan yoʻlovchi avtobusni ijara (autsorsing) asosida jalb qilish uchun Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin”.
9. Vazirlar Mahkamasining “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 23-iyuldagi 462-son qarori quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ularning aʼzolariga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2026-yil 1-yanvarga qadar koʻrsatilgan ijtimoiy yordamlar pullari fuqarolar ixtiyorida qoldirilsin”.
10. Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada jadallashtirishga oid chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 6-avgustdagi 499-son qaroriga 1-ilova 1-pozitsiyasining “Davlat xaridi miqdori” ustuni “AQSH dollari” soʻzlaridan keyin “(qoʻshilgan qiymat soligʻisiz)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
Izoh. Mazkur ilova 5-bandi “v” kichik bandiningoʻttiz toʻqqizinchi xatboshisi 2026-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/817/1208-son)