Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarining (0020-22-son SanQvaN) 3-bobi 13-paragrafiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 12-martda hisobga olindi, hisob raqami 338]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarining (0020-22-son SanQvaN) (hisob raqami 70, 2022-yil 4-mart) 3-bobi 13-paragrafiga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-mart,
2-son
Kelishildi:
Mahallalar uyushmasi raisi K. KURANBAYEV
2025-yil 11-mart
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M. OLLOYOROV
2025-yil 6-mart
Savdo-sanoat palata raisi D. VAXABOV
2025-yil 2 mart
Qurilish va uy- joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 28-fevral
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 28-fevral
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2025-yil 27-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 11 martdagi 2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davolash-profilaktika muassasalarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarining 3-bobi 13-paragrafiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. Nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-§. Ambulatoriya-poliklinika muassasalari hamda mahalla hududidagi mahalla va davlatga tegishli bino va inshootlardagi tibbiy punktlar”.
2. Quyidagi mazmundagi 1491–1494-bandlar bilan toʻldirilsin:
“1491. Mahalla hududidagi mahalla va davlatga tegishli bino va inshootlardagi tibbiy punktlarning oʻlchamlari (bundan buyon matnda tibbiy punktlar deb yuritiladi) 12 m2 boʻlishi kerak.
1492. Tibbiy punktlarda ichimlik va oqava suv tarmogʻi boʻlishi lozim.
Agar ichimlik va oqava suv tarmogʻi mavjud boʻlmasa, qoʻl yuvish uchun sharoit yaratilgan boʻlishi kerak.
1493. Tibbiy punktlar devorlarida kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzi boʻyicha sanitariya-targʻibot materiallari, shifoxona ichi infeksiyalarini oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar osilgan boʻlishi lozim.
1494. Tibbiy punktlarda koʻrsatiladigan tibbiy yordam hajmidan kelib chiqib, vena ichiga, teri ostiga, mushak orasiga inyeksiyalarni qilish uchun zarur boʻlgan tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar boʻlishi zarur:
tibbiyot asbob-uskunalar uchun stol;
xodimlar uchun ish stoli;
stullar;
kushetka;
shtativ (suyuqliklarni tomchilatib quyishga moʻljallangan) kamida 2 dona;
sovutgich (xolodilnik);
muolaja oʻtkaziladigan xonalarda statsionar holatdagi bakteritsid lampa;
tonometr va fonendoskop;
shpatel;
bir marta qoʻllaniladigan shpritslar;
bir martalik choyshablar, qoʻlqoplar, bint, tampon, sochiqlar;
leykoplastir;
dezinfeksiya vositalari va yorliqlangan idishlar;
ishlatib boʻlingan material uchun idishlar;
tibbiyot termometri.”.