O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XO‘JALIGIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI AMALGA OShIRIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 202-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish va ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, respublika qishloq xo‘jaligida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, mahsulot yetishtiruvchilarning huquqlari va mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. 734 davlat xo‘jaligi xo‘jaliklarning davlatga qarashli bo‘lmagan turli shakllariga aylantirildi. Ma’muriy-boshqaruv apparati xodimlarining soni qisqartirilmoqda, xo‘jaliklarning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasidagi ishlab chiqarish munosabatlari takomillashtirilmoqda.
Ishlab chiqarishning tarkibi tubdan o‘zgardi. Narx belgilash tizimi takomillashtirilmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining deyarli barcha turlari bo‘yicha erkin (shartnomaviy) narxlarga o‘tish amalga oshirildi. Davlat buyurtmasi hajmini kamaytirish masalalari izchil hal etilmoqda, mahsulotlarni sotishda xo‘jaliklarning huquq va mustaqilliklari kengaytirilmoqda.
Shu bilan birga iqtisodiy islohotlar qishloqda nihoyatda sekinlik bilan amalga oshirilmoqda, zarur darajada teranlik va mazmundorlik ko‘rsatilmayapti. Boshqaruv usullari bozor talablariga javob bermaydi, rasmiyatchilik va ma’muriyatchilikka barham berilmagan, xorijiy firmalar va kompaniyalarning investitsiyalarini qishloq xo‘jaligiga jalb etish, qo‘shma va xususiy korxonalar tashkil etish ishlari qoniqarsiz olib borilmoqda.
Xo‘jaobod (Mamatazizov), Kegayli (Bayniyozov), Bandixon (Damikov), Buxoro (Shomurodov), Sirdaryo (Mirzayev), Go‘zalkent (Abduraimov) va Hazorasp (Murodov) tumanlarida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda jiddiy kamchiliklar aniqlandi.
Qishloq xo‘jaligida o‘tkazilayotgan iqtisodiy qayta o‘zgartirishlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga rasmiyatchilik bilan to‘ralarcha yondashish hollari qoralansin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Qayumov), “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni (Mirzayev), O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi (Usmonov), O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklariga qishloqda xo‘jalik yuritishning ko‘p ukladli shakllarini qaror toptirish dasturini amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarning ahvolini tanqidiy baholash yuklatilsin.
Ikki oy muddatda davlat xo‘jaliklari o‘rnida tashkil etilayotgan aksionerlik va kooperativ xo‘jaliklar, uyushmalar hamda jamoa qishloq xo‘jaligi korxonalarining boshqa turlari uchun namunaviy tuzilmalar ishlab chiqilsin. Qayta tashkil etilayotgan davlat xo‘jaliklarining muayyan shart-sharoitlariga tatbiqan bu sxemalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshirilsin.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish talablariga muvofiq kelmaydigan xo‘jaliklarni o‘zboshimchalik bilan asossiz tashkil etish hollariga yo‘l qo‘yilmasin.
Bu ishni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qishloqda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda qonunlarga rioya qilinishi ustidan .nazorat o‘rnatsinlar, shu yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot taqdim etsinlar.
2. Qayd etib o‘tilsinki, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi (Usmonov) qishloq xo‘jaligining bozor munosabatlariga o‘tishi bo‘yicha zarur tadqiqotlar va tajribalar o‘tkazishni ta’minlamadi, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda xo‘jaliklarga amaliy yordam ko‘rsatmayapti.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga bir oy muddatda Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot institutini Bozor islohotlari institutiga aylantirish topshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, tuman dehqonchilik sanoati uyushmalarini tugatish hamda ularning o‘rniga o‘z ishini xo‘jaliklar bilan shartnomalar tuzish asosida olib boradigan son jihatidan katta bo‘lmagan aksionerlik bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritsinlar.
Bu organlarning qishloq xo‘jaligi korxonalari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga har qanday aralashuvlari istisno qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari shu yilning 1-apreligacha Vazirlar Mahkamasiga zarar ko‘rib ishlovchi xo‘jaliklarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, shu jumladan, ularning bundan buyon faoliyat ko‘rsatishining maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha aniq takliflar kiritsinlar.
5. 1994-yil mobaynida davlat qishloq xo‘jaligi korxonalarini, idoraviy mansubligi va ishlab chiqarish ixtisoslashuvidan qat’i nazar, shu jumladan urug‘chilik xo‘jaliklarini ham, xo‘jaliklarning davlatga qarashli bo‘lmagan boshqa turlariga aylantirish 1-ilovaga* muvofiq davom ettirilsin va tugallansin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon (fermer) xo‘jaliklariga 2-ilovaga* muvofiq qo‘shimcha yer ajratishni nazarda tutsinlar va ushbu maqsadlar uchun yangi yerlarni birinchi navbatda o‘zlashtirishni ta’minlasinlar.
* 1, 2-ilovalar berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yerlarni dehqon (fermer) xo‘jaliklariga berish tartibi to‘g‘risida takliflar kiritsin. Bunda “Yer to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yer davlat mulki ekanligi va uning jamoa xo‘jaliklari tasarrufida bo‘lishi nazarda tutilsin. Yer dehqon xo‘jaliklariga, xo‘jaliklar orqali yer solig‘i to‘langan holda va tanlov asosida, foydalanish uchun muayyan muddatga beriladi.
Bog‘ va tokzorlarning kichik uchastkalarini asosiy fondlarni sotib olish huquqi bilan xususiy mulk qilib berish tavsiya etilsin.
7. “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” davlat-kooperativ qo‘mitasi (Husanov) Davlat mulki qo‘mitasi (G‘ofurov) bilan birgalikda ikki oy muddatda qo‘mitani ochiq turdagi aksionerlik uyushmasiga aylantirish ishlarini amalga oshirsin. Viloyat va tuman bo‘linmalari ham ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilsin.
Shu yilning birinchi yarim yilligida har bir tumanda jamoa xo‘jaliklariga, kooperativlarga, dehqon va shaxsiy xo‘jaliklarga, aholiga moddiy-texnika resurslari, ehtiyot qismlar, texnika sotuvchi 2—3 ta ixtisoslashtirilgan do‘kon tashkil etishni va keyinchalik bu do‘konlarni tanlov asosida shaxsiy mulk qilib sotishni ta’minlasinlar.
1994-yilning 1-apreligacha har bir tumanda shartnoma asosida texnikaga xizmat ko‘rsatish va barcha qishloq xo‘jaligi ishlarini bajarish bo‘yicha servis punktlari tashkil etilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Qayumov) Davlat mulki qo‘mitasi (G‘ofurov) bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zqishloqxo‘jalikkimyo” respublika ishlab chiqarish-ilmiy birlashmasini, uning viloyat va tuman xizmatlarini qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga shartnoma asosida agrokimyo xizmati ko‘rsatish bo‘yicha ochiq turdagi aksionerlik uyushmalariga aylantirsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi shu yilning 1-apreligacha har bir tumanda aholiga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘i, ko‘chatlar va mineral o‘g‘itlar sotadigan do‘konchalar tashkil etsinlar.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni sotib olinayotgan texnika va boshqa ishlab chiqarish vositalarining narxini arzonlashtirish hamda qo‘shimcha xarajatlarni qisqartirish maqsadida shu yilning 2-choragidan boshlab jamoa xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi kooperativlari, dehqon (fermer) xo‘jaliklarining moddiy-texnika resurslari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri(gorizontal) aloqada bo‘lishiga o‘tsinlar.
“O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi (Nosirov), Moliya vazirligi (Guskova), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Qayumov) qishloq xo‘jaligiga sotiladigan mineral o‘g‘itlar va zaharli kimyoviy moddalar, yonilg‘i-moylash materiallari, mashina va mexanizmlar uchun davlat dotatsiyalari berish masalasini ishlab chiqsinlar va bu to‘g‘rida takliflar kiritsinlar.
11. “O‘ztadbirkorbank” (Yusupov) birinchi navbatda dehqon (fermer) xo‘jaliklari, kichik korxonalar, kooperativlar, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarga naqd pulga kichik texnika, mineral o‘g‘itlar, chorva mollari, urug‘lik va boshqa moddiy resurslar sotib olishlari uchun ularning mol-mulkini garovga qo‘ygan holda imtiyozli kredit resurslari ajratsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi budjet mablag‘laridan foizsiz kredit hisobiga “O‘ztadbirkorbank”ka ustav fondini to‘ldirish hamda qishloq tadbirkorlarining eng muhim muammolarini hal etish uchun 1 mlrd so‘m-kupon ajratsin.
12. Mehnat jamoalarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va ijtimoiy masalalarni hal etish uchun yanada rag‘batlantirish maqsadida xo‘jaliklarga davlat tomonidan belgilanadigan buyurtmalar (davlat buyurtmalari) bekor qilinsin. Paxta tolasi, don,chorva mollari, parranda va sut bundan istisnodir
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qayd etib o‘tilgan turlariga (ularning xarid hajmlari bo‘yicha) quyidagi hajmlarda davlat buyurtmasi belgilansin: paxta tolasiga — 75 foiz, donga — 75 foiz, chorva mollari va parrandaga— 50 foiz, sutga — 50 foiz.
13. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni, “O‘zkooptayyorlovsavdo” birlashmasi, “O‘zbekbirlashuv” va boshqa tayyorlov tashkilotlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan shartnomalar tuzishni, shu yilning 10-martigacha tugallasinlar. Barcha xo‘jaliklarga yetkazilsinki, ekin maydonlari tarkibi va mahsulot yetishtirish hajmlari tayyorlov tashkilotlari va qayta ishlash korxonalari bilan tuzilgan shartnomalardan, shuningdek, bozorlarda mahsulotga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda ular tomonidan mustaqil belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining.1998-yil 3-fevral 55-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
15. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” konserni 1994-yil 1-aprelgacha xo‘jaliklarning rahbarlari va mutaxassislarini ularning bozor iqtisodiyoti masalalarini bilishlarini va egallab turgan lavozimlariga muvofiqliklari yoki muvofiq emasliklarini aniqlash maqsadida qayta attestatsiyadan o‘tkazsinlar, Jamoa xo‘jaliklari, kooperativlar, dehqon (fermer) xo‘jaliklari, kichik ishlab chiqarishlar rahbarlarini bozor sharoitlarida xo‘jalik yuritishning asosiy prinsiplariga o‘rgatish, mahsulot yetishtirish va sotishga doir huquq va majburiyatlar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilsin.
16. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi (Nosirov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda qishloq joylarda ishlab chiqarishda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirishning muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalar hamda zarur miqdorda yangi ish o‘rinlari yaratishni o‘z ichiga oluvchi Dasturini ishlab chiqishni ta’minlasin. Ishlarning qanday borayotganligi yilning har choragida Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui majlisida ko‘rib chiqilsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui (I. H. Jo‘rabekov)ga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-fevral,
88-son