Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatimizga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Investitsiya muhitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek, xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy himoya va kafolatlarni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3594-son Farmonining 1-bandiga muvofiq, Soliq kodeksida belgilangan alohida soliqlar boʻyicha imtiyozlar Toshkent viloyatidagi 4 va 5-toifadagi tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlariga ham tatbiq etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-son Farmoni bilan tasdiqlangan Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar uchun beriladigan imtiyozlar joriy etiladigan iqtisodiyot tarmoqlari roʻyxatiga “qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish” yoʻnalishi kiritilsin.
II. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-iyun,
PF-97-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-97-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-3594-son Farmonida:
(a) 2-banddagi “Toshkent viloyatidan” soʻzlari “Toshkent viloyatining 1 — 3 toifadagi tuman va shaharlaridan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 3-banddagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” soʻzlari “Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) ilova quyidagi mazmundagi 23-band bilan toʻldirilsin:
“23. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-52-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) qishloq xoʻjaligi korxonalariga, shu jumladan, fermer va dehqon xoʻjaliklariga chorvachilik sohasiga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun olti oy muddatda qaytarish sharti bilan har bir gektariga 15 million soʻmgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori boʻlmagan stavkada (shundan 2 foizi bank marjasi) imtiyozli kredit mablagʻlari ajratiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2025-y., 06/25/97/0537-son)