Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2025-yil yanvar — iyul oylaridagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2025-yil yanvar — iyul oylaridagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Qoʻmita tomonidan aholining sogʻligʻini saqlash va ijtimoiy muhofaza qilish kabi yoʻnalishlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda oʻz faoliyati doirasida taʼsirchan parlament nazoratini olib borish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita 17 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan. Ularning 16 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilgan.
“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi, “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish va maromiga yetkazish maqsadida jami 155-marta ishchi guruhi yigʻilishi oʻtkazilgan.
Qonun loyihalarini koʻrib chiqish jarayonini yanada samarali tashkil etish, ulardagi normalarning xalqchil boʻlishini taʼminlash va islohotlar jarayoniga taʼsirini yanada kuchaytirish maqsadida 2025-yil 14-mart kuni Qoʻmita huzurida ekspertlardan, mutaxassislardan va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan.
Shuningdek Qoʻmita faoliyatiga tajribali ekspertlar va olimlarni koʻproq jalb qilish maqsadida 6 ta ilmiy-tadqiqot tashkiloti va tahlil markazi bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.
Koʻrib chiqilayotgan davrda Qoʻmita tomonidan davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishga doir 2 ta hamda qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganishga taalluqli 2 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Jumladan, Qoʻmita tomonidan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holati Buxoro va Samarqand viloyatlari misolida, kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishi Surxondaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil 6-may kuni Qoʻmita hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A. Xudayarovga “Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” parlament soʻrovi yuborilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan jami 12 ta tashkiliy-amaliy tadbir, shu jumladan 5 ta seminar, 2 ta konferensiya va 2 ta davra suhbati tashkil etilgan. Xususan, 2025-yil 17-iyul kuni Qoʻmita tomonidan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “ROMPHARM NS” qoʻshma korxonasida tashkilot xodimlari va mutaxassislar ishtirokida ochiq muloqot oʻtkazilgan. Uchrashuvda sifatli dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish va sohaga doir qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilingan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganishga hamda ularni hal etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shunga koʻra, oʻtgan davrda Qoʻmita nomiga fuqarolardan kelib tushgan jami 340 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻmitaning hisobot davridagi faoliyati yuzasidan ommaviy axborot vositalarida jami 2000 taga yaqin chiqish qilingan.
Shu bilan birga, Qoʻmitaning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili kelgusidagi ishlarni tashkil etishda bir qator jihatlarga eʼtiborni yanada kuchaytirish lozimligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, qonun loyihalarini muhokama qilish va nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish jarayonida Qoʻmita huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadga muvofiq.
Qoʻmita oʻzining koʻrib chiqishida boʻlgan qonun loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli tayyorlashga hamda belgilangan muddatda Qonunchilik palatasining majlisiga kiritishga jiddiy eʼtibor qaratishi kerak. Bundan tashqari, huquqni qoʻllash amaliyotini muntazam ravishda tahlil qilgan holda, oʻz faoliyatiga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida tashabbuskorlikni oshirishi lozim.
Qoʻmitaning nazorat-tahlil faoliyatida, shuningdek davra suhbati, seminar, konferensiya kabi tadbirlarni tashkil etishda natijadorlikka alohida eʼtibor qaratish muhim ahamiyatga ega.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2025-yil yanvar — iyul oylaridagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi:
oʻz faoliyatiga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga;
oʻzi masʼul boʻlgan qonun loyihalarini Qoʻmita huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muntazam ravishda muhokama qilishga;
parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini monitoring qilishga;
qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazishga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz muddatida koʻrib borishga va fuqarolardan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha kelib tushgan takliflarni ular ishtirokida Qoʻmita majlislarida muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. XODJAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 18-avgust,
1214-V-son