Norasmiy tarjima
Xalqaro Mehnat Tashkilotining
167-sonli Konvensiyasi
Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisida
MUQADDIMA
Xalqaro mehnat tashkilotining Bosh konferensiyasi,
Xalqaro mehnat byurosi Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1988-yilning 1-iyunida yetmish beshinchi sessiyasiga toʻplanib,
tegishli mehnat boʻyicha xalqaro konvensiyalar va tavsiyalarni, xususan, 1937-yilgi Qurilishda texnik xavfsizlik boʻyicha konvensiya va tavsiyalarni, 1937-yilgi Qurilish sanoatida baxtsiz hodisalarning oldini olishda hamkorlik toʻgʻrisidagi tavsiyalar, 1960-yilgi Radiatsiyadan himoya qilish toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1963-yilgi Mashinalar uchun xavfsizlik uskunalari bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1967-yilgi Maksimal yuk toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1974-yilgi Kasbiy saraton kasalligi toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1977-yilgi Ishlab chiqarish muhiti (havoning ifloslanishi, shovqin va tebranish) toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1981-yilgi Mehnatda texnik xavfsizlik va gigiyena toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1985-yilgi Mehnatda gigiyena xizmatlari toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar, 1986-yilgi Asbestdan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiya va tavsiyalar hamda Konvensiya qoidalarida keltirilgan 1980-yilda kasbiy kasalliklar roʻyxati qayta koʻrib chiqilgan 1964-yilgi Ishlab chiqarishdagi jarohatlar holatida nafaqalar toʻgʻrisidagi konvensiyani eʼtiborga olib,
sessiya kun tartibining toʻrtinchi bandi boʻlgan qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha bir qator takliflarni qabul qilishga qaror qilib,
mazkur takliflarga 1937-yilgi Qurilishda texnik xavfsizlik toʻgʻrisidagi konvensiyani qayta koʻrib chiquvchi xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib,
bir ming toʻqqiz yuz sakson sakkizinchi yil iyun oyining yigirmanchi kunida quyida 1988-yilgi Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi konvensiya deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
I BOʻLIM. QOʻLLANILISH SOHASI VA TUSHUNCHALAR
1-modda
1. Ushbu Konvensiya qurilish faoliyatining barcha turlarini, ayniqsa, qurilish, qurilish muhandisligi, montaj va demontaj ishlari, jumladan qurilish maydonini qurilish ishlariga tayyorlashdan tortib obyektni qurib bitirishgacha boʻlgan har qanday jarayonlar, holatlar va tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi ish beruvchilar va ishchilarning manfaatdor vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashuvlardan soʻng, agar ular mavjud boʻlsa, xavfsiz va sogʻlom mehnat muhiti taʼminlangan taqdirda muhim ahamiyatga ega boʻlgan maxsus muammolarni ushbu Konvensiya doirasidan yoki uning baʼzi qoidalari doirasidan iqtisodiy faoliyatning ayrim tarmoqlarini yoki alohida korxonalarni chiqarib tashlashi mumkin.
3. Ushbu Konvensiya, milliy qonun hujjatlari yoki boshqa tartibga solishga muvofiq tayinlangan mustaqil ish bilan band shaxslarni qamrab oladi.
2-modda
Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun:
a) “qurilish” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
i) qurilish ishlari, shu jumladan yer osti ishlari va qurilish, tarkibiy oʻzgarishlar, tiklash ishlari, kapital taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish (tozalash va boʻyashni oʻz ichiga olgan holda) va barcha turdagi bino va inshootlarni buzish;
ii) fuqarolarning ehtiyojiga qaratilgan qurilishlar, shu jumladan qazish va montaj, tarkibiy oʻzgarishlar, aeroportlar, aylanma yoʻllar, portlar, ichki suv yoʻllari, toʻgʻonlar, daryo sohillari, dengizlar va qulash zonalari, yoʻllar va magistral yoʻllar atrofidagi himoya inshootlari; aloqa, drenaj, kanalizatsiya, suv va energiya kabi xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq temir yoʻllar, koʻpriklar, tunnellar, yoʻllar va inshootlar;
iii) bino va inshootlarni zavod ishlab chiqarish elementlaridan oʻrnatish va demontaj qilish, shuningdek qurilish maydonchasida yigʻma elementlarni ishlab chiqarish;
b) “qurilish maydonchasi” atamasi “a” kichik bandda koʻrsatilgan qandaydir jarayonlar yoki operatsiyalar amalga oshiriladigan har qanday maydonni anglatadi;
s) “ish joyi” atamasi ishchilar ishlarni bajarish uchun boʻlishi mumkin boʻlgan yoki yuborilishi lozim boʻlgan va ish beruvchining nazorati ostida boʻlgan “e” bandida koʻrsatilgan har qanday joyni anglatadi;
d) “ishchi” atamasi qurilishida ishlaydigan har qanday shaxsni anglatadi;
e) “ish beruvchi” atamasi quyidagilarni anglatadi:
(i) qurilish maydonchasida bir yoki bir nechta ishchining mehnatidan foydalanadigan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs; va
(ii) bosh pudratchining, pudratchining yoki subpudratchining holatiga qarab;
f) “vakolatli shaxs” atamasi zarur malakaga ega shaxsni, masalan, maʼlum bir ishni xavfsiz bajarish uchun tegishli tayyorgarlik, yetarli bilim, tajriba va koʻnikmaga ega boʻlgan shaxsni anglatadi. Vakolatli organlar bunday shaxslarni tayinlash uchun tegishli mezonlarni va ular bajarishi kerak boʻlgan majburiyatlarni belgilashlari mumkin;
g) “iskala” atamasi odamlarni va materiallarni joylashtirish yoki har qanday bunday tuzilishga kirishni taʼminlash uchun foydalaniladigan va “h” kichik bandda belgilanganidek “koʻtarish mexanizmi” boʻlmagan turgʻun, osib qoʻyiladigan va harakatlanuvchi har qanday vaqtinchalik tuzilishni anglatadi;
h) “koʻtarish mexanizmi” atamasi odamlarni yoki yuklarni koʻtarish yoki tushirish uchun foydalaniladigan har qanday statsionar yoki harakatlanuvchi mexanizmni anglatadi;
i) “koʻtarish uskunalari” atamasi yuk koʻtarish mexanizmiga biriktirilishi mumkin boʻlgan, ammo koʻtarish mexanizmi yoki yukning ajralmas qismi boʻlmagan har qanday asbob-uskunani yoki mahkamlashni anglatadi.
II BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
3-modda
Ish beruvchilar va ishchilarning eng manfaatdor vakillik tashkilotlari ushbu Konvensiya qoidalarini amalga oshirish uchun koʻrilishi kerak boʻlgan choralar toʻgʻrisida maslahatlashuvlar oʻtkazadi.
4-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarni baholash asosida ushbu Konvensiya qoidalarining qoʻllanilishini taʼminlaydigan qonun hujjatlari yoki qoidalarni qabul qilishga va saqlab qolish majburuyatini oladi.
5-modda
1. Yuqoridagi 4-moddaga muvofiq qabul qilingan qonun hujjatlari va qoidalar texnik normalar yoki qurilish standartlari yoxud milliy sharoitlar va amaliyotga mos keladigan boshqa tegishli usullar orqali ularni amalda qoʻllashni nazarda tutishi mumkin.
2. Yuqoridagi 4-moddaning va ushbu moddaning 1-bandi qoidalarini amalga oshirishda Tashkilotning har bir aʼzosi tan olingan xalqaro tashkilotlar tomonidan standartlashtirish sohasida qabul qilingan tegishli normalarni zarur ravishda hisobga oladi.
6-modda
Milliy qonun hujjatlari va qoidalari bilan belgilanadigan tartib-taomillarga muvofiq ish beruvchilar va ishchilar oʻrtasida qurilish maydonlarida mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish maqsadida hamkorlikni taʼminlash choralari koʻriladi.
7-modda
Milliy qonun hujjatlari yoki qoidalari ish beruvchilardan va oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlaydigan shaxslardan ish joylarida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi yuzasidan belgilangan choralarga rioya qilish majburiyatini zimmasiga olishini nazarda tutadi.
8-modda
1. Ikki yoki undan ortiq ish beruvchi bir vaqtning oʻzida bitta qurilish maydonchasida ish olib borganda:
a) qurilish maydonchasidagi umumiy faoliyat uchun amaliy nazoratni amalga oshiruvchi yoki asosiy javobgar boʻlgan pudratchi yoki boshqa shaxs yoki organ mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid belgilangan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish hamda bunday chora-tadbirlarga rioya qilinishini taʼminlash uchun milliy qonun hujjatlari va qoidalarga muvofiq tarzda javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi;
b) qurilish maydonchasidagi umumiy faoliyat uchun amaliy nazoratni amalga oshiruvchi yoki asosiy javobgar boʻlgan pudratchi yoki boshqa shaxs yoki organ qurilish maydonchasida boʻlmasa, ular milliy qonun hujjatlari va qoidalarga mos keladigan darajada qurilish maydonchasida ularning nomidan “a” kichik bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularga rioya qilinishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan vakolat va vositalarga ega boʻlgan vakolatli shaxs yoki organni tayinlaydi;
s) har bir ish beruvchi doimiy ravishda uning boʻysinuvida boʻlgan ishchilarga nisbatan belgilangan choralarga rioya qilish uchun javobgardir.
2. Agar bitta qurilish maydonchasida ish beruvchilar yoki oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlaydigan shaxslar bir vaqtning oʻzida ishlasalar, ular milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarga muvofiq belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha choralarni qoʻllashda hamkorlik qilish majburiyatini oladi.
9-modda
Qurilish obyektini loyihalash va qurilish ishlarini rejalashtirish bilan shugʻullanuvchi shaxslar milliy qonun hujjatlariga, qoidalarga va amaliyotga muvofiq qurilish ishchilari mehnatining xavfsizligi va gigiyenasini hisobga oladi.
10-modda
Milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarida har qanday ish joyida ishchilar asbob-uskunalar va mehnat usullarini nazorat qiladigan darajada xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashda ishtirok etish huquqiga va majburiyatga egaligi hamda, agar ular mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga taʼsir qilishi mumkin boʻlsa, amalga oshiriladigan ish tartib-taomillariga nisbatan oʻz fikrlarini bildirishlari nazarda tutiladi.
11-modda
Milliy qonun hujjatlari yoki qoidalari ishchilarning quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishini nazarda tutadi:
a) ish beruvchi bilan belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda imkoni boricha yaqinroq hamkorlik qilish;
b) oʻz xatti-harakatlari yoki ishdagi xatolari tufayli zarar yetkazilishi mumkin boʻlgan oʻzining va boshqalarning sogʻligʻini xavfsizligi va muhofaza qilishni taʼminlash uchun oqilona darajada ehtiyotkorona boʻlish;
s) oʻzlariga berilgan vositalardan foydalanish va oʻzlarini himoya qilish yoki boshqa shaxslarni himoya qilish uchun moʻljallangan har qanday vositalardan maqsadsiz foydalanmaslik;
d) oʻzlarining bevosita rahbarlari va texnik xavfsizlik masalalari bilan shugʻullanuvchi ishchilar vakillarini, agar mavjud boʻlsa, ularning fikriga koʻra, muayyan xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va oʻzlari hal qila olmaydigan har qanday vaziyat toʻgʻrisida darhol xabardor qilish;
e) belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha choralarga rioya qilish.
12-modda
1. Milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarda, agar ishchi oʻzining xavfsizligi yoki sogʻligʻiga bevosita va jiddiy tahdid mavjudligiga ishonish uchun asosli sabablar mavjud boʻlsa, xavfli zonani tark etish huquqiga ega ekanligi va bu haqda darhol oʻz rahbarini xabardor qilishga majbur ekanligi nazarda tutilgan.
2. Agar ishchilar xavfsizligiga muqarrar tahdid mavjud boʻlsa, ish beruvchi ishlarni tugatish va zarurat tugʻilganda ishchilarni evakuatsiya qilish uchun darhol choralar koʻradi.
III BOʻLIM. OLDINI OLISH VA HIMOYA QILISH CHORALARI
13-modda. Ish joylaridagi xavfsizlik
1. Ish joylari xavfsiz boʻlishi hamda ishchilar xavfsizligi va sogʻligʻiga xavf solmasligi uchun barcha zarur choralar koʻriladi.
2. Barcha ish joylariga kirish va barcha ish joylaridan chiqishning xavfsiz vositalari taʼminlanadi va yaxshi holatda saqlanadi, shuningdek zarur boʻlganda, ishoralar bilan belgilanadi.
3. Qurilish maydonchasida yoki qurilish maydoni hududida boʻlgan shaxslarni bunday joyda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday xavf-xatarlardan himoya qilish uchun barcha zarur choralar koʻriladi.
14-modda. Qurilish havozalari va narvonlar
1. Agar ish yer maydoni yoki binoning biron bir qismidan yoki statsionar loyihalashtirishni xavfsiz bajarish imkoni boʻlmasa, xavfsiz va meʼyorlarga javob beradigan qurilish havozalari yoki teng darajada xavfsiz va mos keladigan boshqa vositalar bilan taʼminlanadi va yaxshi holatda saqlanadi.
2. Yuqori qismdagi ish joylariga koʻtarilishning boshqa xavfsiz vositalari boʻlmagan taqdirda, standartlarga javob beradigan bardoshli narvonlar bilan taʼminlanadi. Ular kutilmaganda siljib ketishini oldini olish maqsadida lozim darajada mustahkamlab qoʻyiladi.
3. Barcha qurilish havozasi va narvonlar milliy qonun hujjatlari va qoidalarga muvofiq ishlab chiqariladi hamda foydalaniladi.
4. Qurilish havozalari vakolatli shaxs tomonidan milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarda belgilangan holatlarda va muddatlarda tekshiriladi.
15-modda. Yuk koʻtarish-tashish mexanizmlari va koʻtarish uskunalari
1. Har bir yuk koʻtarish-tashish mexanizmi va koʻtarish uskunalari elementlari, shu jumladan ularning tarkibiy qismlari, mahkamlaydigan moslamalari, langarlar va tayanchlar:
a) toʻgʻri loyihalashtirilgan va ishlab chiqarilgan, yaxshi materialdan tayyorlangan va moʻljallangan maqsadlar uchun zarur boʻlgan kuchga ega boʻlishi kerak;
b) toʻgʻri oʻrnatilishi va ishlatilishi kerak;
s) yaxshi ish sharoitida saqlanishi kerak;
d) vakolatli shaxs tomonidan milliy qonun hujjatlarida yoki qoidalarida belgilangan muddatlarda va holatlarda tekshirilishi va sinovdan oʻtkazilishi kerak; belgilangan tekshiruvlar va sinovlar natijalari roʻyxatdan oʻtkaziladi;
e) milliy qonun hujjatlari va qoidalarga muvofiq zarur tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar tomonidan boshqarilishi kerak.
2. Koʻtarish mexanizmlari yordamida odamlarni koʻtarish, tushirish yoki tushirishga faqat milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarga muvofiq ushbu maqsadlar uchun ishlab chiqarilgan, oʻrnatilgan va foydalanadiganlarga ruxsat beriladi, agar ular odamlarni ogʻir jarohatlar yoki oʻlimiga olib kelishi mumkin boʻlsa va agar bunday holatlarda koʻtarish mexanizmidan xavfsiz foydalanish mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.
16-modda. Transport, yer kovlaydigan yoki yuk ortish-tushirish uskunalari
1. Barcha transport, yer kovlaydigan yoki yuk ortish-tushirish uskunalari:
a) iloji boricha ergonomik prinsiplarni hisobga olgan holda tegishli tarzda loyihalashtirilgan va qurilgan boʻlishi kerak;
b) yaxshi ish holatida saqlanishi kerak;
s) tegishli tarzda foydalanilishi kerak;
d) milliy qonun hujjatlari va qoidalarga muvofiq zarur tayyorgarlikdan oʻtgan ishchilar tomonidan boshqarilishi kerak.
2. Transport, yer kovlaydigan yoki yuk ortish-tushirish uskunalari ishlatiladigan barcha qurilish maydonchalarida:
a) undan xavfsiz va belgilangan meʼyorlarga javob beradigan tarzda foydalanish taʼminlanadi;
b) harakat uning xavfsiz ishlatilishini taʼminlaydigan tarzda tashkil etiladi va nazorat qilinadi.
17-modda. Qurilmalar, mexanizmlar, uskunalar va qoʻl asboblari
1. Qurilmalar, mexanizmlar va uskunalar, jumladan mexanizatsiyalashmagan kabi mexanizatsiyalashgan qoʻl asboblari:
a) iloji boricha ergonomik prinsiplarni hisobga olgan holda tegishli tarzda loyihalashtirilgan va qurilgan boʻlishi kerak;
b) yaxshi ish holatida saqlanishi kerak;
s) agar vakolatli shaxs ulardan loyihalash maqsadlari doirasidan tashqari foydalanish xavfsiz degan xulosaga kelmasa, ulardan faqat ular moʻljallangan ish turlari uchun foydalanilishi kerak;
d) zarur kasbiy tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar tomonidan boshqarilishi kerak.
2. Zarur holatlarda, ishlab chiqaruvchi yoki ish beruvchi ishchilar uchun tushunarli boʻlgan shaklda ulardan xavfsiz foydalanish boʻyicha kerakli koʻrsatmalar beradi.
3. Kompressor qurilmalari va uskunalari vakolatli shaxs tomonidan milliy qonun hujjatlarida yoki qoidalarda belgilangan hollarda va muddatlarda tekshiriladi va sinovdan oʻtkaziladi.
18-modda. Balandlikda, shu jumladan tomlarda ishlash
1. Xavfdan himoya qilish zarur boʻlgan holatlarda yoxud agar inshootning balandligi yoki qiyalik burchagi milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarda belgilangan oʻlchamdan oshsa, odamlar, asboblar yoki boshqa buyumlar yoki materiallarning yiqilishining oldini olish choralari koʻriladi.
2. Agar ishchilar tomlar yoki tomlar yaqinida yoki ular qulab tushishi mumkin boʻlgan moʻrt materiallar bilan qoplangan boshqa joylarda ishlar bajarishlari kerak boʻlsa, ular moʻrt materiallarning yuzasiga bexosdan qadam bosish yoki ular orasiga yiqilib tushishining oldini olish uchun choralar koʻriladi.147
19-modda. Chuqurlar, quduqlar, yer osti inshootlari va tunnellar
Har bir chuqurda, quduqda, yer osti inshootida yoki tunnel ichida tegishli ehtiyot choralari koʻriladi:
a) tegishli mahkamlash yoki boshqacha tarzda ishchilarni tuproq, tosh massasi yoki boshqa materialning toʻkilishi yoki siljishidan yetadigan xavf-xatardan himoya qilish;
b) odamlar, materiallar yoki buyumlarning qulashi yoxud chuqurlar, quduqlar, yer osti inshootlari yoki tunnellarga suvning oqib kirishi oqibatida yuzaga keladigan xavf-xatardan himoya qilish;
s) har bir ish joyida nafas olish uchun zarur boʻlgan atmosferani saqlab turish va milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarga muvofiq barcha turdagi tutunlar, gazlar, bugʻ, chang yoki boshqa aralashmalarning sogʻliq uchun xavfsiz va zararli boʻlmagan darajasini cheklash uchun shamollatilishini taʼminlash;
d) ishchilarga yongʻin, suv toshishi yoki qulash holatida xavfsiz hududga evakuatsiya qilish imkoniyatini taʼminlash;
e) ishchilar uchun ularni aniqlash maqsadida tegishli qidiruvlarni olib borish orqali yuzaga keladigan suyuqlik aylanishi yoki gaz qopchalarining bosimi kabi yer osti xavflarining mavjudligi oqibatida kelib chiqadigan xavf-xatarlarni oldini olish.
20-modda. Peremichka va kessonlar
1. Har qanday peremichka va kesson:
a) lozim darajada loyihalashtirilgan, tegishli va sifatli materialdan tayyorlangan hamda zarur kuchga ega boʻlishi kerak;
b) suv yoʻli buzilib ketganda yoki materiallar qulagan hollarda ishchilarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish uchun zarur vositalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
2. Peremichka va kessonni qurish, oʻrnatish, oʻzgartirish yoki buzish faqat vakolatli shaxsning bevosita nazorati ostida amalga oshiriladi.
3. Har bir peremichka va har bir kesson vakolatli shaxs tomonidan belgilangan vaqt oraligʻida tekshiriladi.
21-modda. Siqilgan havoda ishlash
1. Siqilgan havoda ishlash faqat milliy qonun hujjatlarida yoki qoidalarda belgilangan choralarga rioya qilish bilan amalga oshiriladi.
2. Siqilgan havoda ishlash faqat bunday ish uchun jismoniy maʼlumotlari tibbiy koʻrikdan oʻtish orqali tavsiya etilgan ishchilar tomonidan va ishlab chiqarish amaliyotlari borishini nazorat qiluvchi vakolatli shaxs ishtirokida amalga oshiriladi.
22-modda. Koʻtarib turuvchi ramka tuzilmalari va qoliplar
1. Koʻtarib turuvchi ramka tuzilmalari va ularning tarkibiy qismlarini, qoliplar, suyab turuvchi tuzilmalarni va qoliplarni tutib-turuvchi havozalarni oʻrnatish faqat vakolatli shaxs nazorati ostida amalga oshiriladi.
2. Ishchilarni tuzilmalarda vaqtincha mustahkamlanmagan yoki beqarorlik bilan bogʻliq xavfdan himoya qilish uchun tegishli choralar koʻriladi.
3. Qoliplar, koʻtarib turuvchi tuzilmalar va qoliplarni tutib-turuvchi havozalar shunday tuzilmaga ega boʻlishi, ishlab chiqilishi va shunday sharoitda saqlanishi kerakki, ular yuklanishi mumkin boʻlgan barcha yuklarga bardoshli boʻlsin.148
23-modda. Suv ustida ishlash
Agar ish suv ustida yoki suvga yaqin joyda olib borilsa, tegishli ravishda taʼminlanadi:
a) odamlarning suvga tushishining oldini olish;
b) choʻkish xavfi ostida boʻlgan ishchilarni qutqarish;
s) yetarli miqdorda xavfsiz transport.
24-modda. Buzish boʻyicha ishlar
Agar biron bir bino yoki inshootning buzilishi ishchilar va atrofdagilar uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlsa:
a) milliy qonun hujjatlari yoki qoidalarga muvofiq chiqindilar va qoldiq materiallarni tozalashni oʻz ichiga olgan tegishli ehtiyot choralari, usullari va amaliyotlari qoʻllaniladi;
b) ish faqat vakolatli shaxs nazorati ostida rejalashtiriladi va amalga oshiriladi.
25-modda. Yoritish
Har bir ish joyida va ishchining oʻtishi mumkin boʻlgan qurilish maydonchasining boshqa joylarida tegishli va yetarli yorugʻlik, shu jumladan, agar kerak boʻlsa, koʻchma yoritish taʼminlanadi.
26-modda. Elektr
1. Barcha elektr jihozlari va qurilmalari vakolatli shaxs tomonidan ishlab chiqariladi, oʻrnatiladi va tegishli holatda saqlanadi hamda xavf paydo boʻlishining oldini olish uchun foydalaniladi.
2. Qurilishdan oldin va qurilish paytida yuqorida yoki qurilish maydonchasida joylashgan har qanday quvvatlangan elektr simlari yoki elektr jihozlari ishchilarga yetkazishi mumkin boʻlgan xavfni aniqlash va himoya qilish uchun tegishli choralar koʻriladi.
3. Qurilish maydonchalarida elektr kabellari va elektr jihozlarini yotqizish va yaxshi holatda saqlash milliy darajada qoʻllaniladigan texnik qoidalar va standartlar bilan tartibga solinadi.
27-modda. Portlovchi moddalar
Portlovchi moddalar quyidagi holatlarda saqlanadi, tashiladi, koʻchiriladi va foydalaniladi:
a) faqat milliy qonun hujjatlari yoki qoidalar bilan belgilangan sharoitlarda;
b) faqat ishchilar va boshqa odamlarning sogʻligʻi xavf ostida qolmasligini taʼminlash uchun zarur choralarni koʻradigan vakolatli shaxs tomonidan.
28-modda Sogʻliq uchun xavf
1. Agar xodimga uning sogʻligʻiga zarar etkazishi mumkin boʻlgan darajada kimyoviy, fizikaviy yoki biologik xususiyatdagi zararli omil taʼsir etadigan boʻlsa, bunday taʼsirni oldini olish uchun tegishli choralar koʻriladi.
2. 1-bandda koʻrsatilgan profilaktika choralariga quyidagilar kiradi:
a) iloji boricha zararli moddalarni xavfsiz yoki kamroq xavfli moddalar bilan almashtirish;
b) asbob-uskunalar, mexanizmlar, uskunalar yoki texnologik jarayonlarga nisbatan maxsus choralar koʻrish; yoki
s) “a” yoki “b” kichik band qoidalariga rioya qilishning iloji boʻlmasa, boshqa samarali choralar, jumladan shaxsiy himoya vositalari va himoya kiyimlaridan foydalanish kabi choralar koʻriladi.
3. Agar ishchilar toksik yoki zararli moddalar boʻlgan yoki atmosferada kislorod miqdori kam boʻlgan yoki atmosfera yongʻin jihatidan xavfli boʻlishi mumkin boʻlgan hududga kirishlari kerak boʻlsa, xavfdan himoya qilish uchun tegishli choralar koʻriladi.
4. Chiqindilar yoʻq qilishadi yoki boshqacha yoʻl bilan sogʻliq uchun zararli boʻlmagan tarzda qurilish maydonchasidan chiqariladi.
29-modda. Yongʻin xavfsizligi
1. Ish beruvchi quyidagilar uchun barcha tegishli choralarni koʻradi:
a) yongʻin xavfini oldini olish uchun;
b) yongʻin oʻchoqlarini tez va samarali bartaraf etish uchun;
s) odamlarni tez va xavfsiz evakuatsiya qilishni taʼminlash uchun.
2. Yonuvchan suyuqliklar, qattiq moddalar va gazlar uchun mos keladigan va tegishli omborxonalar taʼminlanadi.
30-modda. Shaxsiy himoya vositalari va himoya kiyimlari
1. Agar baxtsiz hodisa yoki sogʻliqqa zarar yetkazish, shu jumladan noqulay sharoitlarda yashash xavfidan tegishli himoya boshqa vositalar bilan taʼminlanmasa, ish beruvchi milliy qonun hujjatlarida yoki qoidalarda nazarda tutilganidek, ishning oʻziga xos xususiyati va xavfini hisobga olgan holda xodimlarga zarur shaxsiy himoya vositalari va himoya kiyimlarini bepul taqdim etadi va taʼminlaydi.
2. Ish beruvchi xodimlarni shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishga imkon beradigan zarur vositalarni taqdim etadi va ularning toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlaydi.
3. Shaxsiy himoya vositalari va himoya kiyimlari, iloji boricha ergonomik prinsiplarni hisobga olgan holda, vakolatli organlar tomonidan belgilangan standartlarga muvofiq boʻlishi kerak.
4. Ishchilardan ularga berilgan shaxsiy himoya vositalari va himoya kiyimlaridan toʻgʻri ishlatish va yaxshi holatda saqlash talab etiladi.
31-modda. Birinchi yordam
Ish beruvchi har doim oʻqitilgan xodimlar tomonidan birinchi yordam koʻrsatilishini taʼminlash uchun javobgardir. Jarohat olgan yoki toʻsatdan kasal boʻlgan ishchilarga tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida ularni evakuatsiya qilishni taʼminlash choralari koʻriladi.
32-modda. Sanitariya sharoitlari
1. Har bir qurilish maydonchasida yoki undan yetarli masofada zarur sifatli ichimlik suvining zarur zaxirasi taʼminlanadi.
2. Har bir qurilish maydonchasida yoki undan yetarli masofada ishchilar soni va ishning davomiyligiga qarab quyidagi texnik xizmat koʻrsatiladi va taʼminlanadi:
a) sanitariya va yuvinish xonalari;
b) kiyimlarni almashtirish, saqlash va quritish xonalari;
s) noqulay ob-havo sharoiti tufayli odamlarning ovqatlanishi va ishda tanaffus paytida yashash uchun xonalar.
3. Erkak va ayol ishchilar alohida sanitariya va yuvinish xonalari bilan taʼminlanadi.
33-modda. Axborot berish va oʻqitish
Xodimlar tegishli va muvofiq tarzda:
a) ish joylarida mehnat xavfsizligi va sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy omillar toʻgʻrisida xabardor qilinadi;
b) ushbu salbiy omillarning oldini olish, ularga qarshi kurashish va ulardan himoya qilish uchun mavjud choralar boʻyicha koʻrsatma beriladi va oʻqitiladi.
34-modda. Baxtsiz hodisalar va kasalliklar toʻgʻrisida xabar berish
Milliy qonun hujjatlari yoki qoidalar ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklar toʻgʻrisida hokimiyatning vakolatli organiga belgilangan muddatda xabar berishni nazarda tutadi.
IV BOʻLIM. AMALGA OSHIRISH
35-modda
Tashkilotning har bir aʼzosi:
a) ushbu Konvensiya qoidalariga samarali rioya etilishini taʼminlash maqsadida barcha zarur choralarni, shu jumladan tegishli sanksiyalarni va axloq tuzatish choralarini koʻradi;
b) ushbu Konvensiyaga muvofiq koʻrilishi lozim boʻlgan choralarning qoʻllanilishini nazorat qilish uchun tegishli inspeksiya xizmatlarini taʼminlaydi va ushbu xizmatlarni oʻz vazifalarini bajarish uchun zarur manbalar bilan taʼminlaydi yoki tegishli inspeksiya oʻtkazilayotganligini tekshiradi.
V BOʻLIM. YAKUNIY QOIDALAR
36-modda
Ushbu Konvensiya 1937-yilgi Qurilishda texnik xavfsizlik toʻgʻrisidagi konvensiyani qayta koʻrib chiqadi.
37-modda
Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olish uchun Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
38-modda
1. Mazkur Konvensiya faqat ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Tashkilot aʼzolarini birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotni har bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
39-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning biron-bir aʼzosi, Konvensiya dastlab kuchga kirgan paytdan boshlab oʻn yillik davr tugaganidan keyin Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Denonsatsiya Xalqaro mehnat byurosida denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga koʻra, u bu modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin.
40-modda
1. Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan barcha ratifikatsiya qilish va denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro mehnat tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor Tashkilot aʼzolarini u tomonidan qabul qilingan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat roʻyxatga olingani haqida xabardor qilgan holda, ularning eʼtiborini ushbu Konvensiyaning kuchga kirgan sanasiga qaratadi.
41-modda
Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan barcha ratifikatsiya qilish, bayonot va denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
42-modda
Xalqaro mehnat byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish yoki kiritmaslikni hal qiladi.
43-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi 39-modda qoidalaridan qatʼi nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiya Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi uchun yopiq.
2. Mazkur Konvensiya, har qanday holatda ham, uni ratifikatsiya qilgan, biroq qayta koʻrib chiqilayotgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolariga nisbatan shakli va mazmuni boʻyicha oʻz kuchida qoladi.
44-modda
Ushbu Konvensiyaning ingliz va fransuz tilidagi matnlari bir xil kuchga ega.
(Imzolar)