Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro sanʼatini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 18-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda konsert-tomosha sohasini yanada taraqqiy ettirish, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan shaxslar uchun shart-sharoitlar yaratish, milliy estrada sanʼatini yanada ommalashtirish, madaniyat va sanʼatni innovatsion jihatdan rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga jonli ijro sanʼatini rivojlantirishni izchil davom ettirish, aholining jonli ijroga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish va uning isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish, jonli ijroni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining jonli ijro sanʼatini rivojlantirish yoʻnalishidagi vakolatlarini, shuningdek konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish darajasiga qarab musiqiy va boshqa asarlarni ijro etish usullarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish darajasi haqida axborot berish tartibini belgilovchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish samaradorligini oshirishga, jonli ijro sanʼatini rivojlantirishga, isteʼdodli ijrochilarni qoʻllab-quvvatlashga, jonli ijroni ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi 221-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 59-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 413-modda; 2006-yil, № 10, 536-modda; 2008-yil, № 4, 183-modda; 2010-yil, № 10, 380-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 12, 891-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 1, 4-modda; 2023-yil, № 2, 106-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda) 6-moddasiga quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
ikkinchi qismning oʻn toʻrtinchi xatboshisidagi “teatr-konsert” degan soʻzlar “konsert-tomosha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart”;
uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlar tegishincha toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 20-yanvarda qabul qilingan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-668-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 1, 15-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 8-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi — oʻn beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“jonli ijroni targʻib qilish hamda jonli ijro etish orqali milliy sanʼat va madaniyatning nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan sanʼatkorlarni, ijodkorlarni hamda ijrochilarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
davlat madaniy konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda jonli ijro va fonogrammadan foydalanish darajasini hamda usullarini belgilaydi;
konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammalardan va mualliflik asarlaridan foydalanishda ijrochilar tomonidan amaldagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan monitoring yuritadi;
musiqa sanʼatini har tomonlama rivojlantirish, konsert-tomosha tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, ijrochilarga oʻz salohiyatini toʻlaqonli namoyish etishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida oʻz konsert dasturlarini jonli ijro usulida amalga oshiruvchi xonandalar, sozandalar va boshqa ijrochilar faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi”;
oʻn ikkinchi — oʻn beshinchi xatboshilari tegishincha oʻn oltinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) 21-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Konsert-tomosha tadbirlarida musiqali va boshqa asarlarni ijro etishda fonogrammadan foydalanish darajasiga qarab, ijrochilar tomonidan quyidagi usullar bilan ijro amalga oshirilishi mumkin:
jonli ijro — musiqali yoki boshqa asar barcha ijrochilar (xonandalar, sozandalar, boshlovchilar, soʻz ustalari va boshqa ijrochilar) tomonidan raqamli yoki analog axborot tashuvchilardagi oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalanmagan holda, oʻz ovozi bilan kuylash yoki oʻqish, shuningdek musiqiy asboblarda ijro etish yoʻli bilan real vaqt rejimida ijro etiladi;
fonogrammadan qisman foydalanilgan holda — musiqali yoki boshqa asar tovush elementlarining bir qismi oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalangan holda, qolgan elementlar esa real vaqt rejimida sahnada musiqachilar va vokalchilar tomonidan ijro etiladi;
fonogrammadan foydalanilgan holda — musiqali yoki boshqa asarning barcha tovush elementlari oldindan yozib olingan audioyozuvlardan foydalaniladi hamda musiqiy asarning ijrosiga vokal, cholgʻu yoki vokal-cholgʻu ijrochisi (ijrochilari) tomonidan bir vaqtning oʻzida taqlid qilinadi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan “Reklama toʻgʻrisida”gi OʻRQ-776-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 571-modda; 2024-yil, № 2, 108-modda, № 9, 964-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 19-moddaning birinchi qismidagi “teatr-konsert” degan soʻzlar “konsert-tomosha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 44-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44-modda. Konsert-tomosha tadbirlari reklamasida fonogrammadan foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborot
Konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanilganda ushbu tadbir reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi toʻgʻrisidagi axborot keltirilishi kerak.
Tashqi reklama orqali joylashtiriladigan konsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi toʻgʻrisidagi axborot umumiy reklama maydonining (sathining) kamida oʻn foizini tashkil etishi kerak.
Konsert-tomosha tadbiri tashkilotchilari bevosita tomosha boshlanishidan oldin fonogrammadan foydalanilish darajasi toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan audioxabar tarqatilishini taʼminlaydi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-mart,
OʻRQ-1046-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2025-y., 03/25/1046/0229-son)