Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI QOSHIDA YURISTLAR MALAKASINI OSHIRISH MARKAZINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida” 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-son Farmoniga muvofiq hokimiyat va huquqni muhofaza qilish idoralarining yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlar asosida huquqshunos xodimlarning kasbiy tayyorgarligini hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning saviyasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
2. Yuristlar malakasini oshirish markazi rahbariyati direktor va uning ikki oʻrinbosaridan iborat tarkibda tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Yuristlar malakasini oshirish markazida:
— adliya, sud, prokuratura, advokatura hamda hokimiyat idoralari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yuridik xizmatining oliy maʼlumotli xodimlari, shuningdek huquqshunoslik fani oʻqituvchilari 3 oylik kursda qayta tayyorlanadilar va malaka oshiradilar;
Oldingi tahrirga qarang.
— zaxirada boʻlgan va ilk bor fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlari raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudlari hamda viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining sudyalari lavozimlariga taqdim etilayotgan shaxslar uch oylik maxsus kurslarda oʻqitiladilar;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-iyundagi 118-sonli qaroriga muvofiq uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2006-y., 25-26-son, 232-modda)
— yosh mutaxassislar va rahbarlik lavozimiga zaxiraga olingan xodimlar 6 oylik kursda oʻqitiladilar;
— maʼlum toifa kadrlar uchun qisqa muddatli oʻqishlar tashkil qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
— oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi hujjat va ularning ish joyiga tavsifnoma beriladi;
(3-bandning oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-iyundagi 118-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 25-26-son, 232-modda)
— huquqshunoslar orasida kadrlar siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalar ishlab chiqiladi;
— huquqshunos kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar amalga oshiriladi;
— huquqshunoslik sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini tahlil qilish, ularning saviyasi va samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Markaz tinglovchilari uchun oʻqish davomida ularning asosiy ish joylaridagi ish haqlari va lavozimlari saqlab qolinadi. Joylardan kelgan tinglovchilarga amaldagi qonunchilikka muvofiq sutkalik, oʻqish manziliga kelish va qaytib ketish xarajatlari toʻlanadi, shuningdek ular yotoqxona bilan taʼminlanadilar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Markazda oʻqitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Markazning professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlariga respublikaning oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari, boshqa xodimlarga esa davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga shu yoʻnalishdagi xorijiy va xalqaro institutlar, tashkilotlar bilan aloqalarni amalga oshirishda yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
— 1998-yildan boshlab, har yili Markazning buyurtmasiga muvofiq xorijiy mutaxassislarni ishga taklif etish, markaz xodimlarining xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etishi, shuningdek, davriy nashrlarga obuna boʻlishlari, xorijda chiqariladigan darsliklar va oʻquv qoʻllanmalaridan olishlari uchun, shu jumladan erkin almashtiriladigan valyutalarda;
— Markazni asbob-uskunalar, ofis mebeli, tashkiliy-texnika vositalari bilan jihozlash va transport vositalari olish uchun;
— Markazning faoliyat koʻrsatishi, shu jumladan mazkur qaror shartlariga muvofiq ish haqi, bino va inshootlarni jihozlash hamda kapital taʼmirlash, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va ilmiy asarlar nashr ettirish uchun taqdim qilmagan hisob-kitoblarga koʻra zarur mablagʻlar ajratish topshirilsin.
9. Toshkent shahar hokimligi 2 oy muddatda respublika Yuristlar malakasini oshirish markaziga zarur bino ajratib, uni oʻquv jarayoni xususiyatlarini hisobga olgan holda rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi belgilangan tartibda Markazni zamonaviy aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va sudlari faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1994-yil 19-yanvardagi 18-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 21-iyul,
364-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 21-iyuldagi 364-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 21-iyuldagi 364-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining
USTAVI
1. Umumiy qoidalar
1.1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi Respublika Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida” 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-son Farmoni bilan tashkil etilgan.
1.2 Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi adliya, sud, prokuratura, advokatura xodimlari, huquqshunos professor-oʻqituvchilarni hamda davlat boshqaruv idoralari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yuridik xizmat xodimlarini qayta tayyorlovchi va malakasini oshiruvchi muassasa hisoblanadi.
2. Markazning asosiy vazifalari
2.1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
— adliya, sud, prokuratura, yuridik xizmat, advokatura va davlat boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali huquqshunos kadrlarni yangi, zamonaviy bilimlarga asoslangan holda qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
zaxirada boʻlgan va ilk bor fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudyalari raislari va sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlari raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudlari hamda viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining sudyalari lavozimlariga taqdim etilayotgan shaxslarni maxsus kurslarda oʻqitish;
(2.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-iyundagi 118-sonli qaroriga muvofiq uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan— OʻR QHT, 2006-y., 25-26-son, 232-modda)
— huquq sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, huquqshunoslar orasida kadrlar siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalarni ishlab chiqish va taqdim qilish;
— huquqshunos kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar va chet davlatlar bilan aloqalarni amalga oshirish;
— huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari orasidan rahbarlik ishlariga layoqatlilarini tanlash va qayta tayyorlash;
— respublika oliy va oʻrta maxsus yuridik oʻquv yurtlari professor oʻqituvchilarining malakasini oshirish;
— respublika oliy va oʻrta maxsus noyuridik oʻquv yurtlari, umumtaʼlim maktablarida huquq asoslari fanidan dars beradigan oʻqituvchilarning malakasini oshirish.
3. Markazning maqomi
3.1. Markaz Adliya vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan mustaqil tuzilmasi boʻlib, u tashkiliy-uslubiy oʻquv muassasasi hisoblanadi.
Markaz Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi tushirilgan muhriga, bankda mustaqil hisob raqami va oʻz balansiga ega boʻladi.
3.2. Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, Oliy Majlis qarorlari va boshqa hujjatlari, Respublika Prezidentining farmonlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda Adliya vazirligining buyruqlari, yoʻriqnomalari, shuningdek ushbu Ustavga asosan amalga oshiradi.
3.3. Markaz bevosita Adliya vazirligiga boʻysunadi. Vazirlik Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi.
3.4. Markazning toʻliq nomlanishi:
oʻzbek tilida:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi;
ingliz tilida:
Law training Senter under the Ministry of Justice Republic of Uzbekistan.
4. Markazning huquqlari
4.1. Markaz oʻz vakolati doirasida, amaldagi qonunlar asosida buyruqlar chiqaradi va uning bajarilishini taʼminlaydi.
4.2. Markaz oʻz faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi.
4.3. Markazning professor-oʻqituvchilari va ilmiy-tadqiqotchi xodimlariga respublikaning oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari;
— qolgan xodimlariga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilanadi;
— markazning doimiy ishlovchi professor-oʻqituvchilari va ilmiy-tadqiqot xodimlariga adliya organlari xodimlari uchun belgilangan unvon darajalari joriy etiladi.
4.4. Xalqaro konferensiya, simpozium, seminar va yigʻinlarda ishtirok etadi.
4.5. Oʻquv-uslubiy ishlarni va darsliklarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi. Ularni kelajakda takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
4.6. Respublikadagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va xorijiy mamlakatlardagi oʻquv yurtlari bilan ilmiy-amaliy va madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda oʻzaro yordam koʻrsatish maqsadida shartnomalar tuzadi. Shuningdek, respublikadagi va xorijiy mamlakatlardagi oʻquv yurtlari bilan oʻquv-uslubiy ishlar boʻyicha tajriba almashadi.
4.7. Markazga ajratilgan budjet mablagʻlari yoki Markazning oʻz mablagʻlari hisobidan zarur boʻlgan jihozlarni sotib olishi va ularni ijaraga berishi mumkin.
4.8. Markaz tejab qolingan mablagʻlarni, shuningdek, shartnoma asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarni oʻzining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga, yangi oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar va boshqa adabiyotlar sotib olishga, xodimlarni ragʻbatlantirishga sarflashi mumkin.
4.9. Markaz oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy maqolalar toʻplamlarini nashr qilishi mumkin.
4.10. Oʻquv-uslubiy ishlarga yuqori malakali huquqshunos olimlar, tajribali amaliyot xodimlari va yetakchi mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qiladi. Shuningdek, chet ellik mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif qiladi.
4.11. Adliya vazirligi hayʼatida tasdiqlangan namunaviy oʻquv dasturlariga asosan mustaqil ravishda oʻquv rejalarini tuzadi, professor-oʻqituvchilar tarkibini belgilaydi.
4.12. Markazni rivojlantirish uchun ilmiy-texnika va ijtimoiy himoyalash fondini, moddiy ragʻbatlantirish fondini, valyuta ajratmalari fondini tashkil qilishi mumkin. Mazkur mablagʻlar olib qoʻyilishi mumkin emas, ular kelajakda foydalanish uchun yigʻiladi.
4.13. Markaz oʻzining moddiy bazasini mustahkamlash va davolash-profilaktika va sogʻlomlashtirish, maishiy, kommunal va umumiy ovqatlanish tarmoqlarini ochishi va kengaytirishi mumkin.
5. Markazning tuzilmasi
5.1. Markaz quyidagi tuzilmalardan iborat boʻladi: direktor, direktor oʻrinbosarlari, jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi, fuqarolik-huquqiy fanlar kafedrasi, xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi, oʻquv-uslubiyot boʻlimi, nashriyot boʻlimi, oʻquv-axborot kompyuter markazi, kutubxona, buxgalteriya va xoʻjalik boʻlimi.
5.2. Markaz faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.
Markaz faoliyatining eng muhim masalalarini hal etish maqsadida Ilmiy kengash faoliyat koʻrsatadi.
5.3. Markaz direktori va uning oʻrinbosarlari lavozimga Adliya vaziri tomonidan tayinlanadi va ozod qilinadi.
5.4. Markaz direktori oʻz vakolati doirasida amaldagi qonunlar asosida buyruqlar chiqaradi va ularning bajarilishini taʼminlaydi. Direktor amaldagi qonunlarga va mazkur Ustavga muvofiq:
— Markaz nomidan harakat qiladi, barcha korxona, muassasa, tashkilotlarda uning huquqlarini himoya qiladi. Markazning mol-mulki, mablagʻlarini tasarruf qiladi; shartnomalar tuzadi, ishonch qogʻozlari beradi, bankda hisob-kitob raqamlari ochadi;
— direktor oʻrinbosarlari oʻrtasida tuzilmaga asosan vazifalarni taqsimlaydi;
— xodimlarni ishga qabul qiladi, boshqa ishga oʻtkazadi va ishdan boʻshatadi;
— Markaz xodimlari uchun oylik maosh tizimi va ragʻbatlantirish fondini taqsimlaydi. Shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish uchun takliflar ishlab chiqadi;
— Markaz xodimlarini mukofotlaydi va zarur hollarda ularga nisbatan intizomiy choralar koʻradi:
— Ilmiy kengash ishiga rahbarlik qiladi;
— Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ajratilgan mablagʻlar va ish haqi fondi doirasida xodimlar soni limitini, lavozim maoshlari sxemasini, shtatlar jadvalini, shuningdek Markaz taʼminoti xarajatlari tizimini, maxsus mablagʻlar smetasini, shu jumladan, xodimlarga va tinglovchilarga turli pulli xizmatlar koʻrsatish xarajatlarini tasdiqlaydi hamda ularga oʻzgartirishlar kiritadi.
— belgilangan tartibda ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy rivojlanish va valyuta ajratmalari fondini tashkil qiladi;
— tinglovchilar uzoq vaqt sababsiz mashgʻulotlarga qatnashmagan yoki ichki tartib-qoidalarni buzgan taqdirda, ularni tinglovchilar safidan chiqaradi. Tinglovchilar safidan chiqarilgan xodimning ish joyiga hamda Adliya vazirligi kadrlar boshqarmasiga shu haqda maʼlumot yuboradi;
— Markazning shtat jadvalini tasdiqlaydi, shuningdek zarur boʻlganda tuzilmaga xodimlarning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
— yuqori malakali professor-oʻqituvchilarga, ilmiy-tadqiqotchi va maʼmuriy xodimlarga moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorda oylik ustama belgilaydi;
— Markazda oʻquv jarayonini, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish uchun, shu jumladan xorijiy mutaxassislar uchun erkin almashtiriladigan valyutada kontraktlar boʻyicha haq toʻlagan holda, konsultantlar, ekspertlar va mutaxassislarni hamda jahondagi yetakchi huquqshunos olimlarni jalb etishning turli shakllaridan foydalanadi;
— Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ish vaqti va dam olish vaqti tartibini joriy qiladi, shuningdek amaldagi qonunlarga muvofiq qoʻshimcha taʼtil muddatini belgilaydi;
— tegishli vazirliklar, korxona, tashkilot va muassasalardan statistik maʼlumotlar va Markaz uchun zarur boʻlgan boshqa materiallarni oladi;
— ilmiy Kengashlarda, simpoziumlarda, konferensiyalarda Markaz nomidan qatnashadi;
— qonunlarda koʻzda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5.5. Markaz direktorining oʻquv-uslubiy va ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Markaz direktorining 1-oʻrinbosari hisoblanadi.
Direktorning oʻquv-uslubiy va ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari:
— oʻquv rejalarini tuzadi;
— tinglovchilarni oʻqitish taqsimot-rejasi loyihasini tayyorlaydi;
— oʻquv jarayonini tashkil qilishga bevosita rahbarlik qiladi;
— uslubiyotchilar oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularning ishini nazorat qilib boradi;
— Markazning oʻquv ishlari toʻgʻrisida hisobotlar tayyorlaydi;
— xodimlarni ishga qabul qilish, ularni saralash, boʻsh lavozimlarni toʻldirish ishlarini tashkil qiladi;
— xorijiy oʻquv yurtlari bilan aloqa oʻrnatish va ular bilan hamkorlik qilish ishlariga javob beradi;
— Markaz direktorining topshirigʻi boʻyicha boshqa ishlarni ham amalga oshiradi;
— Markaz professor-oʻqituvchilari tomonidan olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻnaltirib boradi;
— Markazning ilmiy-tadqiqot ishlari rejasini tuzadi va tasdiqlash uchun Ilmiy kengashga kiritadi;
— ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan hisobotlar tayyorlaydi;
— tadqiqot markazi, oʻquv-axborot kompyuter markazi, nashriyot boʻlimi va kutubxonalar faoliyatiga rahbarlik qiladi;
— direktor topshirigʻiga koʻra boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5.6. Markaz direktorining maʼmuriy-iqtisodiy va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari:
— Markazning nashriyot boʻlimi, xoʻjalik boʻlimi, buxgalteriyasi va kutubxonaga rahbarlik qiladi hamda boshqa xoʻjalik ishlarini bevosita tashkil qiladi. Texnik va yordamchi xoʻjalik xodimlari ishini nazorat qilib boradi.
5.7. Markazda tegishli fakultetlar, kafedralar, boʻlimlar, markazlar va boshqa tarkibiy tuzilmalar oʻzlariga yuklatilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
6. Markazning Ilmiy kengashi
6.1. Markazda oʻquv jarayoniga taalluqli muhim masalalarni hal qilish uchun direktor, uning oʻrinbosarlari, yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat tarkibda Ilmiy kengash tuziladi.
6.2. Ilmiy kengash oʻz faoliyatini “Ilmiy kengash toʻgʻrisidagi” Nizomiga asosan olib boradi. Kengash ishi yillik ish rejasiga muvofiq tashkil qilinadi.
7. Oʻquv jarayonini tashkil qilish
7.1. Markaz taʼlim faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy, iqtisodiy-siyosiy hayotining zamonaviy talablari, uni rivojlantirish va yangilash, shuningdek jahon fani va madaniyati yutuqlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va davlat taʼlim standartlari talablariga javob beradigan oʻquv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi.
Oʻqitish bir necha dasturlar boʻyicha olib boriladi, ular tinglovchilar tarkibiga va taʼlim maqsadiga bogʻliq boʻladi.
7.2. Oʻquv rejalarini bajarish Markazning professor-oʻqituvchilari tomonidan, shuningdek respublika va chet el ilmiy markazlarining yetakchi olimlarini, tajribali amaliyotchilarni oʻrindoshlik yoki alohida shartnomalar asosida jalb qilish orqali amalga oshiriladi.
7.3. Markazda qoʻshimcha ravishda boshqa kafedralar, boʻlimlar, laboratoriyalar ochilishi mumkin.
7.4. Rahbar xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kunduzgi oʻqish shaklida olib boriladi.
8. Markaz tinglovchilari va oʻqish muddatlari
8.1. Markazga oʻqishga yuboriladigan xodimlar mutaxassisligi boʻyicha guruhlarga boʻlinadi, ularning roʻyxati, oʻqish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tegishli organlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
8.2. Oʻqishga yuborish Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan taqsimot rejasiga muvofiq tegishli idoralar tomonidan amalga oshiriladi:
— adliya, sud, prokuratura, advokatura xodimlari hamda davlat boshqaruvi idoralari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar yuridik xizmatlarining oliy maʼlumotli xodimlari 3 oylik kurslarda qayta tayyorlashdan oʻtadilar va malaka oshiradilar;
Oldingi tahrirga qarang.
zaxirada boʻlgan va ilk bor fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari, okrug va hududiy harbiy sudlari raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudlari hamda viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining sudyalari lavozimlariga taqdim etilayotgan shaxslar uch oylik maxsus kurslarda oʻqitiladilar;
(8.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 19-iyundagi 118-sonli qaroriga muvofiq uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan— OʻR QHT, 2006-y., 25-26-son, 232-modda)
— yosh mutaxassislar va rahbarlik lavozimiga zaxiraga olingan xodimlar 6 oylik kursni oʻtaydilar;
— oʻrta maxsus yuridik maʼlumotli xodimlar qisqa muddatli (4 haftalik) kurslarda malaka oshiradilar;
— Markazning maxsus kurslariga tinglovchilar yosh iqtidorli mutaxassislar va rahbarlik lavozimlariga zaxirada boʻlgan xodimlar orasidan tanlov asosida qabul qilinib, kursni muvaffaqiyatli tugatganlar rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi;
— tinglovchilarga oʻquv kursini tugatganlaridan soʻng belgilangan namunadagi hujjat beriladi va ularning ish joyiga tavsifnoma yuboriladi.
8.3. Markazda tinglovchilarni qabul qilish yuqorida koʻrsatilgan idoralarning yoʻllanmalari asosida Markaz direktori buyrugʻi bilan amalga oshiriladi. Tinglovchilarni guruhlarga saralash ularning mutaxassisligi, kasb yoʻnalishi va darajasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
8.4. Oʻqish muddati mobaynida tinglovchilarning asosiy ish joylaridagi oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi. Boshqa shaharlardan kelgan tinglovchilarga asosiy ish joyi boʻyicha oʻqish joyigacha borish va qaytib kelish yoʻl haqlari, oʻqish mobaynidagi sutkalik xarajatlar toʻlanadi. Boshqa shaharlardan kelgan tinglovchilar oʻqish davrida yotoqxona bilan taʼminlanadilar. Bu xarajatlarni oʻqishga yoʻllagan tomon toʻlaydi.
8.5. Markazda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlari davlat budjetidagi tashkilotlar, muassasalar va korxonalar uchun davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Boshqa tashkilotlar, muassasalar va korxonalar esa kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarini Markazga har bir kadr uchun oyiga respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida pul oʻtkazish yoʻli bilan qoplaydi.
9. Xalqaro faoliyat
9.1. Markaz rahbarlarni, mutaxassislarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, kadrlar tayyorlash sohasida xorijiy sheriklar bilan kontrakt tuzish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashqi faoliyatni amalga oshirish huquqiga egadir. Markaz tinglovchilar uchun oʻquv jarayonining zarur qismini va xodimlarning tajriba orttirishini yetakchi xorijiy ilmiy va oʻquv markazlarida, firmalarda va boshqa xalqaro tashkilotlarda mustaqil ravishda tashkil etadi.
9.2. Markazda xorijiy davlatlar fuqarolari malakasini oshirish va kasb boʻyicha qayta tayyorlash, markaz professor-oʻqituvchilari tarkibi va tinglovchilarning chet ellardagi pedagogik, ilmiy-tadqiqot ishlari va tajriba orttirishi davlatlararo bitimlar, respublika ijro etuvchi davlat hokimiyat organlari oʻrtasida tuzilgan bitimlar va yakka tartibdagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Markaz alohida hollarda xorijiy davlatlarning kadrlarini oʻqitish, tayyorlash va qayta tayyorlashni shartnoma asosida amalga oshirishi mumkin.
10. Markaz faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish
10.1. Markaz faoliyati tegishli vakolatlarga ega boʻlgan organ qarori bilan tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi mumkin.
10.2. Markazni qayta tashkil etishda (boshqa tashkilot bilan qoʻshilishi, birlashishi yoki ajralib chiqishi) Markazning huquq va majburiyatlari uning huquqiy vorisiga oʻtadi.
10.3. Markaz faoliyatini tugatish belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
11. Ustavga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
11.1. Ushbu Ustavga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.