Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
qarori
Pullik tibbiy xizmat koʻrsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 27-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3603]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-son “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi toʻgʻrisida” Farmoniga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Pullik tibbiy xizmat koʻrsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-dekabr,
210-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-dekabr,
20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 26-dekabrdagi 210-son, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2024-yil 24-dekabrdagi 20-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Pullik tibbiy xizmat koʻrsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash
TARTIBI
Mazkur tartib pullik xizmat koʻrsatadigan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat davolash-profilaktika muassasalarini (bundan buyon matnda davolash-profilaktika muassasalari deb yuritiladi) moliyalash va tibbiy xizmatni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini moliyalashtirishning shakllari va manbalari
1. Davolash-profilaktika muassasalarida bir vaqtning oʻzida budjetdan moliyalashtirish va (yoki) oʻzini oʻzi moliyalashtirish shakli amal qiladi.
2. Davolash-profilaktika muassasalari moliyaviy resurslarining asosiy manbalari quyidagilar hisoblanadi:
davlat budjeti mablagʻlari;
tibbiy sugʻurta mablagʻlari;
fuqarolarning sogʻligʻini saqlashga moʻljallangan maqsadli fondlarning mablagʻlari;
davolash-profilaktika muassasalarining davlat tomonidan kafolatlangan hajmidan ortiqcha tibbiy yordam koʻrsatganlik uchun va pullik xizmatlar koʻrsatganlik uchun olingan mablagʻlari;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari hamda jismoniy shaxslarning sogʻliqni saqlash muassasalariga ixtiyoriy va xayriya badallari;
banklarning kreditlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2-bob. Davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy xizmatni tashkil etish
3. Davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Davolash-profilaktika muassasalarida davolanuvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etishda barcha smeta va buxgalteriya hujjatlarini yuritish bepul va pullik xizmatlar boʻyicha alohida olib boriladi.
5. Davolash-profilaktika muassasalariga tushadigan mablagʻlarning alohida hisobini yuritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida quyidagi tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi:
1) aholiga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish uchun budjetdan tushadigan mablagʻlar uchun — gʻazna hisobvaraq;
2) pullik xizmatdan tushadigan mablagʻlarni hisobga olish uchun — gʻazna hisobvaraq;
3) ovqatlanish uchun davolanuvchilarning toʻlovlaridan kelib tushadigan mablagʻlarni jamlash uchun — gʻazna hisobvaraq.
6. Davlat budjetidan moliyalashtirish uchun davolash-profilaktika muassasasining daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali va boshqa hujjatlar Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 2634, 2014-yil 15-dekabr) belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Pullik tibbiy xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan daromadlar va xarajatlar smetasi, shtatlar jadvali davolash-profilaktika muassasalari tomonidan har yili tuziladi va tasdiqlanadi hamda budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan xarajatlar smetasi uchun belgilangan muddatlarda va tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
7. Davolash-profilaktika muassasasida davolanuvchilarga pullik xizmatlar koʻrsatish ushbu maqsadlar uchun ajratilgan alohida boʻlimlarda (yoki ixtisoslashtirilgan pullik boʻlim palatalarida) amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tibbiy xizmatga toʻlov qiymatini belgilashda, rentabellik koʻrsatiladigan tibbiy xizmat tannarxining 20 foizidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 28-apreldagi 254-son va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2025-yil 23-apreldagi 10-sonli qarori (roʻyxat raqami 3603-1, 07.05.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2025-y., 10/25/3603-1/0427-son)
9. Tibbiy xizmat, dori-darmon vositalari va tibbiy mahsulotlar uchun toʻlovlar shifoxona kassasiga naqd pul bilan yoki muassasaning hisobvaragʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan oldindan yoki davolanuvchini kuzatish, koʻrish va davolash davrida toʻlanishi mumkin. Alohida hollarda (davolash xarajatlari tibbiy sugʻurta jamgʻarmasidan yoki xodimni ish joyidan toʻlab beriladigan va boshqa holatlarda) tibbiy xizmat uchun toʻlovlarni toʻlash muddatlari davolash-profilaktika muassasasi va davolanuvchi oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Pullik tibbiy xizmatlar boʻyicha namunaviy shartnoma shakli Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy saytida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda joylashtiriladi.
3-bob. Davolash-profilaktika muassasalarida davolanuvchilarni dori-darmonlar bilan taʼminlash
11. Tibbiy yordamning pullik turlarini koʻrsatish uchun dori vositalari va tibbiy mahsulotlar bilan taʼminlash davolash-profilaktika muassasasi rahbariga yuklatiladi va ularning xaridi amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Dori vositalarini hisobga olish, kelib tushishini va pullik tibbiy xizmatga ishlatilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
12. Davolash-profilaktika muassasalarida davolanuvchilar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish Alohida holatlarda tibbiyot muassasasida bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3437, 2023-yil 30-may) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
13. Ushbu Tartib talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 26-dekabrdagi 210-son, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2024-yil 24-dekabrdagi 20-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 1999-yil 2-martda 20-son bilan tasdiqlangan Pullik tibbiy xizmat koʻrsatishga bosqichma-bosqich oʻtayotgan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi (roʻyxat raqami 679, 1999-yil 22-mart).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 2008-yil 23-apreldagi 35 va 5-son “Pullik tibbiy xizmat koʻrsatishga bosqichma-bosqich oʻtayotgan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 679-1, 2008-yil 5-may). (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 19-son, 169-modda).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 10/25/3603/0082-son; 08.05.2025-y., 10/25/3603-1/0427-son; 16.02.2026-y., 10/26/3603-2/0142-son)