O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-111-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Belgilansinki, ushbu qarorning asosiy maqsadi axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va axborot sohalarida qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilishda davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni noxolis, ishonchsiz va taqiqlangan axborotlardan himoya qilish samaradorligini oshirish hisoblanadi.
II. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish
2. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Inspeksiya) quyidagi sohalarda maxsus vakolatli davlat organi etib belgilansin:
(a) axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan, sun’iy intellekt sohalarida, axborot tizimi va resurslari, ma’lumotlar bazalari, raqamli xizmatlar, dasturiy ta’minot faoliyatini monitoring va nazorat qilish;
(b) ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish;
(v) noshirlik va matbaa faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilik hujjatlari hamda texnik standartlar talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyatini boshlaganlik (tugatganlik) to‘g‘risida xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
(g) bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, shuningdek, taqiqlangan axborot, jumladan, onlayn platformalarda tarqatilishini cheklash.
3. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, Inspeksiyaning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Inspeksiyaga faoliyati tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining axborot sohasida nazorat va monitoring bo‘yicha vazifa va funksiyalari o‘tkazilishi munosabati bilan qo‘shimcha 54 ta shtat birligi ajratilsin hamda Inspeksiya boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 172 ta etib belgilansin. Bunda Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tartibi va shartlari saqlab qolinadi.
6. Inspeksiya 2027-yil 1-yanvarga qadar, jumladan, quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli nazorat” platformasini ishga tushirsin:
(a) aholi istiqomat qilayotgan, jumladan, olis va chekka hududlardagi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda aloqa sifat ko‘rsatkichlarini monitoring qilish;
(b) axborot tizimlari, resurslari, dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalarida yuzaga kelgan uzilish yoki to‘xtalish holati bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
(v) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan axborot tizimlarining samaradorligi, maqsadliligi va joriy etish darajasini baholash;
(g) jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilishini tashkil etish.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
7. Belgilansinki, Inspeksiya faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
(a) Inspeksiyaning joriy ta’minoti, jumladan, kommunal to‘lovlar va tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish hamda xodimlar oylik ish haqi, unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lash, ustamalar va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish xarajatlari Raqamli texnologiyalar vazirligining Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan;
(b) Inspeksiyaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bino va inshootlarini kapital ta’mirlash (rekonstruksiya qilish), shuningdek, “Raqamli nazorat” platformasini ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar:
(i) Inspeksiya tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan undirilgan ma’muriy va moliyaviy jarimalarning 50 foizi;
(ii) tashqi reklama obyektini o‘rnatishga bo‘lgan huquq uchun oylik yig‘imlardan tushadigan mablag‘larning 10 foizi;
(iii) pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar.
8. “Xabar” gazetasi tahririyati” MCHJ ustav kapitalidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli davlat ulushlarini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markaziga berilsin.
9. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
(a) Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha;
(b) faoliyati tugatilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Hukumat qarorlarini qabul qilsin.
10. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
(a) bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
(b) “Raqamli nazorat” platformasi to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng ikki oy muddatda bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bekor qilish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish asosida Inspeksiya shtat birliklarini maqbullashtirish bo‘yicha taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
13. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-dekabr,
PQ-371-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-371-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining
ASOSIY VAZIFALARI
1. Axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari, axborot tizimlari va resurslari, ma’lumotlar bazalari, raqamli xizmatlar, dasturiy ta’minot faoliyatini monitoring va nazorat qilish yo‘nalishida:
(a) aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari, davriy bosma nashrlarni tarqatish sohasida qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlari talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(b) o‘z vakolati doirasida raqamli texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish va ishlashida axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishi, shuningdek, pochta aloqasi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari xizmatlarining sifatli taqdim etilishi, davriy bosma nashrlar, fonogrammalar, audiovizual asarlar va EHM uchun dasturlar tarqatilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish choralarini ta’minlash ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(v) fonogrammalar, audiovizual asarlar, EHM uchun dasturlar tarqatishda (sotish, ijaraga berish va barchaning e’tiboriga yetkazishda) mualliflik huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(g) normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilot va idoralarda “Elektron hukumat” tizimida infratuzilmani rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(d) ish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish, integrallashgan axborot tizimlarini, ma’lumotlar uzatish va almashishning idoralararo tarmoqlarini joriy etish va ulardan foydalanish, davlat axborot resurslari integratsiyasi, shu jumladan, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(1-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)
(j) “oxirgi milya” tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni, multiservis aloqa tarmoqlari texnologiyalarini, mobil aloqa bozorini, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini, shuningdek, pochta aloqasi xizmatlarini va davriy bosma nashrlar tarqatishni kengaytirish yo‘li bilan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
(z) Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda axloq me’yorlari va qonunchilik talablariga rioya qilinishini monitoring qilish, dasturiy ta’minot ishlab chiqarish va tarqatishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qonunbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va jarima choralarini qo‘llash.
Oldingi tahrirga qarang.
(i) pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar sohalarida qonunchilik hujjatlari ijrosini xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘radi;
(k) qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish va xabardor qilish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish), sotish va (yoki) o‘rnatish (qurish), xorijdan olib kirish va foydalanish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi va tegishli choralar ko‘radi;
(l) ushbu qarorning 2-bandida belgilangan sohalarda litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan va xabardor etmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan subyektlarni o‘rganadi va ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘radi;
(m) tarqatish xizmatlarini ko‘rsatishda, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini, shu jumladan, mobil aloqa va telekommunikatsiya tizimlari tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, qayta qurish, kengaytirish va foydalanishda qonunchilik hujjatlari, normativ hujjatlar, texnik reglamentlar va standartlar, amaldagi normalar va qoidalarning bajarilishini nazorat qiladi va tekshiradi;
(n) telekommunikatsiyalar tarmoqlarining umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlariga ulanish qoidalarining, jumladan, ulanish shartlarining bajarilishini nazorat qiladi, o‘rganadi va tekshiradi;
(o) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan ichki nazorat qoidalariga pochta aloqasi operatorlari, provayderlari rioya etishini belgilangan tartibda monitoring qiladi, o‘rganadi, tekshiradi va nazorat qiladi;
(p) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish ehtimoli mavjud bo‘lgan tavakkalchiliklarni pochta aloqasi sektorida tizimli ravishda o‘rganadi, tahlil qiladi va aniqlaydi, o‘rganish natijalarini hujjatlar bilan qayd etadi hamda aniqlangan tavakkalchiliklarni kamaytirishga doir tegishli choralar ko‘radi;
(r) monitoring va tekshirishlar natijalari bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarliklar haqida tegishli qarorlar qabul qiladi, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi va ularni bartaraf etish muddatlarini belgilaydi, shuningdek, litsenziya beradigan organga xo‘jalik yurituvchi subyektlar litsenziyalarining amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida takliflar kiritadi, Inspeksiya vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar bo‘yicha materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga beradi;
(s) o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy ko‘rsatma yoki taqdimnoma yuboradi;
(t) telekommunikatsiyalar tarmog‘i yoki tizimiga ruxsatsiz kirgan holda qoidabuzarliklar sodir etilgan holatlar yuzasidan qonunchilik hujjatlariga asosan zarur choralarni ko‘radi;
(u) axborotlashtirish, telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning parametrlari va sifat ko‘rsatkichlarini, shu jumladan, raqamli xizmatlar amaldagi qonunchilikka hamda texnik jihatdan tartibga soluvchi normativ hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish va tekshirish o‘tkazadi;
(f) telekommunikatsiyalar vositalariga shikast yetkazgan yoki aloqaning faoliyati to‘xtashi yoki uzilishiga sabab bo‘lgan subyektlarga nisbatan zarur choralar ko‘radi;
(x) telekommunikatsiyalar tarmoqlari ish sifatining pasayishiga yoki telekommunikatsiyalar tarmoqlarining shikastlanishiga olib keladigan harakatlarni sodir etgan, radiochastota organlari tomonidan aniqlangan radioxalaqitlarni vujudga keltirayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga vakolatli idora va tashkilot bilan hamkorlikda chora ko‘radi;
(ch) davlat sirlarini o‘z ichiga olmagan ma’lumotlarni qayta ishlaydigan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(sh) muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining muhim axborot infratuzilmasi subyektlari tomonidan bajarilishini tekshiradi, o‘rganadi va nazorat qiladi;
(e) davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini aniqlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holatini baholaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoniga asosan “i” — “e” kichik bandlar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)
2. Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish hamda ular tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish yo‘nalishida:
(a) ommaviy axborot vositalarida tarqatilishi taqiqlangan va (yoki) cheklangan axborotlarning tarqatilishiga qarshi kurashish yuzasidan qonunchilikda ko‘zda tutilgan choralarni ko‘radi;
(b) ommaviy axborot vositalari, onlayn platformalarda ijtimoiy axborotning tarqatilishida tili, hajmi, davomiyligi, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifiga rioya etilayotgani yuzasidan monitoring va nazorat qilish choralarini ko‘radi;
(v) ommaviy axborot vositalari faoliyati sohasidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(g) ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi va ularning davlat reyestrini yuritadi;
(d) belgilangan tartibda axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida ommaviy kommunikatsiya vositalarida tarqatiladigan axborot materiallarining axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga, fuqarolarning ijtimoiy ongiga buzg‘unchi salbiy axborot-ruhiy ta’sirning oldini olishga, milliy-madaniy an’analar va merosni saqlab qolish va ularning uzviyligini ta’minlashga yo‘naltirilgan respublika qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertiza o‘tkazilishini tashkil etadi;
(j) Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazning xulosasiga asosan:
(i) axborot resursi egalariga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuboradi;
(ii) ommaviy axborot vositalari muassislariga yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun ko‘rsatmalar beradi;
(iii) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan butunjahon Internet tarmog‘i axborot resurslari reyestrini shakllantiradi va yuritadi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF-141-sonli Farmoniga asosan “g” — “j” kichik bandlar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)
3. Noshirlik va matbaa faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va texnik standartlar talablariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyatini boshlaganlik (tugatganlik) to‘g‘risida xabardor qilish tartib taomillarini amalga oshirish yo‘nalishida:
(a) noshirlik va matbaa faoliyati subyektlariga xabardor qilish tartibidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatadi hamda noshirlik va matbaa faoliyati sohasida davlat reyestrini yuritadi;
(b) kitob nashr etishda, elektron va audio kitoblar yaratishda mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish yuzasidan choralar ko‘radi;
(v) noshirlik va matbaa faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, ruxsatnoma talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan monitoring yuritadi;
(g) noshirlik va matbaa faoliyatini amalga oshirish talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
(d) noshirlik va matbaa faoliyati sohasidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, noshirlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.
4. Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, shuningdek, taqiqlangan axborot, jumladan, onlayn-platformalarda tarqatilishini cheklash yo‘nalishida:
(a) bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(b) axborot mahsulotida bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotning mavjudligi yoki mavjud emasligi, axborot mahsuloti bolalarning muayyan yosh toifasiga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi bo‘yicha monitoringni amalga oshiradi;
(v) axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilarga va tarqatuvchilarga bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi holatlarini, shuningdek, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuboradi;
(g) onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, onlayn-platforma va veb-saytlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikning bajarilishini nazorat qiladi;
(d) noqonuniy kontentni aniqlash maqsadida onlayn-platforma va veb-saytlar monitoringini amalga oshiradi, aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi;
(j) onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlaganda belgilangan tartibda ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi va taqdimnomalar kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-dekabrdagi PQ-371-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan korxonalarning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxatining 441-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi to‘g‘risidagi nizomda:
(a) 9-band quyidagi mazmundagi “j” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“j) global elektron platformalar bilan o‘zaro hamkorlik sohasida:
global elektron platformalar bilan elektron tijorat, kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori va sug‘urtani rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari hamda Agentlik faoliyatining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi;
kripto-aktivlarning noqonuniy aylanishiga, elektron tijoratni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar muomalasi, sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish, bukmekerlik faoliyatini va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etishning belgilangan tartibi buzilishiga, shuningdek, noto‘g‘ri reklama va taqiqlangan faoliyat turlari reklamasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzuvchi boshqa materiallar tarqatilishiga qarshi kurashish sohasida global elektron platformalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
global elektron platformalarning O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi va vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradi;
global elektron platformada e’lon qilingan axborot resursi yoki materialni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i Reyestriga kiritish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani tegishli vakolatli davlat organiga yuboradi;
global elektron platformalar bilan birgalikda Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha o‘quv tadbirlari o‘tkazilishini tashkil etadi;
global elektron platformalar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda belgilaydi”;
(b) 10-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi o‘n sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“global elektron platformada e’lon qilingan axborot resursi yoki materialni, shu jumladan, internetdagi axborot resursining identifikatsiya ma’lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i Reyestriga kiritish va undan chiqarish to‘g‘risida ko‘rsatmani ijro uchun tegishli vakolatli davlat organiga kiritish”;
(ii) o‘n sakkizinchi xatboshi o‘n to‘qqizinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.12.2025-y., 07/25/371/1156-son; 25.07.2026-y., 06/26/141/0776-son)