Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Konimex tumanining Zafarobod shaharchasidagi budjet tashkilotlari xodimlariga kompensatsiya xususiyatiga ega boʻlgan ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida mehnat qilayotgan budjet tashkilotlari xodimlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Konimex tumanining Zafarobod shaharchasidagi budjet tashkilotlari xodimlariga kompensatsiya xususiyatiga ega boʻlgan ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun budjet tashkilotlari xodimlariga oylik ustama miqdorlarini belgilash;
oylik ustamalarni olish huquqini beruvchi ish stajini hisoblash;
oylik ustamalarni hisoblash va toʻlash tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. E. Zaxidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
206-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 206-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Konimex tumanining Zafarobod shaharchasidagi budjet tashkilotlari xodimlariga kompensatsiya xususiyatiga ega boʻlgan ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Konimex tumani Zafarobod shaharchasidagi (keyingi oʻrinlarda — shaharlar) budjet hisobidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — budjet tashkilotlari) xodimlariga kompensatsiya xususiyatiga ega boʻlgan ustama toʻlash tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Shaharlardagi budjet tashkilotlari xodimlariga noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun oylik ustama toʻlovlari (keyingi oʻrinlarda — oylik ustama) budjet tashkilotlarida ishlagan ish stajidan kelib chiqib, quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
3 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga tarif stavkasining (lavozim maoshining) 0,25 foizi;
Keyingi tahrirga qarang.
3 yildan 5 yilgacha ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga tarif stavkasining (lavozim maoshining) 0,5 foizi;
Keyingi tahrirga qarang.
5 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga tarif stavkasining (lavozim maoshining) 0,75 foizi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilangan miqdordagi oylik ustamalarni olish huquqi xodimlar budjet tashkilotlarida ishlashni boshlagan vaqtdan yuzaga keladi.
4. Oylik ustamani olish huquqini beruvchi ish stajiga quyidagilar kiritiladi:
shaharlardagi budjet tashkilotlarida xodimning ishlagan davri;
xodim haqiqatda ishlamagan boʻlsa ham, lekin qonunchilikka asosan shaharlardagi budjet tashkilotlarida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlangan davri;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiyuran” davlat korxonasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi tizimidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi tizimiga oʻtkazilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining ushbu korxonalarda ishlagan davri.
5. Xodimning mehnat daftarchasi hamda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida avtomatik tarzda shakllantiriladigan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron mehnat daftarchasi mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
6. Oylik ustamalar budjet mablagʻlari hisobidan ish haqi oluvchi xodimning oylik tarif stavkasidan yoki lavozim maoshidan kelib chiqib hisoblanadi.
7. Oylik ustamalar shu oy davomida ishlagan vaqti, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga asosan xodimning toʻliq yoki qisman oylik ish haqi saqlangan davrlari uchun ham toʻlanadi.
8. Agar xodimda kalendar oy davomida oylik ustama olish huquqi paydo boʻlsa, ushbu ustamani xodimga birinchi marta mazkur ustamani olish huquqi paydo boʻlgandan keyin ishlagan vaqt uchun hisoblanadi.
9. Oylik ustamalar noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun mehnatga haq toʻlash koeffitsiyenti qoʻllanadigan mehnat haqiga qoʻshib hisoblanadi.
10. Oylik ustamalar ish beruvchilar tomonidan qonunchilik hujjatlarida hamda budjet tashkiloti jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
11. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2025-y., 09/25/206/0314-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son; 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)