Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 19-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1859-6]
Oʻzbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari, 2025-yil 11-fevraldagi OʻRQ-1026-son “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2008-yil 14-avgustdagi 17/2-son qarori (roʻyxat raqami 1859, 2008-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 39-son, 400-modda) bilan tasdiqlangan Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-noyabr,
30/1-son
Kelishildi:
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D. LI
2025-yil 28-oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 7-noyabrdagi 30/1-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom banklar, shu jumladan mikromoliya banklari tomonidan depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va ularning muomalada boʻlish tartibini belgilaydi.”.
2. 1-bandning ikkinchi xatboshisi “istalgan filialidan” degan soʻzlardan keyin “(bank xizmatlari ofisidan)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
3. Quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Mikromoliya banklari tomonidan omonat sertifikatlarini jismoniy shaxslar orasida joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasiga asosan bir jismoniy shaxsdan omonatga jalb qilingan pul mablagʻlari miqdori Oʻzbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmagan holda amalga oshiriladi.”.
4. 10-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sertifikatning ilovalari raqamlangan, sertifikat blankasiga tikilgan va sertifikatni imzolash huquqi berilgan ikki nafar mansabdor shaxs tomonidan imzolangan hamda bank (bank filiali yoki bank xizmatlari ofisi) muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.”.
5. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Depozit (omonat) sertifikati blankalari, shuningdek sertifikatlarga qoʻshimcha varaqlar (ilovalar) “Davlat belgisi” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan ishlab chiqariladi. Sertifikatga qoʻshimcha varaqlar (ilovalar) sertifikat blankasi bilan bir vaqtda tayyorlanadi.”.
6. 19-band oʻz kuchni yoʻqotgan deb topilsin.
7. 22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. Omonat sertifikati boʻyicha sessiya faqat jismoniy shaxslar oʻrtasida, sertifikatni bergan bankda yoki uning filialida (bank xizmatlari ofisida) rasmiylashtiriladi.
Mikromoliya banklari tomonidan omonat sertifikatlari boʻyicha sessiya Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasiga asosan bir jismoniy shaxsdan omonatga jalb qilingan pul mablagʻlari miqdori Oʻzbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmagan holda amalga oshiriladi.”.
8. 27-band “filialida” degan soʻzdan keyin “(bank xizmatlari ofisida)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
9. 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Sertifikat boʻyicha foizlarni hisoblash Tijorat banklarida foizlarni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3460, 2023-yil 29-sentabr) muvofiq amalga oshiriladi.”.
10. 1-ilovaning matnidagi “Egasining nomi yozilgan omonat sertifikati” degan soʻzlar “Omonat sertifikati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2025-y., 10/25/1859-6/1065-son)