Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 14-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 20-fevralda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 20-fevralda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanishini yengillashtirish, bank xizmatlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish, kreditlar berish tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga fuqarolarning nomiga ularning xabarisiz kreditlarni berish va taqdim etilgan pul mablagʻlarini firibgarlik usullarini qoʻllagan holda oʻzlashtirish hollarining oʻsib borishi fuqarolarning kreditlash sohasidagi manfaatlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlari takomillashtirilishini talab etmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga jismoniy shaxslarning ular bilan kredit bitimlarini tuzishga doir taqiq belgilashga va uni olib tashlashga boʻlgan huquqlarini, ularni Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlarini, shuningdek kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimini tuzganlik uchun javobgarligi belgilanilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari kredit byurolari oʻzlarining faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablarini buzganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ularga nisbatan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar belgilanmoqda.
Mazkur Qonun fuqarolar nomiga ularning xabarisiz kreditlarni berish va taqdim etilgan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish hollarining oldini olishga, shuningdek kredit byurolari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-301-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 10, 271-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda; 2020-yil, № 1, 1, 3-moddalar; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 4, 340-modda; 2024-yil, № 2, 105-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-modda:
toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit axboroti subyekti — kredit bitimi boʻyicha tegishincha qarz oluvchi (qarzdor), lizing oluvchi, kafil, kafolat beruvchi, garovga qoʻyuvchi va sugʻurta qildiruvchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs, shuningdek oʻzining kredit bitimi tuzishini taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisida kredit byurolariga maʼlumotlar kiritish haqida ariza bergan jismoniy shaxs”;
oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit axborotidan foydalanuvchi — kredit bitimi boʻyicha tegishincha kreditor, lizing beruvchi, garovga oluvchi va sugʻurtalovchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs, shuningdek qonunchilikka muvofiq kredit axborotidan foydalanish vakolatiga ega boʻlgan yuridik shaxs”;
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestri — kredit bitimi tuzishi taqiqlangan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan va kredit byurolari tomonidan yuritiladigan yagona maʼlumotlar bazasi”;
2) 4-modda:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida jismoniy shaxsning kredit bitimi tuzishi taqiqi mavjudligi haqidagi yoki bunday taqiq olib tashlanganligi toʻgʻrisidagi”;
beshinchi xatboshisi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
3) 5-moddaning ikkinchi qismi:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“jismoniy shaxsning kredit bitimi tuzishini taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi ariza yuborilgan sana va vaqt, taqiq belgilangan yoki olib tashlangan sana va taqiq shartlari haqidagi”;
beshinchi xatboshisi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
4) 7-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kredit byurosi ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori ikki milliard soʻmni tashkil etishi kerak”;
ikkinchi — beshinchi qismlari tegishincha uchinchi — oltinchi qismlar deb hisoblansin;
toʻrtinchi qismidagi “Kichik tadbirkorlik subyekti boʻlmagan” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
5) 8-modda ikkinchi qismining:
ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“muassislar umumiy yigʻilishining kredit byurosini tashkil etish toʻgʻrisidagi bayonnomasi yoki yagona muassisning kredit byurosini tashkil etish haqidagi qarori”;
toʻrtinchi xatboshisi “muassislari” degan soʻzdan keyin “(muassisi)” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
oltinchi xatboshisi “ustav fondi” degan soʻzlardan keyin “(ustav kapitali)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
6) 12-modda:
birinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qonunchilik talablarini buzganlik uchun kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi”;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Kredit bitimini tuzishi taqiqlangan shaxslarning oʻzaro muvofiqlashtirilgan reyestrini kredit byurolari tomonidan yuritish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi”;
7) quyidagi mazmundagi 121-modda bilan toʻldirilsin:
“121-modda. Kredit byurolariga nisbatan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagi qoidabuzarliklar sodir etilganligi uchun kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi:
kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik;
kredit byurolari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini buzganlik;
litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan qoidabuzarliklar aniqlanganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagi choralar va sanksiyalarni qoʻllashga haqli:
kredit byurolariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida, shu jumladan kredit byurolari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish haqida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborish;
bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravarigacha boʻlgan miqdorda jarima undirish.
Choralar va sanksiyalarni qoʻllashda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni hisobga oladi:
qoidabuzarliklarning xususiyatini, miqyosini va oqibatlarini;
qoidabuzarliklarning tizimliligi va davomiyligini;
qoʻllaniladigan choralar va (yoki) sanksiyalar natijasida vaziyatni oʻzgartirish imkoniyatini;
aniqlangan qoidabuzarliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan sabablarni;
ilgari qoʻllanilgan choralar va sanksiyalarning samaradorligini (natijadorligini)”;
8) 14-moddaning:
birinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida jismoniy shaxsning mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi axborotni kredit axboroti subyektlariga va kredit axborotidan foydalanuvchilarga ularning soʻrovlariga asosan berishi”;
toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilari tegishincha oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
9) 16-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunchilikka muvofiq taqdim etilishiga ruxsat berilgan axborotni:
banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi toʻlov tashkilotlari — Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga;
lizing, sugʻurta tashkilotlari, tovar isteʼmol kreditlarini beruvchi tashkilotlar — kredit byurolariga taqdim etishi shart”;
10) quyidagi mazmundagi 161-modda bilan toʻldirilsin:
“161-modda. Jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish
Jismoniy shaxs oʻzining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun oʻzi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin.
Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi ariza Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish asosida beriladi.
Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi ariza olingan paytdan eʼtiboran kredit byurosi tomonidan darhol kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritiladi.
Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bunda mazkur xizmatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bepul asosda koʻrsatiladi.
Jismoniy shaxslarning kredit bitimini tuzishini taqiqlash toʻgʻrisidagi arizalari roʻyxati kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida kredit byurolari tomonidan yuritiladi.
Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestridan kredit bitimini tuzish taqiqi mavjudligi yoki bunday taqiq olib tashlanganligi toʻgʻrisidagi axborotni olmasdan turib kredit bitimini tuzish taqiqlanadi. Bunda banklar yoki nobank kredit tashkilotlari yoxud mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi toʻlov tashkilotlari jismoniy shaxsning ishtirokisiz yoki xabarisiz amalga oshirilgan kredit bitimidan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uchun javobgar boʻladi.
Kredit axborotidan foydalanuvchilar jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestridan bepul asosda oladi”;
11) 17-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisidagi “Yuridik shaxslarning davlat reyestriga va Yakka tartibdagi tadbirkorlarning davlat reyestriga” degan soʻzlar “Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
12) 22-moddaning birinchi qismi:
sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻzi haqidagi kredit hisobotining taqdim etilishiga rozilik berishni rad etish yoki uning kredit byurolari tomonidan taqdim etilishini taqiqlash (taqiqni olib tashlash)”;
quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi ariza bilan belgilangan tartibda murojaat etish”;
oʻninchi xatboshisi oʻn birinchi xatboshi deb hisoblansin;
13) 24-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kredit axborotini taqdim etish va uning almashinuvi faqat kredit bitimini tuzish, oʻzgartirish hamda kredit bitimining ijrosini monitoring qilishdagi tavakkalchilikni baholash maqsadida, shu jumladan kredit axboroti subyektlarini reyting asosida baholash orqali, shuningdek qonunchilikda belgilangan boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasi 7-bandining toʻqqizinchi xatboshisi 2026-yil 1-iyuldan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-mart,
OʻRQ-1043-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2025-y., 03/25/1043/0217-son)