Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida axborotni kriptografik muhofaza qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-614-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, shuningdek, davlat sirlari va konfidensial axborotni kriptografik muhofaza qilish sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish maqsadida:
axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalarini ishlab chiqish tartib-taomillarini takomillashtirish;
davlat sirlarini himoyalashda axborotni kriptografik muhofaza qilish dasturiy vositalaridan foydalanish talablarini belgilash;
axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalarini sertifikatlash muddatini uzaytirish;
xorijiy muvofiqlik sertifikatlarini tan olish tartibini takomillashtirish.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi B.N. Kurbanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-yanvar,
PQ-30-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PQ-30-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida axborotni kriptografik muhofaza qilishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-614-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-ilovada:
a) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. AKMV va kriptotizimlarni loyihalash, ishlab chiqish, ishlab chiqarish, olib kirish, olib chiqish, realizatsiya qilish, foydalanish va taʼmirlash, shuningdek axborotni kriptografik muhofaza qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni axborotni kriptografik muhofaza qilish sohasidagi alohida faoliyat turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari amalga oshirishlari mumkin”;
b) 26-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“AKMV mavzuli tadqiqotlari axborotni kriptografik muhofaza qilish vositalarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladi”;
v) 44-bandda:
birinchi xatboshining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. AKMV, ularning tajriba namunalari va alohida shifrlash elementlari, shuningdek, AKMV tarkibiga kiritilmagan bloklar indekslar yoki shartli nomlar va roʻyxatga olish raqamlari yordamida birma-bir hisobga olinadi, dasturiy AKMV bundan mustasno”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Dasturiy AKMVdan davlat sirlarini himoyalashda foydalanishga qonunchilik hujjatlari va milliy standartlar, shuningdek, Vakolatli organning idoraviy hujjatlari talablari doirasida ruxsat etiladi. Bunda dasturiy AKMVdan davlat sirlarini himoyalashda foydalanish toʻgʻrisida ularning nusxalari soni va ulardan foydalanish maqsadini koʻrsatgan holda Vakolatli organni yozma ravishda xabardor qilish shart”;
ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
g) 45-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“45. AKMV tajriba namunalarini, shuningdek, ishlab chiqarilgan va ishlatilayotgan AKMVni markazlashtirilgan (miqdoriy) birma-bir hisobga olish tartibini belgilash va tashkil etish Vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi”.
d) 46-band “AKMV ishlab chiquvchisi tomonidan” soʻzlaridan keyin “mavzuli tadqiqotlar natijalariga koʻra” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. 2-ilovada:
a) 32-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sertifikat besh yil muddatga beriladi”;
b) 37-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Arizaga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlash tizimida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari AKMV texnik xususiyatlarining batafsil tavsifi, AKMVni ishlab chiqishda va ishlab chiqarishga qoʻyishda xorijiy davlatlarning akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalarida oʻtkazilgan sinov bayonnomalarining (hujjatlarining) tasdiqlangan nusxalari ilova qilinishi shart”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 07/25/30/0078-son)