Norasmiy tarjima
Birlashgan Millatlar Tashkilotining
Bayonnomasi
Qochoqlar maqomlariga taalluqli
Ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari,
1951-yil 28-iyulda Jenevada imzolangan Qochoqlar maqomi toʻgʻrisidagi konvensiya (keyingi oʻrinlarda — Konvensiya) faqat 1951-yil 1-yanvarga qadar sodir boʻlgan hodisalar oqibatida qochoq boʻlgan shaxslarga nisbatan amal qilishini eʼtiborga olib,
Konvensiya qabul qilingan vaqtdan beri qochoqlarga taalluqli yangi vaziyatlar yuzaga kelganligini va shu sababli bunga aloqador boʻlgan qochoqlar Konvensiya amal qilish doirasiga kirmasliklari mumkinligini eʼtiborga olib,
Konvensiyada mavjud taʼrifga toʻgʻri keladigan barcha qochoqlar 1951-yil 1-yanvarning koʻrsatilgan sanasidan qatʼi nazar, teng maqomdan foydalanishlari maqsadga muvofiqligini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari Konvensiyaning 2 — 34-moddalarini quyida bayon etilgan taʼrifga toʻgʻri keladigan qochoqlarga nisbatan qoʻllash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
2. Mazkur Bayonnomaning maqsadlari uchun ushbu moddaning 3-bandini qoʻllashga taalluqli holatlarni istisno qilgan holda, “qochoq” atamasi deganda, 1A(2)-moddasidagi “1951-yil 1-yanvargacha sodir boʻlgan hodisalar oqibatida...” va “... shu kabi voqealar oqibatida” soʻzlari tushirib qoldirilib, Konvensiyaning 1-moddasi taʼrifiga toʻgʻri keladigan har qanday shaxs nazarda tutiladi.
3. Ushbu Bayonnoma unda ishtirok etuvchi davlatlar tomonidan hech bir joʻgʻrofiy cheklashlarsiz Konvensiyaning 1B(1)(a)-moddasiga muvofiq Konvensiyaning ishtirokchilari hisoblangan davlatlar tomonidan qilingan mavjud bayonot holatlari istisno etilgan hollarda, shuningdek, agar mazkur Bayonnomaga muvofiq Bayonnoma 1B(2)-moddaga koʻra uzaytirilmagan boʻlsa ham qoʻllaniladi.
2-modda. Milliy hokimiyatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi
1. Ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi yoki uning vazifalarini bajarish oʻtishi mumkin boʻlgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining har qanday boshqa muassasalari bilan hamkorlik qilish va, xususan, ushbu Bayonnoma qoidalarini qoʻllash ustidan nazorat majburiyatlarini bajarishga koʻmaklashish majburiyatini oladilar.
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oliy komissari boshqarmasi yoki uning vazifalarini bajarish oʻtishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa muassasalariga Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakolatli organlariga maʼruzalar taqdim etish imkoniyatini berish uchun ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari ularga quyidagilarga taalluqli axborot va statistika maʼlumotlarini tegishli shaklda taqdim etish majburiyatini oladilar:
a) qochoqlarning ahvoli;
b) ushbu Bayonnomani bajarish;
s) qochoqlarga taalluqli kuchda boʻlgan yoki keyinchalik kuchga kirishi mumkin boʻlgan qonunlar, qarorlar va dekretlar.
3-modda. Milliy qonunchilik toʻgʻrisida axborot
Ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga mazkur Bayonnomaning qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida qabul qilishi mumkin boʻlgan qonun va qarorlar matni toʻgʻrisida xabar beradi.
4-modda. Bahslarni hal etish
Ushbu Bayonnomaning ishtirokchi-davlatlari oʻrtasida talqin qilish yoki qoʻllashga taalluqli boʻlgan va boshqacha usulda hal etib boʻlmaydigan barcha bahslar bahslashayotgan tomonlardan birining iltimosiga koʻra Xalqaro Sudga yuboriladi.
5-modda. Bayonnomaga qoʻshilish
Ushbu Bayonnoma Konvensiyaning barcha ishtirokchi-davlatlari nomidan va Birlashgan Millatlar Tashkilotining har qanday boshqa aʼzo davlatlari yoki har qanday ixtisoslashtirilgan muassasa yoxud Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan Bayonnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida taklifnoma yuborilgan davlat aʼzolarining qoʻshilishi uchun ochiq. Qoʻshilish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjat saqlash uchun topshirilishi orqali amalga oshiriladi.
6-modda. Federativ davlatlar toʻgʻrisidagi modda
Federativ yoki unitar boʻlmagan davlatga quyidagi qoidalar qoʻllaniladi:
a) Konvensiyaning ushbu Bayonnomaning 1-moddasi 1-bandiga muvofiq qoʻllanilishi kerak boʻlgan va federal qonunchilik hokimiyatining qonunchilik yurisdiksiyasiga kiradigan moddalariga nisbatan federal hukumatning majburiyatlari federativ davlat boʻlmagan ishtirokchi-davlatlar majburiyatlariga belgilangan darajada mos keladi;
b) Konvensiyaning ushbu Bayonnomaning 1-moddasi 1-bandiga muvofiq qoʻllanilishi kerak boʻlgan hamda federatsiyaga kiradigan shtat, provinsiya va kantonlari federatsiyaning konstitutsiyaviy tuzumiga koʻra qonunchilik choralarini koʻrish shart boʻlmagan qonunchilik yurisdiksiyasiga kiradigan moddalariga nisbatan federal hukumat birinchi imkoniyatning oʻzida mazkur moddalarni ijobiy tavsiyalar bilan birga tegishli shtat, provinsiya yoki kantonlarning eʼtiboriga havola qiladi;
s) ushbu Bayonnomaning federativ ishtirokchi-davlati har qanday boshqa ishtirokchi-davlatning talabiga binoan unga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi orqali Konvensiyani Bayonnomaning 1-moddasi 1-bandiga muvofiq qoʻllanilishi kerak boʻlgan biron bir aniq qoidasiga nisbatan federatsiyada va uning tarkibiy qismlarida mavjud qonunlar va amaliyotlar toʻgʻrisida hamda mazkur qoidaning qonunchilik yoki boshqa yoʻl bilan hayotga qanday darajada tatbiq etilgani koʻrsatilgan maʼlumotnomani taqdim etadi.
7-modda. Qoʻshimcha shartlar va ariza
1. Har qanday davlat qoʻshilish paytida ushbu Bayonnomaning 4-moddasiga va mazkur Bayonnomaning 1-moddasiga muvofiq Konvensiyani biron bir qoidasini qoʻllashga nisbatan 1, 3, 4, 16(1) va 33-moddalarida keltirilgan qoidalarni istisno etgan holda, ushbu moddaga muvofiq Konvensiya ishtirokchi-davlatlarining qoʻshimcha shartlari Konvensiya qoʻllaniladigan qochoqlarga nisbatan tarqalmasligi sharti bilan qoʻshimcha shartlar qoʻyishi mumkin.
2. 42-moddaga muvofiq Konvensiyaning ishtirokchi-davlatlari tomonidan qilingan qoʻshimcha shartlar, agar bekor qilinmagan boʻlsa, ushbu Bayonnoma boʻyicha ularning majburiyatlariga taalluqli boʻladi.
3. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq qoʻshimcha shartlar bergan har qanday davlat istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini bu haqda xabardor qilish orqali ushbu qoʻshimcha shartlaridan voz kechishi mumkin.
4. Ushbu Bayonnomaga qoʻshilayotgan, Konvensiyaning 40-moddasi 1 va 2-bandlariga muvofiq unda ishtirok etayotgan davlat tomonidan qilingan bayonot, agar ishtirokchi-davlat qoʻshilish paytida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga buning aksi toʻgʻrisidagi bildirgini yubormasa, ushbu Bayonnomaga nisbatan ham qoʻllaniladi, deb hisoblanadi. Konvensiyaning 40-moddasi 2 va 3-bandlari hamda 44-moddaning 3-bandi qoidalari ushbu Konvensiyaga qoʻllaniladi, mutatis mutandis deb hisoblanadi.
8-modda. Kuchga kirish
1. Ushbu Bayonnoma qoʻshilish toʻgʻrisidagi oltinchi hujjat topshirilgan kundan kuchga kiradi.
2. Qoʻshilish toʻgʻrisidagi oltinchi hujjat topshirilgandan keyin Bayonnomaga qoʻshilgan barcha davlatlar uchun Bayonnoma bunday davlatlar oʻzlarining qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjatlarini topshirgan kundan kuchga kiradi.
9-modda. Denonsatsiya qilish
1. Bayonnomaning har qanday ishtirokchi-davlati istalgan vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga bildirgi yuborish orqali ushbu Bayonnomani denonsatsiya qilishi mumkin.
2. Bunday denonsatsiya qilish tegishli ishtirokchi-davlat uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan bu kabi bildirgi olingan kundan boshlab bir yildan keyin kuchga kiradi.
10-modda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan yuboriladigan bildirgilar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi yuqorida 5-moddada qayd etilgan barcha davlatlarga mazkur Bayonnomaning kuchga kirish sanasi, unga qoʻshilish, qoʻshimcha shartlar qilish va qoʻshimcha shartlarni olib tashlash hamda uni denonsatsiya qilish, shuningdek unga taalluqli boʻlgan bayonotlar va bildirishnomalar toʻgʻrisida xabar beradi.
11-modda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kotibiyati arxivlariga saqlash uchun topshirish
Ushbu Bayonnomaning, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tilidagi matnlari aynan bir xil boʻlgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining raisi va Bosh kotibi tomonidan imzolangan nusxasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyati arxivida saqlanadi. Bosh kotib ushbu Bayonnomaning tasdiqlangan nusxalarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzo-davlatlari va yuqorida 5-moddada qayd etilgan boshqa davlatlarga yuboradi.
(Imzolar)