Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
“Ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar saqlanadigan obyekt hamda xonalarning texnik mustahkamligi, qoʻriqlash va yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya vositalari hamda videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanganligi holati ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2041-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-oktabrdagi 725-son “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2009-yil 4-oktabrdagi 75-son “Ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar saqlanadigan obyekt hamda xonalarning texnik mustahkamligi, qoʻriqlash va yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya vositalari hamda videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanganligi holati ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2041, 2009-yil 16-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 47-son, 508-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TOSHPULATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-iyun,
329-son
Kelishildi:
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 23-may
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2025-yil 21-iyundagi 329-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar saqlanadigan obyekt hamda xonalarning texnik mustahkamligi, qoʻriqlash va yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya vositalari hamda videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanganligi holati ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruq muqaddimasidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-iyuldagi 315-sonli “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida”gi qaroriga” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Nizomda:
a) muqaddimaning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlar (bundan buyon matnda GAPP deb yuritiladi) saqlanadigan xona va obyektlarning texnik mustahkamligini, qoʻriqlash va yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya vositalari hamda videokuzatuv tizimlarining holatini nazorat qilish tartibini belgilaydi.”;
b) 4-banddagi “ichki ishlar idoralari” degan soʻzlar “ichki ishlar organlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
d) 11-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. GAPPlar saqlanadigan obyektlarning tekshiruvlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomning 42-ilovasida (Obyektlar (xonalar)ning giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni, ularning analoglarini va prekursorlarni saqlashga doir texnik talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa pasportida) belgilangan GAPPlar saqlanadigan obyektlarning toifalanishiga muvofiq amalga oshiriladi.”;
e) 2-ilova matnidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining texnik qoʻriqlash punktiga” degan soʻzlar “ichki ishlar organlarining texnik qoʻriqlash markaziga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2025-y., 10/25/2041-5/0629-son)