Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, respublikaning issiqxona gazlari emissiyasini global miqyosda kamaytirishga qoʻshayotgan hissasini yanada kengaytirish hamda xalqaro uglerod birliklari bozoriga chiqishini tashkil etish orqali investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, kam uglerodli rivojlanish loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda innovatsion va energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllash orqali “uglerod izi”ni kamaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish tartibini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Parij bitimi talablariga muvofiq, 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan 35 foizga qisqartirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatining toʻliq bajarilishini taʼminlash;
(b) respublikaning issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish boʻyicha mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda xalqaro uglerod birliklari bozoriga chiqishini taʼminlash orqali investitsiyalarni jalb etish.
II. Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish
2. Oʻzbekiston Respublikasida Parij bitimining 6-moddasiga muvofiq xalqaro uglerod birliklari, shuningdek, xalqaro yumshatish natijalari shaklidagi uglerod birliklari (ITMO) (keyingi oʻrinlarda — uglerod birliklari (ITMO) bozorida ishtirok etish tartibi joriy etilsin.
3. Belgilansinki, uglerod birliklarini Oʻzbekiston Respublikasining Milliy miqyosda belgilangan hissasi (NDC) doirasida qamrab olingan va issiqxona gazlari xatlovida aks ettirilgan faoliyatlar turlariga muvofiq ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining Milliy miqyosda belgilangan hissasining (NDC) xalqaro moliyaviy koʻmak hisobiga bajariladigan shartli majburiyatlar qismida aks ettirilgan xalqaro uglerod birliklari bozoridagi faoliyatlarni amalga oshirishga ustuvorlik beriladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) uglerod birliklari (ITMO)ning:
(i) 20 foiz hajmi barcha uglerod birliklari savdosiga yoʻnaltiriladigan loyihalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasining issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish boʻyicha majburiyatini bajarish hamda uglerod birliklarini meʼyordan ortiq sotish xavfini (overselling risk) kamaytirish maqsadida saqlab qolinadi hamda ushbu hajmni xalqaro savdoga chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi;
(ii) 80 foiz hajmi xalqaro uglerod birliklari bozoridagi savdolarga yoʻnaltiriladi, bundan xorijiy va mahalliy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik yoki boshqa shaklda davlat tashkilotlari va korxonalari ishtirokida (buyurtmachiligida) amalga oshirilgan loyihalardan (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi loyihalar) yuzaga keladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasarruf qilinadigan uglerod birliklari mustasno;
(b) davlat ishtirokidagi loyihalar doirasida uglerod birliklarining savdoga yoʻnaltiriladigan miqdori, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotni jalb qilish va uglerod birliklari savdosidan tushadigan tushumlarni taqsimlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;
(v) har bir uglerod birligi uchun Davlat budjetiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
5. Belgilab qoʻyilsinki, uglerod birliklari bilan bogʻliq operatsiyalar hisobini yuritish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Milliy uglerod birliklari reyestri orqali amalga oshiriladi.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining texnik koʻmagini jalb qilgan holda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Milliy uglerod birliklari reyestrini ishga tushirsin.
III. Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etishni muvofiqlashtirish
7. Belgilansinki:
(a) Oʻzbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengashga (keyingi oʻrinlarda — Kengash) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklanadi:
(i) uglerod birliklari (ITMO) savdosida Parij bitimining 6-moddasi bilan belgilangan qoidalarga rioya etilishini taʼminlash choralarini koʻrish;
(ii) davlat ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan uglerod birliklari (ITMO) savdosining yillik va loyihalar kesimida hajmini belgilash;
(b) Parij bitimining 6-moddasiga muvofiq, Barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ (Designated National Authority — (DNA) — Iqtisodiyot va moliya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklanadi:
(i) xalqaro uglerod birliklari bozoridagi ishtirokchilar faoliyatini tartibga solish va muvofiqlashtirish;
(ii) xalqaro uglerod birliklari bozorini samarali tashkil etish maqsadida amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
(iii) xalqaro uglerod birliklari bozori faoliyatini muvofiqlashtirishga oid yoʻriqnomalar va hujjatlar shakllarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
(iv) uglerod birliklarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va ularni savdoga chiqarishga ruxsat berish;
(v) davlat ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan uglerod birliklari savdosining yillik va loyihalar kesimida hajmi boʻyicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish va Kengashga tasdiqlash uchun kiritish;
(vi) davlat ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasarruf qilinadigan uglerod birliklari savdosini tashkil qilish.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) ikki oy muddatda xalqaro uglerod birliklari bozorlarida ishtirok etish va loyihalarni amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi Xalqaro uglerod birliklari bozorida ishtirok etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) ikki oy muddatda uglerod birliklari savdosi boʻyicha loyihalarni baholash va ularning mamlakatning iqlim oʻzgarishi boʻyicha xalqaro majburiyatlariga taʼsirini tahlil qilish bilan shugʻullanuvchi hamda sohaviy ekspertlardan iborat tarkibda Uglerod birliklari bozori maslahat ishchi guruhini tuzish yuzasidan Kengashga taklif kiritsin;
(v) uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
(g) uch oy muddatda xalqaro uglerod birliklari savdosini amalga oshirish boʻyicha istiqbolli loyihalar roʻyxatini shakllantirsin;
(d) 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga uglerod birliklarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarilgan uglerod birliklarini savdoga chiqarishga ruxsat berish hamda savdoga chiqariladigan hajmni tasdiqlashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan xalqaro tajribani oʻrganish asosida tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
10. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-iyul,
PF-110-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2025-y., 06/25/110/0585-son)