Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XOʻJALIGIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI AMALGA OShIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 202-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish va ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, respublika qishloq xoʻjaligida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, mahsulot yetishtiruvchilarning huquqlari va mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. 734 davlat xoʻjaligi xoʻjaliklarning davlatga qarashli boʻlmagan turli shakllariga aylantirildi. Maʼmuriy-boshqaruv apparati xodimlarining soni qisqartirilmoqda, xoʻjaliklarning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasidagi ishlab chiqarish munosabatlari takomillashtirilmoqda.
Ishlab chiqarishning tarkibi tubdan oʻzgardi. Narx belgilash tizimi takomillashtirilmoqda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining deyarli barcha turlari boʻyicha erkin (shartnomaviy) narxlarga oʻtish amalga oshirildi. Davlat buyurtmasi hajmini kamaytirish masalalari izchil hal etilmoqda, mahsulotlarni sotishda xoʻjaliklarning huquq va mustaqilliklari kengaytirilmoqda.
Shu bilan birga iqtisodiy islohotlar qishloqda nihoyatda sekinlik bilan amalga oshirilmoqda, zarur darajada teranlik va mazmundorlik koʻrsatilmayapti. Boshqaruv usullari bozor talablariga javob bermaydi, rasmiyatchilik va maʼmuriyatchilikka barham berilmagan, xorijiy firmalar va kompaniyalarning investitsiyalarini qishloq xoʻjaligiga jalb etish, qoʻshma va xususiy korxonalar tashkil etish ishlari qoniqarsiz olib borilmoqda.
Xoʻjaobod (Mamatazizov), Kegayli (Bayniyozov), Bandixon (Damikov), Buxoro (Shomurodov), Sirdaryo (Mirzayev), Goʻzalkent (Abduraimov) va Hazorasp (Murodov) tumanlarida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda jiddiy kamchiliklar aniqlandi.
Qishloq xoʻjaligida oʻtkazilayotgan iqtisodiy qayta oʻzgartirishlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga rasmiyatchilik bilan toʻralarcha yondashish hollari qoralansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Qayumov), “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni (Mirzayev), Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi (Usmonov), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklariga qishloqda xoʻjalik yuritishning koʻp ukladli shakllarini qaror toptirish dasturini amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlarning ahvolini tanqidiy baholash yuklatilsin.
Ikki oy muddatda davlat xoʻjaliklari oʻrnida tashkil etilayotgan aksionerlik va kooperativ xoʻjaliklar, uyushmalar hamda jamoa qishloq xoʻjaligi korxonalarining boshqa turlari uchun namunaviy tuzilmalar ishlab chiqilsin. Qayta tashkil etilayotgan davlat xoʻjaliklarining muayyan shart-sharoitlariga tatbiqan bu sxemalarni roʻyobga chiqarish boʻyicha tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshirilsin.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish talablariga muvofiq kelmaydigan xoʻjaliklarni oʻzboshimchalik bilan asossiz tashkil etish hollariga yoʻl qoʻyilmasin.
Bu ishni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha shaxsiy javobgarlik viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qishloqda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda qonunlarga rioya qilinishi ustidan .nazorat oʻrnatsinlar, shu yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot taqdim etsinlar.
2. Qayd etib oʻtilsinki, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi (Usmonov) qishloq xoʻjaligining bozor munosabatlariga oʻtishi boʻyicha zarur tadqiqotlar va tajribalar oʻtkazishni taʼminlamadi, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda xoʻjaliklarga amaliy yordam koʻrsatmayapti.
Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasiga bir oy muddatda Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot institutini Bozor islohotlari institutiga aylantirish topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, tuman dehqonchilik sanoati uyushmalarini tugatish hamda ularning oʻrniga oʻz ishini xoʻjaliklar bilan shartnomalar tuzish asosida olib boradigan son jihatidan katta boʻlmagan aksionerlik boʻlinmalarini tashkil etish boʻyicha takliflar kiritsinlar.
Bu organlarning qishloq xoʻjaligi korxonalari moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga har qanday aralashuvlari istisno qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari shu yilning 1-apreligacha Vazirlar Mahkamasiga zarar koʻrib ishlovchi xoʻjaliklarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, shu jumladan, ularning bundan buyon faoliyat koʻrsatishining maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi masalalar boʻyicha aniq takliflar kiritsinlar.
5. 1994-yil mobaynida davlat qishloq xoʻjaligi korxonalarini, idoraviy mansubligi va ishlab chiqarish ixtisoslashuvidan qatʼi nazar, shu jumladan urugʻchilik xoʻjaliklarini ham, xoʻjaliklarning davlatga qarashli boʻlmagan boshqa turlariga aylantirish 1-ilovaga* muvofiq davom ettirilsin va tugallansin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon (fermer) xoʻjaliklariga 2-ilovaga* muvofiq qoʻshimcha yer ajratishni nazarda tutsinlar va ushbu maqsadlar uchun yangi yerlarni birinchi navbatda oʻzlashtirishni taʼminlasinlar.
* 1, 2-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yerlarni dehqon (fermer) xoʻjaliklariga berish tartibi toʻgʻrisida takliflar kiritsin. Bunda “Yer toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yer davlat mulki ekanligi va uning jamoa xoʻjaliklari tasarrufida boʻlishi nazarda tutilsin. Yer dehqon xoʻjaliklariga, xoʻjaliklar orqali yer soligʻi toʻlangan holda va tanlov asosida, foydalanish uchun muayyan muddatga beriladi.
Bogʻ va tokzorlarning kichik uchastkalarini asosiy fondlarni sotib olish huquqi bilan xususiy mulk qilib berish tavsiya etilsin.
7. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi (Husanov) Davlat mulki qoʻmitasi (Gʻofurov) bilan birgalikda ikki oy muddatda qoʻmitani ochiq turdagi aksionerlik uyushmasiga aylantirish ishlarini amalga oshirsin. Viloyat va tuman boʻlinmalari ham ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilsin.
Shu yilning birinchi yarim yilligida har bir tumanda jamoa xoʻjaliklariga, kooperativlarga, dehqon va shaxsiy xoʻjaliklarga, aholiga moddiy-texnika resurslari, ehtiyot qismlar, texnika sotuvchi 2—3 ta ixtisoslashtirilgan doʻkon tashkil etishni va keyinchalik bu doʻkonlarni tanlov asosida shaxsiy mulk qilib sotishni taʼminlasinlar.
1994-yilning 1-apreligacha har bir tumanda shartnoma asosida texnikaga xizmat koʻrsatish va barcha qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarish boʻyicha servis punktlari tashkil etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Qayumov) Davlat mulki qoʻmitasi (Gʻofurov) bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” respublika ishlab chiqarish-ilmiy birlashmasini, uning viloyat va tuman xizmatlarini qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga shartnoma asosida agrokimyo xizmati koʻrsatish boʻyicha ochiq turdagi aksionerlik uyushmalariga aylantirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi shu yilning 1-apreligacha har bir tumanda aholiga qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻi, koʻchatlar va mineral oʻgʻitlar sotadigan doʻkonchalar tashkil etsinlar.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni sotib olinayotgan texnika va boshqa ishlab chiqarish vositalarining narxini arzonlashtirish hamda qoʻshimcha xarajatlarni qisqartirish maqsadida shu yilning 2-choragidan boshlab jamoa xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi kooperativlari, dehqon (fermer) xoʻjaliklarining moddiy-texnika resurslari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan toʻgʻridan toʻgʻri(gorizontal) aloqada boʻlishiga oʻtsinlar.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi (Nosirov), Moliya vazirligi (Guskova), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Qayumov) qishloq xoʻjaligiga sotiladigan mineral oʻgʻitlar va zaharli kimyoviy moddalar, yonilgʻi-moylash materiallari, mashina va mexanizmlar uchun davlat dotatsiyalari berish masalasini ishlab chiqsinlar va bu toʻgʻrida takliflar kiritsinlar.
11. “Oʻztadbirkorbank” (Yusupov) birinchi navbatda dehqon (fermer) xoʻjaliklari, kichik korxonalar, kooperativlar, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga naqd pulga kichik texnika, mineral oʻgʻitlar, chorva mollari, urugʻlik va boshqa moddiy resurslar sotib olishlari uchun ularning mol-mulkini garovga qoʻygan holda imtiyozli kredit resurslari ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi budjet mablagʻlaridan foizsiz kredit hisobiga “Oʻztadbirkorbank”ka ustav fondini toʻldirish hamda qishloq tadbirkorlarining eng muhim muammolarini hal etish uchun 1 mlrd soʻm-kupon ajratsin.
12. Mehnat jamoalarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va ijtimoiy masalalarni hal etish uchun yanada ragʻbatlantirish maqsadida xoʻjaliklarga davlat tomonidan belgilanadigan buyurtmalar (davlat buyurtmalari) bekor qilinsin. Paxta tolasi, don,chorva mollari, parranda va sut bundan istisnodir
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining qayd etib oʻtilgan turlariga (ularning xarid hajmlari boʻyicha) quyidagi hajmlarda davlat buyurtmasi belgilansin: paxta tolasiga — 75 foiz, donga — 75 foiz, chorva mollari va parrandaga— 50 foiz, sutga — 50 foiz.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni, “Oʻzkooptayyorlovsavdo” birlashmasi, “Oʻzbekbirlashuv” va boshqa tayyorlov tashkilotlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan shartnomalar tuzishni, shu yilning 10-martigacha tugallasinlar. Barcha xoʻjaliklarga yetkazilsinki, ekin maydonlari tarkibi va mahsulot yetishtirish hajmlari tayyorlov tashkilotlari va qayta ishlash korxonalari bilan tuzilgan shartnomalardan, shuningdek, bozorlarda mahsulotga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda ular tomonidan mustaqil belgilanadi.
14. 1994-yil 1-yanvardan boshlab qishloqlar hududida joylashgan hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar, yordamchi ishlab chiqarishlar va korxonalar boʻyicha daromadlarga solinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qayd etib oʻtilgan masala boʻyicha, shuningdek, umuman respublika dehqonchilik sanoati majmuida soliq solish tizimini takomillashtirishga oid takliflar kiritsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni 1994-yil 1-aprelgacha xoʻjaliklarning rahbarlari va mutaxassislarini ularning bozor iqtisodiyoti masalalarini bilishlarini va egallab turgan lavozimlariga muvofiqliklari yoki muvofiq emasliklarini aniqlash maqsadida qayta attestatsiyadan oʻtkazsinlar, Jamoa xoʻjaliklari, kooperativlar, dehqon (fermer) xoʻjaliklari, kichik ishlab chiqarishlar rahbarlarini bozor sharoitlarida xoʻjalik yuritishning asosiy prinsiplariga oʻrgatish, mahsulot yetishtirish va sotishga doir huquq va majburiyatlar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyilsin.
16. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi (Nosirov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda qishloq joylarda ishlab chiqarishda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirishning muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalar hamda zarur miqdorda yangi ish oʻrinlari yaratishni oʻz ichiga oluvchi Dasturini ishlab chiqishni taʼminlasin. Ishlarning qanday borayotganligi yilning har choragida Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui majlisida koʻrib chiqilsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui (I. H. Joʻrabekov)ga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-fevral,
88-son