Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ISPANIYA QIROLLIGI BILAN HAR TOMONLAMA HAMKORLIKNI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27—29-yanvarda Ispaniyaga davlat tashrifi davomida erishilgan bitimlar va ahdlashuvlar amalga oshirilishini taʼminlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va insonparvarlik sohalarida Ispaniya Qirolligi bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tashrif davomida Ispaniya bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan imzolangan bitimlar va erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
Oldingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda loyihalar ekspertizasi 2-ilovaga* muvofiq tashkil etilishini taʼminlasinlar, Ispaniyaning toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalari hisobiga hamda Ispaniya Hukumati va tijorat banklarining jalb etiladigan kredit liniyalari doirasida ularni mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini aniqlasinlar hamda kompaniyalar va banklar ishtirokida ularning amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
kasb-hunar kollejlarini jihozlashning ustuvor loyihalarini amalga oshirish, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish doirasida resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, mintaqalararo transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, sogʻliqni saqlash obyektlarini zamonaviylashtirish, suv xoʻjaligi obyektlari qurish va ularni rekonstruksiya qilish uchun Ispaniya Hukumatining “Taraqqiyotga Koʻmaklashish Jamgʻarmasi” imtiyozli kreditlarini va Ispaniyaning ilgʻor texnologiyalarini jalb etish;
korxonalarni xususiylashtirish va aksiyalashtirish jarayonlarida Ispaniya kompaniyalarining ishtirok etishi, birinchi navbatda Oʻzbekiston mintaqalarida qoʻshma ishlab chiqarishlar barpo etishga toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish;
Ispaniya sanoatchilar va tadbirkorlar Konfederatsiyasi, shuningdek Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazi imkoniyatlarini jalb etgan holda tadbirkorlar delegatsiyalarini oʻzaro ayirboshlashni tashkil etish, qoʻshma biznes-seminarlar, taqdimotlar, koʻrgazmalar oʻtkazish;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
Oʻzbekistonning turistik salohiyati keng taqdimot qilinishi va turistik infratuzilmani rivojlantirish, turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash maqsadida Jahon Turizm Tashkiloti (Madrid shahridagi qarorgohi), shuningdek Ispaniyaning yetakchi turistik kompaniyalari bilan hamkorlikni faollashtirish.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 14-fevral,
80-son