Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining
Qarori
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining uzaytirilgan kun guruhlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2820-3]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-son “Kambagʻal oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2016-yil 12-iyul 7-mh, 52-son qarori (roʻyxat raqami 2820, 2016-yil 3-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 31-son, 383-modda) bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining uzaytirilgan kun guruhlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
Toshkent sh.,
2025-yil 14-iyul,
6-mh-son
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-iyul,
271-son
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 14-iyuldagi 6-mh-son hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 9-iyuldagi 271-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining uzaytirilgan kun guruhlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 17 va 18-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan yoki “Kambagʻal oilalar reyestri” axborot moduli orqali kambagʻal deb eʼtirof etilgan oilalar farzandlari toʻlovdan ozod qilinadi. Bunda, birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki har ikkisiga nogironlikning I yoxud II guruhi belgilangan kam taʼminlangan yoki kambagʻal oila farzandlariga, shuningdek oʻrtacha oylik daromadi eng past darajada boʻlgan kam taʼminlangan yoki kambagʻal oila farzandlariga imtiyoz beriladi.
18. Toʻlovdan ozod qilinadigan oʻquvchilar roʻyxati kam taʼminlangan yoki kambagʻal oilalarning farzandlari uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali berilgan oila kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma yoki “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali berilgan shaxsning kambagʻal deb eʼtirof etilgan oilaning aʼzosi ekanligi haqidagi maʼlumotnoma (oilaning kambagʻal deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar)ga asosan shakllantiriladi.”.
2. 19 va 20-bandlar “kam taʼminlangan” degan soʻzlardan keyin “yoki kambagʻal deb eʼtirof etilgan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2025-y., 10/25/2820-3/0719-son)