Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT ChEGARASINI QOʻRIQLAShNI YANADA MUSTAHKAMLASh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasini koʻriqlashni yanada mustahkamlash, chegara qoʻshinlarini boshqarishni takomillashtirish va ularning jangovar qobiliyatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati /oʻrt. Gʻ. Aliyev/ chegara qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlikni oshirish, boshqaruvni takomillashtirish, intizomni mustahkamlashga oid qoʻshimcha tadbirlar qabul qilsin.
2. Milliy xavfsizlik xizmati huzuridagi Chegara qoʻshinlari boshqarmasi Milliy xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bosh boshqarmasiga aylantirilib, Milliy xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari — Chegara qoʻshinlari boshqarmasining boshligʻi lavozimi tugatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Qonuniga qatʼiyan muvofiq tarzda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlarining Mudofaa vazirligi bilan tegishli darajada oʻzaro hamkorligini taʼminlash zarur deb hisoblanib, yetarli miqdorda chaqiriluvchilar tarkibini tanlash, ularni toʻliq va sifatli butlashga alohida eʼtibor qaratilsin.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi /oʻrt. R. Axmedov/ zimmasiga chegara qoʻshinlarini chaqiriluvchilar zaxirasi bilan taʼminlash, ofitser kadrlar tayyorlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi chegara qoʻshinlarining qismlari va boʻlinmalarini qurol-yaroq, harbiy texnika va harbiy-texnikaviy mulk bilan jihozlash vazifasi topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 26-aprel,
600-son