O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasida hayotiy qiziqishlarini shakllantirishni rag‘batlantirish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish orqali mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning qo‘shimcha mexanizmlarini joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi
1. 2026-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi shartlarga javob beradigan chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi chet el fuqarolarining daromadlarini soliqqa tortishning maxsus soliq rejimi (keyingi o‘rinlarda — maxsus soliq rejimi) joriy etilsin:
(a) 50 ming AQSH dollari miqdorida maxsus yig‘im to‘lash;
(b) O‘zbekiston Respublikasidagi maxsus vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjada kripto-hamyon ochish.
2. Belgilansinki, maxsus soliq rejimi doirasida tegishli maqomi o‘ziga nisbatan belgilangan soliq davri boshlanadigan yoki tugaydigan har qanday ketma-ket o‘n ikki oylik davr davomida jami 30 kalendar kundan ko‘proq O‘zbekiston Respublikasida haqiqatda bo‘lgan jismoniy shaxslar ular mulk yoki ijara huquqi asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida turar joy ko‘chmas mulk obyektiga ega bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb e’tirof etiladi.
3. Maxsus soliq rejimi voyaga yetgan har bir yaqin qarindosh uchun 10 ming AQSH dollari miqdorida maxsus yig‘im to‘langanda mazkur Farmonning 2-bandida ko‘rsatilgan chet el fuqarolarining yaqin qarindoshlariga nisbatan ham tatbiq etilsin.
4. Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va Soliq qo‘mitasi uning ishchi organi etib belgilansin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) chet el fuqarolari maxsus soliq rejimini olish uchun Komissiyaga Soliq qo‘mitasi orqali murojaat qiladi;
(b) chet el fuqarolarining murojaatlari Komissiya tomonidan 5 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va natijalari bo‘yicha maxsus soliq rejimini taqdim etish yoki uni taqdim etishni rad qilish bo‘yicha qaror qabul qilinadi;
(v) Komissiyaning maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha qarorini olgan chet el fuqarolari maxsus vakolatli tijorat bankiga bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjaga kripto-hamyon ochish bo‘yicha murojaat qiladi va maxsus yig‘imni to‘laydi;
(g) maxsus soliq rejimi taqdim etilgan mijozlarning bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyoniga mablag‘larni kirim qilish maxsus vakolatli tijorat banklari yoki kripto-birjalar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar va xavf-xatarlarni baholash natijalari asosida amalga oshiriladi.
6. Belgilab qo‘yilsinki, maxsus yig‘im to‘lagan mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan chet el fuqarolari va ularning yaqin qarindoshlari O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan joyi (ularga yoki ularning yaqin qarindoshlariga mulk yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joy ko‘chmas mulk obyekti) bo‘yicha 5 yilgacha muddatga ariza va maxsus yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat asosida bir kun muddatda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
II. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
7. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibini tasdiqlasin:
(a) chet el fuqarolarining maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha arizalarini ko‘rib chiqish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish;
(b) maxsus soliq rejimi taqdim etiladigan talabgorlarga qo‘yiladigan talablar;
(v) chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish muddati, uni uzaytirish yoki muddatidan oldin bekor qilish asoslari.
8. Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha mazkur Farmonning 6-bandida nazarda tutilgan tartibga so‘zsiz amal qilinishini ta’minlasin.
9. Quyidagilar bir oy muddatda:
(a) Markaziy bank — maxsus vakolatli tijorat banklari;
(b) Istiqbolli loyihalar milliy agentligi — maxsus vakolatli kripto-birjalar ro‘yxatlarini tasdiqlasin, ularni o‘z rasmiy veb-saytlarida e’lon qilsin va Soliq qo‘mitasiga taqdim etsin.
10. Soliq qo‘mitasi:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
(b) 2026-yil 1-yanvarga qadar:
(i) maxsus vakolatli tijorat banklari va maxsus vakolatli kripto-birjalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va maxsus yig‘imni to‘lash bo‘yicha to‘lov rekvizitlari o‘z rasmiy veb-sayti va boshqa axborot resurslarida e’lon qilinishini;
(ii) maxsus soliq rejimini olish bo‘yicha chet el fuqarolarining arizalarini qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha axborot tizimi joriy etilishini ta’minlasin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
12. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-oktabr,
PF-180-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PF-180-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasi
TARKIBI
J.A. Qo‘chqorov | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Komissiya raisi |
D.R. Li | — | O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori, Komissiya raisi o‘rinbosari |
N.N. Saydullayev | — | O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari |
Sh.D. Kudbiyev | — | O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi, Komissiyaning ishchi organi rahbari |
Izoh: Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 06/25/180/0899-son)