Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida retsipiyent hamda tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3708]
Oʻzbekiston Respublikasining “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 333-son “Inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalarini transplantatsiya qilishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida retsipiyent hamda tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
15-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 3-noyabrdagi 15-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida retsipiyent hamda tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida retsipiyent hamda tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
retsipiyent — oʻziga nisbatan inson aʼzosining va (yoki) toʻqimasining transplantatsiyasi bajariladigan inson;
tirik donor — oʻzidan aʼzolarning va (yoki) toʻqimalarning transplantatsiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson;
transplantatsiya — retsipiyentda mavjud boʻlmagan yoxud shikastlangan, oʻzining muhim hayotiy vazifalarini bajarishga qodir boʻlmagan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni tirik donordan yoki inson murdasidan olingan aʼzolarga va (yoki) toʻqimalarga jarrohlik amaliyoti yoki muolaja oʻtkazish yoʻli bilan almashtirish.
2-bob. Retsipiyent va tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash
2. Retsipiyent va tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 333-son qarori bilan tasdiqlangan Inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalarini oladigan hamda transplantatsiya qiladigan davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari roʻyxatida keltirilgan davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalari (bundan buyon matnda tibbiyot muassasalari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Retsipiyent va tirik donor transplantatsiya amaliyotiga tayyorlanishidan oldin Retsipiyent va tirik donorni har taraflama tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, retsipiyentga inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi hamda tirik donorga transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi toʻgʻrisidagi xulosalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3706, 2025-yil 21-noyabr) asosan har taraflama tibbiy tekshiruvdan oʻtishlari hamda tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumidan retsipiyentga inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi, tirik donorga esa transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi toʻgʻrisida tibbiy xulosa (bundan buyon matnda tibbiy xulosa deb yuritiladi) olishlari zarur.
4. Retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumidan tibbiy xulosani olgan kundan boshlab oʻn kun ichida uni notarial idoraga taqdim qiladi.
5. Notarial idora retsipiyent va tirik donor murojaat qilgan kuni tirik donorning notarial tartibda roziligini tasdiqlaydi.
6. Retsipiyent va tirik donor notarial tasdiqlangan rozilik olingandan soʻng oʻn ish kuni ichida tibbiyot muassasasiga har taraflama tibbiy tekshiruvlar natijalarini, tibbiy xulosani hamda tirik donorning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini taqdim qiladi.
7. Tibbiyot muassasasi retsipiyent va tirik donor murojaat qilgan kuni:
retsipiyent va tirik donor haqidagi maʼlumotlarni “Donorlar, retsipiyentlar, shuningdek, inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalarining yagona davlat reyestri” axborot tizimiga (bundan buyon matnda Yagona davlat reyestri deb yuritiladi) kiritadi;
retsipiyent va tirik donor juftligi mavjud hollarda retsipiyent va tirik donorni tibbiyot muassasasiga joylashtiradi;
inson murdasi aʼzolari va (yoki) toʻqimalari transplantatsiya amaliyoti uchun olinishida donorni Yagona davlat reyestri orqali aniqlaydi.
8. Retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasasiga joylashtirilganidan soʻng, mazkur muassasaning davolovchi shifokori tomonidan ularga transplantatsiya amaliyotini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tibbiy tavsiyalar beriladi hamda ularning salomatlik holatini barqarorlashtirish va transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash maqsadida tegishli tibbiy muolajalar amalga oshiriladi.
9. Tibbiyot muassasasining davolovchi shifokori transplantatsiya amaliyotidan bir kun oldin yoki transplantatsiya amaliyoti kuni retsipiyent va tirik donordan boʻlajak transplantatsiya amaliyoti yoki muolaja amalga oshirilishi munosabati bilan oʻz sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida va transplantatsiya amaliyotiga majburlanmayotganligi toʻgʻrisida yana bir marotaba yozma shaklda rozilik oladi hamda uni videoyozuvga qayd etadi.
3-bob. Transplantatsiya amaliyotidan soʻng retsipiyent hamda tirik donorning reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlishi
10. Retsipiyent va tirik donor transplantatsiya amaliyoti amalga oshirilganidan soʻng, ushbu amaliyotni amalga oshirgan tibbiyot muassasasida ularning sogʻligʻi holatini inobatga olib, yigirma bir kungacha reabilitatsiyada boʻlishi lozim.
11. Retsipiyent va tirik donorning reabilitatsiya davridagi umumiy ahvoli tibbiyot muassasasining davolovchi shifokori yoki masʼul shifokorlar guruhi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar bajarilishi boʻyicha muntazam nazorat qilib boriladi:
jismoniy harakatlarning cheklanishiga rioya etilishi;
ovqatlanish rejimining toʻgʻri tashkil etilishi;
dori vositalarini qabul qilish tartibiga amal qilinishi;
tibbiy kuzatuvga rioya etilishi;
gigiyena va sogʻlom hayot tarziga amal qilinishi;
infeksion xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya etilishi.
12. Reabilitatsiya yakunlanganidan soʻng, tibbiyot muassasasi retsipiyent va tirik donorni zarur tibbiy tavsiyalar bilan hududiy tibbiyot muassasalariga dispanser nazoratiga yuboradi.
13. Dispanser nazoratida boʻlgan retsipiyentga mutaxassis-shifokorlar (transplantolog, nefrolog, gepatolog, gematolog, oftalmolog) tomonidan uning sogʻligʻi holatidan kelib chiqib, retseptga muvofiq immunosupressiv dori vositalari bepul beriladi.
14. Retsipiyent va (yoki) tirik donorda transplantatsiya amaliyoti bilan bogʻliq asoratlar yuzaga kelgan taqdirda retsipiyent yoki tirik donor transplantatsiya amaliyotini amalga oshirgan tibbiyot muassasalariga yoki hududiy tibbiyot muassasalariga murojaat qiladi va retsipiyent va (yoki) tirik donorga ushbu tibbiyot muassasalari tomonidan zarur tibbiy yordam koʻrsatilishi taʼminlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
15. Mazkur Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 10/25/3708/1079-son)