Norasmiy tarjima
Deklaratsiya
Din yoki eʼtiqodga asoslangan murosasizlik va kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida
Bosh Assambleya,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining asosiy prinsiplariga muvofiq qadr-qimmat va tenglik har bir insonga taalluqli hamda barcha aʼzo davlatlar oʻzaro birgalikda va oʻzi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda irqi, jinsi, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha uchun inson huquqlari va asosiy erkinliklarni umumiy hurmat qilish va ularga rioya qilishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish majburiyatini oʻz zimmalariga oladigan,
inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida va Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarda kamsitmaslik va qonun oldida tenglik prinsiplariga hamda fikr, vijdon, din yoki eʼtiqod erkinligi huquqining eʼlon qilinganligini hisobga olib,
inson huquqlari va asosiy erkinliklarini, xususan, fikrlash, vijdon, din yoki har qanday turdagi eʼtiqod erkinligini eʼtiborsiz qoldirish va buzish toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita urushlar hamda insoniyatning katta azob-uqubatlariga sabab boʻladi, ayniqsa ular xorijiy davlatlarning ichki ishlariga aralashish vositasi sifatida xalqlar va davlatlar oʻrtasida nafratni qoʻzgʻatishga olib keladi,
din yoki eʼtiqod, ularga amal qiladigan har bir inson uchun hayotni tushunishning asosiy elementi ekanligi hamda din va eʼtiqod erkinligiga toʻlaligicha rioya qilish va kafolatlash kerakligini hisobga olib,
din va eʼtiqod erkinligi masalalarida oʻzaro tushunish, bagʻrikenglik va hurmatni qoʻllab-quvvatlash hamda din yoki eʼtiqoddan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavi va boshqa tegishli hujjatlariga hamda ushbu Deklaratsiyaning maqsad va tamoyillariga zid boʻlgan maqsadlarda foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlash muhimligini hisobga olib,
din va eʼtiqod erkinligi umumjahon tinchlik, ijtimoiy adolat va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik hamda mustamlakachilik va irqiy kamsitish mafkurasi va amaliyotiga barham berish maqsadlariga erishishni ham qoʻllab-quvvatlashi zarurligiga ishonch hosil qilib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va ixtisoslashgan muassasalar shafeligida kamsitishning turli shakllariga barham berish toʻgʻrisida bir necha konvensiyalar qabul qilinib, kuchga kirganligini mamnuniyat bilan qayd etib,
jahonning ayrim hududlarida hali ham kuzatilayotgan din yoki eʼtiqod masalalaridagi murosasizlik va kamsitishning namoyon boʻlishidan xavotirda boʻlib,
bunday murosasizlikning barcha shakllari va koʻrinishlarini imkon qadar tezroq bartaraf etish hamda din yoki eʼtiqodga asoslangan kamsitishning oldini olish va unga qarshi kurashish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga qatʼiy qaror qilib,
Din yoki eʼtiqodga koʻra murosasizlik va kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi deklaratsiya ushbu Deklaratsiyani eʼlon qiladi:
1-modda
1. Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega. Bu huquq oʻz tanloviga koʻra har qanday din yoki eʼtiqodga ega boʻlish erkinligini hamda oʻz diniga eʼtiqod qilish hamda oʻz eʼtiqodini yolgʻiz yoki boshqalar bilan birgalikda, ochiq yoki xususiy tartibda, ibodat qilish, diniy marosimlar va taʼlimotlarni amalga oshirish erkinligini oʻz ichiga oladi.
2. Hech kimning oʻz tanloviga koʻra din yoki eʼtiqodga ega boʻlish erkinligiga putur yetkazadigan majburlashga duchor qilinishi mumkin emas.
3. Dinga eʼtiqod qilish yoki eʼtiqodini bildirish erkinligi faqat qonun bilan belgilangan hollarda hamda jamoat xavfsizligi, tartib, sogʻliq yoki axloqni, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur boʻlgandagina cheklanishi mumkin.
2-modda
1. Hech kim hech bir davlat, muassasa, shaxslar guruhi yoki alohida shaxs tomonidan din yoki eʼtiqodiga koʻra kamsitilishga duchor qilinishi mumkin emas.
2. Ushbu Deklaratsiyaning maqsadlari uchun “din yoki eʼtiqodga asoslangan murosasizlik va kamsitish” ifodasi din yoki eʼtiqodga asoslangan hamda inson huquqlari tengligi va asosiy erkinliklar asosida tan olish, foydalanish yoki amalga oshirishga putur yetkazish yoki oyoq osti qilish maqsadi yoki oqibatini nazarda tutadigan istalgan farqlash, istisno qilish, cheklash yoki afzal koʻrishni anglatadi.
3-modda
Odamlarni din yoki eʼtiqodiga koʻra kamsitish inson shaxsi qadr-qimmatini haqoratlash va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavi prinsiplarini inkor etish boʻlib hisoblanadi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida eʼlon qilingan va Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlarda batafsil bayon etilgan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini buzish sifatida hamda davlatlar oʻrtasidagi doʻstona va tinch munosabatlarga toʻsiq sifatida qoralanadi.
4-modda
1. Barcha davlatlar fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotning barcha sohalarida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish, amalga oshirish va ulardan foydalanishda din yoki eʼtiqodga asoslangan kamsitishning oldini olish va bartaraf etish uchun samarali choralarni koʻrishlari kerak.
2. Barcha davlatlar, zarurat tugʻilganda, har qanday kamsitishlarni taqiqlovchi qonunlarni qabul qilish yoki bekor qilish, shuningdek, ushbu sohada din yoki boshqa eʼtiqodlarga asoslangan murosasizlikka qarshi kurashish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar.
5-modda
1. Ota-onalar yoki bolaning qonuniy vasiylari, zarur hollarda, oʻz dini yoki eʼtiqodiga muvofiq, shuningdek, ularning fikricha, bola olishi kerak boʻlgan axloqiy tarbiyadan kelib chiqib, oila doirasidagi yashash tarzini belgilashga haqlidir.
2. Har bir bola oʻz ota-onasi yoki muayyan holatlarda qonuniy vasiylarining xohishiga koʻra, din yoki eʼtiqod sohasidagi taʼlim olish huquqiga ega hamda ota-onasi yoki qonuniy vasiylari xohishiga qarshi din yoki eʼtiqod sohasidagi taʼlim olishga majburlanmaydi, bunda ustuvor prinsip bolaning manfaatlaridir.
3. Bola din yoki eʼtiqodga asoslangan kamsitishning har qanday shaklidan himoyalanadi. U oʻzaro tushunish, bagʻrikenglik, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, tinchlik va umuminsoniy birodarlik, oʻzgalarning din va eʼtiqod erkinligini hurmat qilish, shuningdek, uning gʻayrat-shijoati va qobiliyati boshqa odamlarning baxt-saodatiga xizmat qilishga bagʻishlanishi kerakligini toʻliq anglab yetish ruhida tarbiyalanishi kerak.
4. Agar bola ota-onasi yoki qonuniy vasiylarining qaramogʻida boʻlmasa, ularning din yoki eʼtiqodga oid masalalardagi xohish-irodasi yoki irodasining har qanday namoyon boʻlishi eʼtiborga olinadi, bunda bolaning manfaatlari ustuvor prinsip boʻlib hisoblanadi.
5. Bola tarbiyalanayotgan din yoki eʼtiqod amaliyoti, ushbu Deklaratsiyaning 1-moddasi 3-bandiga rioya qilgan holda, uning jismoniy yoki ruhiy salomatligiga ham, uning umumiy rivojlanishiga ham zarar yetkazmasligi kerak.
6-modda
Ushbu Deklaratsiyaning 1-moddasiga muvofiq va 1-moddaning 3-bandi qoidalariga rioya qilgan holda, fikrlash, vijdon, din yoki eʼtiqod erkinligi, xususan, quyidagi erkinliklarni oʻz ichiga oladi:
a) din yoki eʼtiqod bilan bogʻliq ibodat qilish yoki yigʻilish hamda bu maqsadlarda joylarni tashkil etish va saqlash;
b) tegishli xayriya yoki gumanitar muassasalarni tashkil etish va saqlash;
s) diniy marosimlar, urf-odatlar yoki eʼtiqodlar bilan bogʻliq zaruriy ashyolar va materiallarni ishlab chiqarish, sotib olish va tegishli hajmda ishlatish;
d) ushbu sohalardagi tegishli nashrlarni tayyorlash, chop etish va tarqatish;
e) din yoki eʼtiqod masalalari boʻyicha taʼlimni, ushbu maqsadga muvofiq boʻlgan joylarda olib borish;
f) alohida shaxslar va tashkilotlardan ixtiyoriy moliyaviy hamda boshqa xayriya mablagʻlarini soʻrash va olish;
g) muayyan din yoki eʼtiqodning ehtiyojlari va meʼyorlariga muvofiq tegishli rahbarlarni tayyorlash, tayinlash, saylash yoki vorislik huquqi boʻyicha tayinlash;
h) din va eʼtiqod qoidalariga muvofiq dam olish kunlariga rioya qilish va bayramlarni nishonlash hamda marosimlarni amalga oshirish;
i) milliy va xalqaro darajada din va eʼtiqod sohasida alohida shaxslar va jamoalar bilan aloqalarni oʻrnatish va amalga oshirish.
7-modda
Ushbu Deklaratsiyada bayon etilgan huquq va erkinliklar milliy qonunchilikda har bir shaxs bunday huquq va erkinliklardan amalda foydalanishi mumkin boʻlgan tarzda beriladi.
8-modda
Ushbu Deklaratsiyadagi hech bir qoida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida va Inson huquqlari boʻyicha xalqaro paktlarda belgilangan har qanday huquqlarni cheklovchi yoki ulardan chetga chiquvchi maʼnoda talqin qilinishi mumkin emas.
(Imzolar)