O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
“Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3205-4]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2019-yil 28-sentabrdagi 24/5-son “Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3205, 2019-yil 19-dekabr) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 2019-y., 10/19/3205/4177-son) ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
7/4-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 2-aprel
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 8-apreldagi 7/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Qarorda:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.”.
2. Nizomda:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom”;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom mikromoliya tashkiloti va lombard (bundan buyon matnda nobank kredit tashkiloti deb yuritiladi) tomonidan qarz oluvchi jismoniy shaxslarga kreditlar (mikroqarzlar) ajratilayotganda qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblash tartibi va uning ruxsat etilgan miqdorini, shuningdek nobank kredit tashkiloti tomonidan jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit (mikroqarz) bo‘yicha kunlik eng yuqori foiz stavkalarini belgilaydi.”;
d) 1-bandda:
ikkinchi xatboshi “kredit tashkilotiga” degan so‘zlardan oldin “nobank” degan so‘z bilan to‘ldirilsin;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qarz beruvchi — bank, nobank kredit tashkiloti, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkiloti va tovar iste’mol kreditlarini beruvchi tashkilot;”;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdori — qarz oluvchining kredit (mikroqarz) ajratish to‘g‘risida qarz beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan murojaati (murojaatlari) hamda uning barcha qarz beruvchilar bilan tuzilgan kredit (mikroqarz) shartnomalari, shuningdek qarz oluvchi kafil va/yoki birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etadigan kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha to‘lovlarning o‘rtacha oylik qiymati;”;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“kreditni qayta moliyalashtirish — qarz oluvchining boshqa qarz beruvchilardan olgan kreditini (mikroqarzini) so‘ndirish maqsadida nobank kredit tashkiloti tomonidan maqbul shartlar asosida kredit (mikroqarz) berilishi;”;
sakkizinchi xatboshi to‘qqizinchi xatboshi deb hisoblansin;
to‘qqizinchi xatboshidagi “shaxslar” degan so‘z “shaxs” degan so‘z bilan almashtirilsin;
e) 2-bandda:
birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
ikkinchi — oltinchi xatboshilar tegishli ravishda birinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarz yuki ko‘rsatkichi har bir qarz oluvchiga nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda, shu jumladan mazkur kredit (mikroqarz) bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdorini oshirish (bundan shartnomada belgilangan o‘zgaruvchan foiz stavkasi oshishi munosabati bilan to‘lovlar miqdorining oshirilishi holatlari mustasno), kreditlash limitini oshirish hamda muddatni uzaytirish va boshqa qarz beruvchining kreditga (mikroqarzga) doir huquqlarini (talablarini) sotib olish yoki kreditni qayta moliyalashtirishga oid qaror qabul qilinganda (bundan buyon matnda kredit (mikroqarz) ajratish deb yuritiladi) hisoblanishi lozim.”;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
uchinchi xatboshidagi “mikromoliya tashkiloti va lombard” degan so‘zlar “nobank kredit tashkiloti” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
f) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Nobank kredit tashkiloti tomonidan boshqa qarz beruvchining kreditga (mikroqarzga) doir huquqlari (talablari) sotib olinayotganda yoki kredit qayta moliyalashtirilayotganda, qarz yuki ko‘rsatkichi hisob-kitobida qarz oluvchining mazkur kredit (mikroqarz) bo‘yicha to‘lovlari takroran hisobga olinmaydi.”;
g) 4-bandda:
uchinchi xatboshidagi “qarz beruvchi” va “kreditorlar” degan so‘zlar tegishli ravishda “nobank kredit tashkiloti” hamda “qarz beruvchilar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi xatboshi “amalda bo‘lgan” degan so‘zlardan keyin “barcha” degan so‘z bilan to‘ldirilsin;
h) 41-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“41. Kredit (mikroqarz) shartnomasiga asosan uni so‘ndirish muddati 36 oydan oshgan taqdirda, qarz yuki bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdori hisob-kitobida kredit (mikroqarz) bo‘yicha barcha to‘lovlar 36 oyga teng miqdorda taqsimlanadi.”;
i) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Nobank kredit tashkiloti o‘rtacha oylik to‘lovlarni kredit byurosi tomonidan taqdim etiladigan kredit hisobotidagi va nobank kredit tashkiloti boshqa rasmiy manbalardan olgan ma’lumotlaridan foydalangan holda hisoblab chiqadi.”;
j) 6-banddagi “bir kalendar oydan” degan so‘zlar “10 kalendar kundan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
k) 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi, 8-banddagi va 11-bandning birinchi xatboshisidagi “Qarz beruvchi” degan so‘zlar “Nobank kredit tashkiloti” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
l) 9-bandda:
birinchi xatboshidagi “Qarz beruvchi” degan so‘zlar “Nobank kredit tashkiloti” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda, nobank kredit tashkiloti mazkur bandning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida keltirilgan hujjatlar bilan cheklanmasdan boshqa ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.”;
to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
m) 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda jismoniy shaxsning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak, bundan mazkur Nizomning 2-bandi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollar mustasno.”;
n) ilovaning ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga ILOVA”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 10/25/3205-4/0377-son)