Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Toshkent viloyati Zangiota tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Elektr energiyasini saqlash tizimini qurish orqali energetika xavfsizligini taʼminlash
1. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasida:
(a) “EAGLERISE DEVELOPMENT HK COMPANY LIMITED” (XXR) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Investor) tomonidan “Toshkent viloyati Zangiota tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) doirasida “Mega Energy Power TECH” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) taʼsis etilgani;
(b) Investor, Loyiha kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida 2025-yil 2-dekabrda investitsiya shartnomasi imzolangani hamda unga muvofiq, Investor va Loyiha kompaniyasi Toshkent viloyatida 70 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etgan holda quvvati 150 MVt (300 MVt soat) boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
(v) 2025-yil 11-iyunda Loyiha kompaniyasi bilan “Oʻzenergosotish” AJ oʻrtasida Elektr energiyasini saqlash xizmati boʻyicha bitim hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida Tarmoqqa ulash toʻgʻrisida bitim (keyingi oʻrinlarda — Bitimlar) imzolaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
II. Majburiyat va imtiyozlar
2. Belgilansinki, Bitimlarga muvofiq:
(a) Loyiha kompaniyasi oʻz zimmasiga elektr energiyasini saqlash tizimi foydalanishga kafolatlangan tarzda tayyor turishini taʼminlash majburiyatini oladi;
(b) Loyiha kompaniyasi Loyiha doirasida elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya quradi hamda ishga tushirilgandan soʻng ularni “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi. Bunda:
(i) Loyiha kompaniyasining elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya qurish uchun sarflagan xarajatlari elektr energiyasini saqlash xizmati tarifi tarkibida koʻzda tutiladi;
(ii) elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga bepul topshiriladi, shuningdek, ushbu obyektlar soliq solish obyekti hisoblanmaydi;
(v) “Oʻzenergosotish” AJ oʻn besh yil davomida elektr energiyasini saqlash tizimidan foydalanganlik uchun hamda Loyiha kompaniyasi tomonidan elektr uzatish tarmoqlari va podstansiya qurishga sarflangan xarajatlar toʻliq qoplanguniga qadar ushbu xarajatlarni belgilangan tarifga qoʻshgan holda toʻlovni amalga oshirish majburiyatini oladi;
(g) elektr energiyasini saqlash tizimidan foydalanganlik uchun toʻlovlar chet el valyutasida denominatsiyalangan qatʼiy tarif boʻyicha milliy valyutada amalga oshiriladi;
(d) Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 5,4 million AQSH dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi;
(j) elektr energiyasini saqlash tizimini qurish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari Bitimlarga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinadi.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi tomonidan Loyihani amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi va Investor huquqini Investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish haqida bitimlar tuzish huquqi berilsin.
4. Quyidagilarga:
(a) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzenergosotish” AJga Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Bitimlarda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Loyihani amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasi va boshqa maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan holda jalb qilishga;
(b) “Oʻzenergosotish” AJga elektr energiyasini saqlash tizimidan foydalangani uchun uch oy mobaynida toʻlov majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el bankining chet el valyutasida tasdiqlangan tiklanuvchi akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
III. Loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari
5. Loyihani amalga oshirish doirasida:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Investor va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlansin;
(b) tegishlicha “Oʻzenergosotish” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Bitimlar maʼqullansin.
6. Belgilansinki, Loyiha kompaniyasiga barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda Loyihani moliyalashtirish doirasida:
(a) kredit olish, chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, chet el valyutasidagi kredit tushumlari) uchun chet eldagi chet el banklarida bank hisobvaraqlarini ochish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan chet el pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilari yoki kreditorlariga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish huquqlari beriladi.
7. Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligining Loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidagi ilovaga muvofiq jami 4 gektar yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Toshkent viloyati hokimligi:
(a) Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda, zaruratga koʻra, Loyihani amalga oshirish uchun Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida elektr tarmoqlarini va elektr energetikasi infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun zarur yer uchastkalarini tanlab olsin hamda ularning chegaralariga aniqlik kiritib, tegishliligi boʻyicha ommaviy servitut belgilash va yer fondi toifasini oʻzgartirish yuzasidan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga takliflar kiritish choralarini koʻrsin;
(b) Loyihani amalga oshirish uchun investitsiya shartnomasi va Bitimlarda koʻrsatilgan shartlarga mos keladigan yer uchastkalarini Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratsin. Bunda:
(i) Energetika vazirligi oʻziga berilgan tegishli yer uchastkalari Loyiha kompaniyasiga elektr energiyasini saqlash tizimini qurish hamda Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga elektr tarmoqlarini va elektr energetikasi infratuzilmasi qurilmalarini qurish uchun Loyihani amalga oshirish muddatiga teng davrga ijaraga berilishini taʼminlasin;
(ii) Loyiha kompaniyasi uch oy muddatda yer uchastkalari olib qoʻyilayotgan yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkazilgan zararlarni, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
9. Loyiha kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtirilsin.
10. Investor va Loyiha kompaniyasining buyurtmanomasiga binoan Loyihani amalga oshirish doirasida:
(a) Tashqi ishlar vazirligi — jalb qilinadigan chet el mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
(b) Ichki ishlar vazirligi — jalb qilinadigan chet el mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza berilishi va uning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini;
(9-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
(v) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “Oʻzenergosotish” AJning akkreditiv ochadigan chet el banki oldidagi toʻlov majburiyatlari Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kafolati orqali bajarilgan taqdirda, mazkur bank bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi ushbu bank xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda Energetika vazirligi bilan birgalikda Loyiha amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlar oʻrtasidagi bitimlar doirasidagi majburiyatlar bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
13. Adliya vazirligi Loyihani amalga oshirish doirasida investitsiya shartnomasi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolanadigan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
14. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Loyihalarni amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
16. Qaror ijrosi uchun masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-dekabr,
PQ-381-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PQ-381-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Toshkent viloyati Zangiota tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) boʻlgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Hudud nomi | Yerdan foydalanuvchi nomi | Kontur raqami | Jami yer maydoni (gektar) | Shundan: | Foydalanish maqsadi | ||
ekin yerlar (gektar) | yaylov yerlar (gektar) | boshqa yerlar (gektar) | |||||
Bogʻzor mahallasi | Zaxiradagi yerlar | 4573 q (161q) | 4,0 | 4,0 | - | - | Elektr energiyasini saqlash tizimini qurish |
Jami: | 4,0 | 4,0 | - | - | |||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 07/25/381/1179-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)