Oʻzbekiston sovet sotsialistik Respublikasining qonuni
Oʻzbekiston Respublikasida TADBIRKORLIK TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 14-apreldagi 755-I-son “Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish xaqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlikni tashkil etish, uning amal qilishi va rivojlanishning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Qonun tadbirkorlarning iqtisodiy va huquqiy mustaqilligiga kafolat beradi, ularning huquq va masʼuliyatini aniqlaydi, tadbirkorlarning boshqa korxonalar va tashkilotlar, davlat boshqaruvi idoralari bilan munosabatlarini tartibga soladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonun fuqarolarning tadbirkorlik qobiliyatini butun choralar bilan ishga solish, ularning ishbilarmonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirishning huquqiy kafolatlarini belgilash asosida bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgandir.
Qonun mulkchilik va xoʻjalik yuritish shakllarini erkin tanlash, bu shakllarning teng huquqlilik asosida amal qilishi, oʻzaro hamkorlik va erkin raqobatlashuv taʼminlanadigan sharoitlarning yaratilishiga koʻmaklashadi.
1-modda. Tadbirkorlik
Tadbirkorlik — mulkchilik subyektlarining foyda olish maqsadida tavakkal qilib va mulkiy javobgarligi asosida, amaldagi qonunlar doirasida tashabbus bilan iqtisodiy faoliyat koʻrsatishidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik:
tadbirkorning shaxsiy mol-mulki asosida;
tadbirkorlikning boshqa fuqarolar va yuridik shaxslar, shu jumladan ajnabiy fuqarolar hamda yuridik shaxslarning mol-mulklarini turli shakllarda jalb etishi asosida;
Keyingi tahrirga qarang.
tadbirkorning davlat va jamoat tashkilotlari mol-mulklaridan foydalanish asosida;
yuqorida qayd etilgan shakllarni qoʻshib olib borish asosida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyatining va mulkdor bilan boʻlgan munosabatlarning xarakteridan kelib chiqqan holda tadbirkorlik faoliyati mulkdor tomonidan ham, xoʻjalikni toʻliq yuritish huquqi asosida (ana shu huquq chegaralari mulk egasi tomonidan belgilangan holda) mulkdorning mol-mulkini idora qiluvchi subyekt tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Har qanday shakldagi tadbirkorlik mulk egasining ishlab chiqarish jarayonida shaxsan bevosita ishtirok etishiga va (yoki) boshqa fuqarolarning mehnatini qoʻllash yoʻli bilan foydalanishiga asoslanishi mumkin.
2-modda. Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunlar
Tadbirkorlik bilan bogʻliq munosabatlar, mulkchilikning shaklidan, faoliyat turidan, qaysi sohaga ixtisoslashidan qatʼi nazar, ushbu Qonun bilan, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Asosiy faoliyati tadbirkorlikdan iborat boʻlmagan davlat tashkilotlari va oʻzini oʻzi boshqarish tashkilotlariga, jamoat va diniy tashkilotlarga hamda oʻzga tashkilotlarga nisbatan ushbu Qonun ular faoliyatining oʻz xususiyatiga koʻra tadbirkorlikdan iborat boʻlgan qismiga tadbiq qilinadi.
3-modda. Tadbirkorlikning umumiy qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
qonun bilan taʼqiqlanmaydigan har qanday tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda tadbirkorning oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkdan foydalanish erkinligi;
tadbirkorning xoʻjalik faoliyatini yuritishdagi va faoliyat mahsulini taqsimlashdagi mustaqilligi;
Keyingi tahrirga qarang.
tadbirkorlarning barcha turdagi ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatini yuritishda, mulk shakllaridan qatʼi nazar, qonun oldida teng huquqliligi;
tadbirkorlikni amalga oshirish va xodimlar yollashning ixtiyoriyligi;
Keyingi tahrirga qarang.
daromad olishning manbalari va usullari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, soliq idoralari huzurida hisob berishning asoslov (deklarativ) shakli, tadbirkorlarning daromadlarini yashirib qolganlik (pasaytirib koʻrsatganlik) uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga asosan moddiy javobgarligi.
4-modda. Tadbirkorlik subyektlari
Quyidagilar tadbirkorlik subyekti boʻlishi mumkin:
— qonunda belgilangan tartibda muomala layoqati cheklanmagan Oʻzbekiston Respublikasi va SSSRning har qanday fuqarosi;
Keyingi tahrirga qarang.
— fuqarolar guruhi (sheriklar), shu jumladan davlat, kooperativ va boshqa korxonalarning mehnat jamoasi — jamoa tadbirkorlari;
— Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan vakolatlar doirasida boshqa ajnabiy davlatlarning fuqarolari yoki yuridik shaxslari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
— aralash mulk subyektlari.
Davlat hokimiyati va davlat boshqaruv idoralarining rahbar xodimlari va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi man etilgan shaxslarning bu faoliyat bilan shugʻullanishiga ruxsat berilmaydi.
5-modda. Tadbirkorlik shakllari
Tadbirkorlik shakllari quyidagilardan iborat:
— yakka mehnat faoliyati asosida;
Keyingi tahrirga qarang.
— ayrim fuqaro tomonidan yollanma mehnatni jalb etish asosida amalga oshiriladigan xususiy tadbirkorlik;
Keyingi tahrirga qarang.
— bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan jamoa tadbirkorligi;
— yuridik shaxslar va fuqarolarning oʻz mulklari va mulkiy huquqlarini birlashtirish asosida amalga oshiriladigan hamkorlikdagi tadbirkorlik.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Tadbirkorlik tashkiloti (shirkati) va uning faoliyati asoslari
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyekti tadbirkorlik tashkilotlari (shirkatlarini) tuzadi. Tadbirkorlik tashkilotlari (shirkatlarini) tuzish, ularning faoliyat koʻrsatishi, ularni qayta tashkil etish va tugatishning umumiy huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy asoslari “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
7-modda. Tadbirkorlik huquqlari
Har bir fuqaro (bir guruh fuqarolar) xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlar bilan teng asoslarda:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan shartlarga rioya qilgan holda korxonalar va tashkilotlarni vujudga keltirish, taʼsis etish, sotib olish va qayta tuzish yoʻli bilan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va davom ettirish;
tadbirkor turli darajada mulkiy javobgar boʻladigan oʻz tadbirkorlik tashkilotini taʼsis etish;
bu faoliyatni bajarish uchun boshqa yuridik shaxslar va fuqarolarning mol-mulki hamda pul mablagʻlarini ixtiyoriy asoslarda jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq xodimlarni mustaqil yollash va ishdan boʻshatish;
tadbirkorlikdan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda soliq solinadigan cheksiz miqdorda shaxsiy daromad orttirish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ijtimoiy taʼminlanish va ijtimoiy sugʻurta qilinish huquqlariga egadir.
Keyingi tahrirga qarang.
Tadbirkor yoki u vakil qilgan shaxslar xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlarning har qanday xatti-harakatlari va tadbirkorga qilayotgan daʼvolari hamda belgilangan tartibda beriladigan jazo choralari xususida bahslashishga haqli, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq hech soʻzsiz qoʻllanadiganlari bundan mustasnodir.
8-modda. Tadbirkorlik majburiyatlari
Tadbirkor:
— amaldagi qonunlardan hamda oʻzi tuzgan bitimlardan kelib chiqadigan barcha majburiyatlarni bajarishi;
— yollanib ishlayotgan xodimlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mehnat shartnomalari (bitimlar) tuzishi;
— ishga jalb etilgan barcha xodimlar bilan tuzilgan bitimga muvofiq, korxonaning moliyaviy ahvolidan qatʼi nazar, toʻla hisob-kitob qilishi;
— yollanib ishlayotgan xodimlarni ijtimoiy va tibbiy sugʻurta qilishi;
— qonunlarga muvofiq maxsus bilim va koʻnikma talab qilinadigan ishga faqatgina zarur tayyorgarlikka ega, kasb-kori jihatidan yaroqli va tegishli maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarnigina jalb etishi shart.
9-modda. Tadbirkorlik masʼuliyati
Soliq va kredit majburiyatlarining, tuzilgan bitimlarning ijrosi, boshqa subyektlarning mulkiy huquqlarni buzganligi, bexatar mehnat sharoitlariga rioya etmasligi, isteʼmolchilarga odamlarning salomatligiga zarar yetkazadigan mahsulot yetkazib berganligi, atrof-muhitga zarar yetkazganligi, yakka hokimlikka qarshi qonunlarni buzganligi uchun tadbirkor oʻz mol-mulki doirasida amaldagi qonunlarga muvofiq javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini buzganlik uchun tadbirkor mulkiy yoki qonunlarda koʻzda tutilgan asoslarda, sud tartibida tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatishga qadar oʻzga tarzda javobgar boʻladi.
Mulkiy daʼvolar tadbirkorlikning merosxoʻrlariga ham taalluqli boʻladi, lekin ular meros qilib qoldirilgan mol-mulk hajmidan oshmasligi kerak.
10-modda. Tadbirkorlar huquqlari va manfaatlarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi mulkchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va ushbu Qonun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tadbirkorning mulkchilik munosabatlari barqaror boʻlishiga kafolat beradi. Davlat tadbirkorlar mulkiy huquqlariga kafolat beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari mulkdorning huquqini toʻxtatadigan qonun hujjatlarini qabul etgan taqdirda, shu hujjatlar qabul etilishi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar sudning qaroriga binoan tegishli hokimiyat yoki boshqaruv idorasi ixtiyoridagi mablagʻ hisobidan mulkdorga toʻla hajmda toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari yuzasidan uning mol-mulkiga jazo chorasi belgilangan taqdirdagina davlatning tadbirkorlik tashkiloti ixtiyoridagi mol-mulkni mulkdordan tortib olishiga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 15-fevral,
207-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 4-son, 60-modda; 1993-y., 6-son, 237-modda)