Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hududlarda kooperatsiyalar tashkil etish orqali aholining daromad olish manbalarini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholini tadbirkorlikka jalb etish orqali ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan mahallalar bilan manzilli ishlab, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining doimiy daromadi va xarid qobiliyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB, “Turonbank” ATB va “Aloqabank” ATBning (keyingi oʻrinlarda — tijorat banklari) 2025-yilda kamida 30 ta tumanda yetakchi tadbirkorlik subyektlariga dehqon xoʻjaliklari yer maydonlari hamda aholi tomorqalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini (baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik yoʻnalishlari) kooperatsiya asosida ishlab chiqarish (yetishtirish), mahsulotlarni xarid qilish uchun ushbu qarorga ilovaga muvofiq 500 milliard soʻm kredit ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar mahallalarda kooperatsiya tizimini tashkil etish orqali aholining daromad olish manbalarini koʻpaytirish va ishsizlikni bartaraf etishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
mahallalarning ixtisoslashuv yoʻnalishlarini aniqlash, ixtisoslashuvni kengaytirishga doir yangi loyihalarni amalga oshirish;
aholining doimiy daromad olish manbalarini yanada koʻpaytirish, oʻzini oʻzi band qilib ishlashini kengaytirish choralarini koʻrish;
mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan tashabbuskorlarni biznes asoslariga oʻrgatish;
aholi tomorqa va dehqon xoʻjaliklariga qarashli yerlardan samarali foydalanish, daromadliligini yanada oshirish, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskuna va xomashyo bilan imtiyozli kreditlar asosida taʼminlash, shuningdek, ishlab chiqarilgan (yetishtirilgan) mahsulotlarni sotishga koʻmaklashish jarayonlarini tashkil etish uchun kooperatsiya asosida tadbirkorlik subyektlarini biriktirish;
tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish va faoliyatni monitoring qilib borish, yetishtiriladigan mahsulotning (koʻrsatiladigan xizmatning) bozorini topishda yordam berish.
3. Belgilansinki:
a) kooperatsiya faoliyatida mahallalar ixtisoslashuviga mos boʻlgan, xonadonlarni kooperatsiya asosida yuqori darajada qamrab oladigan, tegishli mahallalarda oʻz biznesini rivojlantirish dasturiga ega boʻlgan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari ishtirok etadi;
b) kooperatsiya asosida aholining daromad olish manbaini oshirish uchun kooperatsiya tashkil etadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga bank kreditlari uchun foiz xarajatlari bir qismining qoplab berilishi nazarda tutiladi. Bunda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasidan 4 foizli punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 milliard soʻmgacha ajratiladigan kreditlar boʻyicha hudud toifasidan kelib chiqib, asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga “1+2” tamoyili asosida kompensatsiya taqdim etiladi;
v) kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektiga ishsiz yoki daromad olish manbaini koʻpaytirish istagida boʻlgan fuqarolar bilan tuzilgan kooperatsiya shartnomalari boʻyicha quyidagicha miqdorlarda kredit ajratiladi:
30 tagacha shartnoma tuzadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga 1 milliard soʻmgacha;
31 tadan 100 tagacha shartnoma tuzadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga 3 milliard soʻmgacha;
101 tadan ortiq shartnoma tuzadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga 5 milliard soʻmgacha.
Bunda bir nafar fuqaro bilan bitta kooperatsiya shartnomasi tuziladi hamda ishsiz fuqarolar belgilangan tartibda tadbirkorlik subyekti, dehqon xoʻjaligi yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi lozim;
g) kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga:
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kredit summasining 50 foizi miqdorigacha umumiy tartib asosida kafillik beriladi;
kooperatsiya asosida ishlayotgan fuqaro tomonidan ishlab chiqarilayotgan (yetishtirilayotgan) mahsulotlarni sotib olish yoki shartnomaga asosan fuqaroga oylik ish haqi toʻlash sharti belgilanadi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda mahallalardagi aholining turmush sharoiti, xohish-istagi va imkoniyatlarini oʻrgansin.
Bunda har bir mahallada aholining shakllangan mehnat koʻnikmasidan kelib chiqib, samarali hisoblangan parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilik kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratsin;
mahallalardagi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan fuqarolarni kooperatsiya tashkil etadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari bilan bogʻlash orqali oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashish choralarini koʻrsin;
tuman hokimlari tomonidan kooperatsiya tashkil etgan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlariga aholidan sotib olingan mahsulotlar qulay narxlarda hamda qisqa fursatda sotilishiga koʻmaklashish maqsadida tuman markaziy bozori hududidan joy ajratilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tijorat banklari bilan birgalikda xonadonlarda kichik va oʻrta tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda kulay boʻlgan biznes-rejalar aks etgan qoʻllanmani aholi foydalanishi uchun yetkazilishini tashkil etsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, tijorat banklari kreditlarni kooperatsiya loyihalari amalga oshiriladigan hududdan kelib chiqib, bankning ichki kredit siyosati talablariga muvofiq ajratadi.
7. Tijorat banklariga:
har oyda hududlarga chiqib, kooperatsiya asosida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganib borish;
kooperatsiya tashkil etgan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyekti bilan faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oʻzini oʻzi band qilgan fuqaroning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishida koʻmaklashish;
tumanlarda doimiy ravishda kooperatsiya asosida ishlash tizimining samaradorligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish;
kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar hisobidan aholiga berilgan mahsulotlar (tovarlar) nobud boʻlishi, tabiiy ofatlar hamda ishlab chiqarilgan (yetishtirilgan) mahsulotlarning narxi oʻzgarishi tufayli koʻrilishi mumkin boʻlgan zararni (tavakkalchilikni) sugʻurtalash tizimini yoʻlga qoʻyish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining kooperatsiya asosida faoliyat yuritishi boʻyicha doimiy monitoring olib borsin hamda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin.
9. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va xarid qilish doirasida kredit ajratishning miqdorlari va shartlariga oʻzgartirish kiritish vakolati berilsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-iyul,
414-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-iyuldagi 414-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
2025-yilda kamida 30 ta tumanda yetakchi tadbirkorlik subyektlariga dehqon xoʻjaliklari yer maydonlari hamda aholi tomorqalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida ishlab chiqarish (yetishtirish), mahsulotlarni xarid qilish uchun ajratiladigan kredit mablagʻlarining
MIQDORLARI
(mlrd soʻm) | ||||||
T/r | Tijorat banklari nomi | Jami ajratiladigan kredit miqdori | shundan: | |||
baliqchilik | chorvachilik va quyonchilik | parrandachilik | asalarichilik | |||
Jami: | 500 | 95 | 185 | 173 | 47 | |
1. | Xalq banki | 160 | 140 | 18 | 2 | |
2. | Mikrokreditbank | 160 | 155 | 5 | ||
3. | Aloqa bank | 70 | 15 | 20 | 35 | |
4. | Turon bank | 110 | 80 | 25 | 5 | |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2025-y., 09/25/414/0574-son)