Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Konsert-tomosha faoliyatida jonli ijroni yanada ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoniga muvofiq mamlakatimizda konsert-tomosha faoliyatida jonli ijroni ommalashtirishni izchil davom ettirish, aholining jonli ijroga boʻlgan ehtiyojini inobatga olish va ularning isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish, jonli ijroni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish hamda ushbu yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoni bilan 2020-yil 1-sentabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Madaniyat vazirligining Jonli ijrochilarning reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) yuritish, Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan oʻtkaziladigan tadbirlarda fonogrammadan foydalanishni bosqichma-bosqich cheklash hamda ushbu yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini taʼminlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Madaniyat vazirligi bir oy muddatda:
a) quyidagilarni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasining (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekkonsert” DM) ustavini qayta ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlash hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrsin:
konsert-tomosha faoliyatida jonli ijroni ommalashtirish va ragʻbatlantirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish, fonogrammadan foydalanish tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil qilish;
jonli ijroga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilish hamda bu borada madaniyat vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazib borish;
fonogrammadan foydalanishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
Reyestrni yuritish, shuningdek, jonli ijrochilarning milliy roʻyxatini shakllantirish hamda rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda doimiy ravishda eʼlon qilib borish;
madaniyat xodimlari oʻrtasida jonli ijroni ommalashtirish boʻyicha keng targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish;
b) “Oʻzbekkonsert” DM markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida 3 ta shtat birligidan iborat Jonli ijroni ommalashtirish boʻlimini tashkil etsin;
v) Jonli ijrochilarning reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda hamda fonogrammadan foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jonli ijrodagi konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
fonogrammadan foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etilgan konsert-tomosha tadbirlari tashkilotchilariga imtiyozlar berish tartibi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2025-yil 1-maydan boshlab:
Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi;
konsert-tomosha tadbirlari reklamalarida tegishlicha “Jonli ijro”, “Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz” yoki “Fonogrammali konsert dasturi” deb aniq koʻrsatilishi lozim;
Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist” va “Oʻzbekiston Respublikasi xalq hofizi” davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi;
b) 2025-yil 1-iyundan boshlab “Oʻzbekkonsert” DM tomonidan Reyestr yuritiladi va unda jonli ijro etuvchi shaxslarning litsenziyasi raqami va berilgan sanasi, uning ijro etgan asarlari, tadbirlardagi ishtiroki hamda ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qayd etiladi;
v) 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
jonli ijroda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari boʻyicha reklamalarni Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzbekiston MTRK) tizimidagi teleradiokanallarda efirga berish uchun tadbir tashkilotchisiga 30 foiz miqdorida chegirma beriladi;
fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari tashkilotchilari uchun ijara toʻlovidan (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) 25 foiz miqdorida chegirma beriladi;
fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari boʻyicha reklamalarni Oʻzbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda efirga berish uchun tadbir tashkilotchisiga 15 foiz miqdorida chegirma beriladi;
jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari Oʻzbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda tegishli teleradiokanal Badiiy kengashining ijobiy xulosasi asosida bepul efirga uzatiladi.
5. Madaniyat vazirligining 2025-yil 1-iyuldan boshlab har chorakda respublikaning barcha hududlarida “Jonli ijro haftaligi”ni oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Jonli ijro haftaligi” doirasida:
madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi taʼlim tashkilotlarida jonli ijroning ahamiyatini tushuntirish boʻyicha taniqli sanʼatkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar oʻtkaziladi;
Oʻzbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda soha ekspertlari ishtirokida jonli ijroning ahamiyati va fonogrammaning salbiy jihatlariga bagʻishlangan “tok-shoular” tashkil qilinadi;
davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlari oʻtkaziladi.
6. Davlat organlari va tashkilotlari bir oy muddatda tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa madaniyat muassasalarida jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbirlari tashkilotchilari uchun ijara toʻlovidan chegirma berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha madaniyat va sanʼat sohasi mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda komissiyalarni tashkil etsin.
7. Madaniyat vazirligi:
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda fonogrammadan foydalanishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbirlari tashkilotchilari uchun ijara toʻlovidan chegirma berish boʻyicha keng jamoatchilik oʻrtasida targʻibot tadbirlarini amalga oshirsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
207-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 207-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda hamda fonogrammadan foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda hamda fonogrammadan foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jonli ijro — musiqali yoki boshqa asar barcha ijrochilar (xonandalar, sozandalar, boshlovchilar, soʻz ustalari va boshqa ijrochilar) tomonidan raqamli yoki analog axborot tashuvchilardagi oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalanmagan holda, oʻz ovozi bilan kuylash yoki oʻqish, shuningdek musiqiy asboblarda ijro etish yoʻli bilan real vaqt rejimida ijro etiladi;
komissiya — jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbirlari tashkilotchilari uchun ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining ijara toʻlovidan chegirma berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya;
konsert-tomosha tadbiri — musiqa sanʼatidagi yakkaxonlik, yakkanavozlik yoki jamoa boʻlib koʻpchilik tomonidan ijro etiladigan, shuningdek, sahnalashtiruvchilar tomonidan tanlangan mavzuni yoritadigan, tinglovchi va tomoshabinlar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbir;
ommaviy tadbir — 100 nafar va undan ortiq ishtirokchilar qatnashadigan ijtimoiy-siyosiy (anjumanlar, konferensiyalar, syezdlar va boshqalar), madaniy-ommaviy va koʻngilochar-tomosha dasturlari (musiqiy, adabiy va boshqa festivallar, konsert, teatr, sport, reklama tadbirlari, xalq sayillari, sirk, milliy namoyishlar va oʻyinlar, koʻrik-tanlovlar va boshqalar), shuningdek, umumxalq, diniy, kasb bayramlarini oʻtkazish maqsadida ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektida tashkil qilinadigan tadbirlar;
ommaviy tadbirni oʻtkazish obyekti — ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun maxsus moʻljallangan yoki moslashtirilgan, yonginga qarshi texnik himoya vositalari, tez tibbiy yordam koʻrsatish, tezkor koʻchirish, kommunikatsiya, muhandis-texnik himoya vositalari va ommaviy tadbir ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlashning boshqa vositalari hamda tizimlari bilan jihozlangan, alohida, birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni oʻtkazish obyektlari roʻyxatlariga kiritilgan ochiq joy uchastkalari, binolar, inshootlar, shuningdek, ommaviy tadbirlar oʻtkazishga qulay boʻlgan keng maydonlar (madaniyat-maʼrifat muassasalari, sport majmualari, tarixiy obidalar, dalalar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar va boshqalar);
ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining maʼmuriyati — tasarrufida, foydalanishida, ixtiyorida ommaviy tadbirni oʻtkazish obyekti joylashgan davlat organi va tashkiloti, jismoniy yoki yuridik shaxs;
tadbir tashkilotchisi — konsert-tomosha tadbirini tashkil qiladigan va oʻtkazadigan davlat organlari va tashkilotlari, 18 yoshga yetgan jismoniy shaxs, yuridik shaxs;
fonogrammadan qisman foydalanilgan holda — musiqali yoki boshqa asar tovush elementlarining bir qismi oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalangan holda, qolgan elementlar esa real vaqt rejimida sahnada musiqachilar va vokalchilar tomonidan ijro etiladi;
fonogrammadan foydalanilgan holda — musiqali yoki boshqa asarning barcha tovush elementlari oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalaniladi hamda musiqiy asarning ijrosiga vokal, cholgʻu yoki vokal-cholgʻu ijrochisi (ijrochilari) tomonidan bir vaqtning oʻzida taqlid qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasida jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda hamda fonogrammadan foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
2-bob. Konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish
1-§. Jonli ijrodagi konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish
4. Konsert-tomosha tadbirini jonli ijroda tashkil etish va oʻtkazish tadbir tashkilotchisi tomonidan belgilanadi.
5. Jonli ijroda tashkil etilgan konsert-tomosha tadbirida fonogrammadan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda konsert-tomosha tadbiri toʻliq jonli ijroda oʻtkazilishi uchun tadbir tashkilotchisi masʼul hisoblanadi.
6. Tadbir tashkilotchisi oʻtkazilishi rejalashtirilgan konsert-tomosha tadbirining jonli ijroda ekanligini ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borishi lozim.
7. Jonli ijrodagi konsert-tomosha tadbiri tashkilotchisiga quyidagi imtiyozlar beriladi:
komissiya xulosasi asosida ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektida belgilangan ijara toʻlovidan (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) 50 foiz miqdorida chegirma;
konsert-tomosha tadbiri boʻyicha reklamalarni Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzbekiston MTRK) tizimidagi teleradiokanallarda efirga berish uchun 30 foiz miqdorida chegirma;
konsert-tomosha tadbirini Oʻzbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda tegishli teleradiokanal Badiiy kengashining ijobiy xulosasi asosida bepul efirga uzatish.
2-§. Fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish
8. Konsert-tomosha tadbirini fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etish va oʻtkazish tadbir tashkilotchisi tomonidan belgilanadi.
Ushbu konsert-tomosha tadbirini oʻtkazishda fonogrammadan qisman foydalanishga ruxsat beriladi.
Bunda konsert-tomosha tadbiri fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkazilishi uchun tadbir tashkilotchisi masʼul hisoblanadi.
9. Tadbir tashkilotchisi oʻtkazilishi rejalashtirilgan konsert-tomosha tadbirining fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etilishini ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borishi lozim.
10. Fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etilgan konsert-tomosha tadbiri tashkilotchisiga quyidagi imtiyozlar beriladi:
komissiya xulosasi asosida ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektida belgilangan ijara toʻlovidan (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) 25 foiz miqdorida chegirma;
konsert-tomosha tadbiri boʻyicha reklamalarni Oʻzbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda efirga berish uchun 15 foiz miqdorida chegirma;
konsert-tomosha tadbirini Oʻzbekiston MTRK tizimidagi teleradiokanallarda tegishli teleradiokanal Badiiy kengashining ijobiy xulosasi asosida bepul efirga uzatish.
11. Fonogrammadan qisman foydalanilgan holda tashkil etilgan konsert-tomosha tadbirida jonli ijrodan foydalanilishi mumkin.
3-§. Fonogrammadan foydalanilgan holda konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish
12. Konsert-tomosha tadbirini fonogrammadan foydalanilgan holda tashkil etish va oʻtkazish tadbir tashkilotchisi tomonidan belgilanadi.
13. Tadbir tashkilotchisi oʻtkazilishi rejalashtirilgan konsert-tomosha tadbirini fonogrammadan foydalanilgan holda oʻtkazilishini ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borishi lozim.
14. Fonogrammadan foydalanilgan holda tashkil etilgan konsert-tomosha tadbiri tashkilotchisiga jonli ijroda va fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkazilgan konsert-tomosha tadbirlari uchun belgilangan imtiyozlar qoʻllanmaydi.
15. Fonogrammadan foydalanilgan holda tashkil etilgan konsert-tomosha tadbirida jonli ijro yoki fonogrammadan qisman foydalanilishi mumkin.
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
16. Komissiya ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining maʼmuriyati tomonidan madaniyat va sanʼat sohasi mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida kamida 7 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
Komissiya aʼzolaridan kamida uch nafari madaniyat va sanʼat sohasi mutaxassislaridan iborat boʻladi.
Komissiya jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
17. Komissiya aʼzosi bir vaqtning oʻzida boshqa bir ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektida tashkil etilgan komissiya tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Komissiya tarkibi komissiya raisi, komissiya raisining oʻrinbosari, komissiya aʼzolari va masʼul kotibidan iborat boʻladi.
Komissiya raisi komissiyaning ishiga umumiy rahbarlik qiladi, komissiya majlislarini chaqiradi va olib boradi, kun tartibidagi masalalarni ovozga qoʻyadi, komissiya tomonidan qabul qilingan xulosalarni eʼlon qiladi, komissiya majlislarining bayonnomalari va boshqa tegishli hujjatlarni imzolaydi hamda tasdiqlaydi.
Komissiya raisi boʻlmagan taqdirda, uning vazifalarini komissiya raisining oʻrinbosari yoki komissiya raisi tomonidan vakolat berilgan aʼzolaridan biri bajaradi.
Komissiyaning har bir aʼzosi ovoz berishda yoqlab yoki qarshi ovoz berish huquqiga ega.
19. Komissiya majlisi uning aʼzolari umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Komissiya xulosasi komissiya majlisida qatnashayotgan aʼzolar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
20. Komissiya jonli ijroda yoki fonogrammadan qisman foydalanilgan holda oʻtkaziladigan konsert-tomosha tadbiri tashkilotchisi uchun ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining ijara toʻlovidan chegirma berish yoxud chegirma bermaslik toʻgʻrisida xulosa beradi.
Xulosa oʻtkazilayotgan konsert-tomosha tadbirini toʻliq videoga olish, real vaqt rejimida toʻliq oʻrganish va tahlil qilish natijalari boʻyicha tayyorlanadi hamda komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi.
21. Komissiya xulosasi uch nusxada rasmiylashtiriladi va uning bir nusxasi tadbir tashkilotchisiga, bir nusxasi ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining maʼmuriyatiga taqdim etiladi hamda bir nusxasi Komissiyada saqlanadi.
22. Tadbir tashkilotchisi komissiyaning xulosasidan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda yoki sud tartibida shikoyat qilishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2025-y., 09/25/207/0315-son)