O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Banklar va banklar guruhlarining tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3427-1]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 7-martdagi 4/11-son qarori (ro‘yxat raqami 3427, 2023-yil 18-aprel) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2023-y., 10/23/3427/0218-son) bilan tasdiqlangan Banklar va banklar guruhlarining tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-dekabr,
37/6-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 5-dekabrdagi 37/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklar va banklar guruhlarining tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 1-bandda:
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“komplayens tavakkalchiligi — O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari, bankning ichki hujjatlari, shuningdek bank faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xorijiy mamlakatlarning hujjatlariga rioya etilmasligi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zarar (yo‘qotish) ko‘rish va (yoki) rejalashtirilgan daromadni olmaslik ehtimolligi;”;
quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi — bozordagi foiz stavkalari o‘zgarishining bank portfelidagi aktivlar va majburiyatlarga ta’sir qilishi natijasida zarar (yo‘qotish) ko‘rish va (yoki) rejalashtirilgan daromadni olmaslik ehtimolligi;
mamlakat tavakkalchiligi — xorijiy mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy vaziyat yoki mazkur mamlakatdagi boshqa o‘zgarishlar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zarar (yo‘qotish) ko‘rish va (yoki) rejalashtirilgan daromadni olmaslik ehtimolligi;”;
yettinchi — o‘n uchinchi xatboshilar tegishli ravishda to‘qqizinchi — o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
o‘n to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sezilarli tavakkalchiliklar — bankning kredit, likvidlilik, bozor, operatsion, komplayens, mamlakat tavakkalchiliklari va bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi;”;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“savdo portfeli — bank tomonidan moliyaviy instrumentlar narxlaridagi qisqa muddatli tebranishlardan foyda olish maqsadida keyinchalik sotish va (yoki) tavakkalchiliklarni xedjirlash maqsadida xarid qilingan moliyaviy instrumentlar yig‘indisi;
bank portfeli — bankning savdo portfeliga kiritilmagan hamda muddati tugaguniga qadar bank balansi yoki balansdan tashqari moddalarida saqlanuvchi aktivlar va majburiyatlar yig‘indisi;
operatsion bardoshlilik — bankning favqulodda vaziyatlarda va ko‘zda tutilmagan holatlarda muhim operatsiyalari uzluksizligini ta’minlay olish qobiliyati;
muhim operatsiya — bank tomonidan amalga oshiriladigan operatsiya bo‘lib, uni amalga oshirishdagi uzilishlar (to‘xtashlar) bank faoliyati barqarorligi va (yoki) bank tizimi barqarorligiga sezilarli putur yetkazishi mumkin.”.
2. Quyidagi mazmundagi 41-band bilan to‘ldirilsin:
“41. Bankning tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi bank faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqib sezilarli tavakkalchiliklardan tashqari boshqa tavakkalchiliklarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Bunda, bank mazkur tavakkalchiliklar o‘z vaqtida aniqlanishi, baholanishi, monitoring qilinishi va ular bo‘yicha hisobot tayyorlanishi, nazorat qilinishi hamda mazkur tavakkalchiliklarning kamaytirilishini ta’minlashi lozim.”.
3. 7-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Asosiy bank mazkur hisob-kitoblarni har yili bankning yillik moliyaviy hisoboti Markaziy bankka taqdim etilgan vaqtdan boshlab bir oy ichida Markaziy bankka taqdim etishi lozim.”.
4. 10-bandning ikkinchi xatboshisidagi “9-bandida” degan so‘z “8-bandida” degan so‘z bilan almashtirilsin.
5. 14-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit, likvidlilik, bozor, operatsion, mamlakat tavakkalchiliklarini va bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini stress-testdan o‘tkazish uslubiyoti va vositalari;”.
6. 15-banddagi “har chorakda” degan so‘zlar “bir yilda” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
7. 29-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“yirik tavakkalchiliklarga oid bitimlarni tuzishga doir qarorlar qabul qilish. Bunda, yirik tavakkalchilik deganda jami summasi bank birinchi darajali kapitalining 10 foizi va undan yuqori bo‘lgan bir qarz oluvchi yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchiliklar tushuniladi.”.
8. 32-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“sezilarli tavakkalchiliklar hamda ularni kamaytirish yuzasidan tayyorlangan hisobotlarni har chorakda, stress-test natijalarini bir yilda kamida bir marotaba Markaziy bankka taqdim qilish.”.
9. 34-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit, bozor, operatsion, likvidlilik, mamlakat tavakkalchiliklarini va bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini baholash metodlarini ishlab chiqish yoki ishlab chiqishda ishtirok etish;”;
o‘n uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit, likvidlilik, bozor, operatsion, mamlakat tavakkalchiliklari va bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha, jumladan bankda mavjud yoki yuzaga kelishi kutilayotgan tavakkalchiliklar hamda ularni kamaytirish yuzasidan hisobotlarni kuzatuv kengashi va tavakkalchiliklarni boshqarish qo‘mitasiga (agar tashkil etilgan bo‘lsa) har chorakda, bank boshqaruviga har oyda kamida bir marotaba kiritish;”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“tavakkalchiliklarni aniqlash, o‘lchash, monitoring va nazorat qilish, shuningdek stress-testlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan bank ichki modellarining ishonchliligi va samaradorligini muntazam ravishda baholash.”.
10. Quyidagi mazmundagi 351-band bilan to‘ldirilsin:
“351. Tavakkalchilik bo‘linmasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, bank ushbu haqda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari va sabablarini ko‘rsatgan holda Markaziy bankka qaror qabul qilingan kundan boshlab 5 kun ichida ma’lumot berishi lozim.”.
11. 36-band “Qonunchilik hujjatlari” degan so‘zlardan keyin “, bank faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xorijiy mamlakatlarning hujjatlari” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
12. 49-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“kredit arizalarini (buyurtmanomalarini) ko‘rib chiqish, ma’qullash va kredit berish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish jarayoni tavsifini;”;
uchinchi — to‘qqizinchi xatboshilar tegishli ravishda to‘rtinchi — o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“qarz oluvchilarning to‘lovga layoqatliligi tahlili natijalarini hisobga olgan holda kreditlashning limitlari tavsifini;”;
beshinchi — o‘ninchi xatboshilar tegishli ravishda oltinchi — o‘n birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
to‘qqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kredit ajratishga doir qarorlar qabul qilishda bank boshqaruv organlari, qo‘mitalari, shuningdek tarkibiy bo‘linmalari, shu jumladan filiallari o‘rtasida javobgarlikning aniq chegaralarini;”.
13. Quyidagi mazmundagi 511 — 513-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“511. Kuzatuv kengashi kredit tavakkalchiliklarini boshqarishda quyidagilarni nazorat qilishi lozim:
1) kreditlar bankning risk-appetiti doirasida, jumladan tavakkalchiliklarni boshqarish strategiyasi va biznes rejasi doirasida ajratilayotganligini;
2) kredit ajratish jarayoni bankning kredit siyosati va tegishli hujjatlarida aks ettirilganligini;
3) quyidagilarni qamrab olgan axborot tizimiga ega ekanligini:
kredit turlari kesimida kredit portfeli bankning risk-appetiti doirasida ekanligini aks ettiruvchi ma’lumotlar bazasi shakllanganligi;
davriy ravishda hisobotlarni olish imkoniyati mavjudligi;
kredit turlari kesimida tavakkalchilik darajasini baholash uchun kerakli ma’lumotlarning jamlanganligi.
512. Bank kredit tavakkalchiligini samarali boshqarish maqsadida quyidagilarni hisobga olishi lozim:
kredit portfeli diversifikatsiyasini;
qarzdorlarning qarz yuki darajasini;
kreditning garov qiymatiga nisbatini (kredit garov bilan ta’minlangan bo‘lsa);
sug‘urtalangan kreditlarning jami kreditlardagi ulushi va sug‘urta tashkilotlariga nisbatan to‘planish (konsentratsiya) darajasini;
kafolatlovchi (kafil), shu jumladan sug‘urtalovchining moliyaviy holatini;
kredit portfelida kutilgan eng yuqori yo‘qotishlar, muammoli kreditlar ulushi va hisobdan chiqariladigan kreditlar darajasini.
513. Reyting kompaniyalari tomonidan berilgan reyting baholariga ega kontragent uchun kredit tavakkalchiligini baholashda bank mazkur reyting baholaridan foydalanish bilan chegaralanmasdan ushbu kontragentning moliyaviy holatini mustaqil va xolis ravishda kompleks baholash choralarini ko‘rishi lozim.”.
14. Quyidagi mazmundagi 531 va 532-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“531. Kredit bo‘yicha garov predmetining bozor qiymatini baholash va qayta baholash bank ichki hujjatlarida o‘rnatilgan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
532. Kredit bo‘yicha garov predmetining bozor qiymatini baholash, qayta baholash tartibi va tamoyillari bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlanishi lozim.”.
15. Quyidagi mazmundagi 621-band bilan to‘ldirilsin:
“621. Bank boshqaruvi davriy ravishda (bir yilda kamida bir marotaba) muammoli aktivlar bilan ishlash siyosati samaradorligini baholashdan o‘tkazishi hamda baholash natijalari tayyor bo‘lgan kundan boshlab 5 kun ichida kuzatuv kengashiga va 15 kun ichida Markaziy bankka taqdim etishi lozim.”.
16. 89-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qimmatli qog‘ozlar, qat’iy belgilangan daromad keltiruvchi boshqa moliyaviy instrumentlar hamda qimmatli qog‘ozlarning hosilalari qiymatiga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor foiz stavkalaridagi kutilmagan o‘zgarishlar tufayli bankning savdo portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini;”;
beshinchi xatboshidagi “qimmatli qog‘ozlarning” degan so‘zlar “aksiyalarning va bazaviy aktivi aksiya bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarning hosilalarining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
17. 90-bandning birinchi xatboshisidagi “investitsiya” degan so‘z “savdo” degan so‘z bilan almashtirilsin.
18. Quyidagi mazmundagi 911-band bilan to‘ldirilsin:
“911. Bozor tavakkalchiligi bo‘yicha risk-appetit quyidagi miqdoriy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olishi lozim:
bozor tavakkalchiliklari bo‘yicha (mutlaq qiymatda va bank regulyativ kapitaliga nisbatan foizda) yuqori ishonchlilik darajasiga (kamida 99 foiz) ega bo‘lgan hamda 10 kunlik davrni qamrab oluvchi tavakkalchilik ostidagi qiymatning eng yuqori miqdori;
kapital monandligi hisob-kitobida bozor tavakkalchiliklari summasining eng yuqori miqdori (mutlaq qiymatda va bank regulyativ kapitaliga nisbatan foizda);
bankning asosiy valyutalari kesimida valyuta pozitsiyalarining eng yuqori miqdori.”.
19. 105-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“operatsion bardoshlilikni ta’minlash tartibini;”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
20. Quyidagi mazmundagi 1091 — 1099-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“1091. Kuzatuv kengashi bankning risk-appetitini inobatga olgan holda bankning operatsion bardoshliligini ta’minlash tartibini tasdiqlashi lozim.
1092. Bank boshqaruvi bankning moliyaviy, texnik va boshqa resurslarini to‘g‘ri taqsimlagan holda bankning operatsion bardoshliligini ta’minlash tartibini joriy qilishi lozim.
1093. Operatsion bardoshlilikni ta’minlash tartibi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
bank faoliyatini qayta tiklash va uning uzluksizligini ta’minlash rejasini (bundan buyon qayta tiklash rejasi deb yuritiladi);
qayta tiklash rejasini sinovdan o‘tkazish tartibini.
1094. Qayta tiklash rejasi bankning favqulodda vaziyatlarda va ko‘zda tutilmagan holatlarda muhim operatsiyalari uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Qayta tiklash rejasida quyidagilar nazarda tutiladi:
bankning muhim operatsiyalari ro‘yxati;
bank favqulodda vaziyatlarda va ko‘zda tutilmagan holatlarda muhim operatsiyalarni amalga oshira olishi uchun zarur bo‘lgan xodimlar, vositalar, jarayonlar, ma’lumotlar va uchinchi shaxslar ro‘yxati;
bankning muhim operatsiyalari uzluksizligini ta’minlash va ularni qayta tiklash uchun harakatlar ketma-ketligi tavsifi;
favqulodda vaziyatlarda va ko‘zda tutilmagan holatlarda bankning ichki va tashqi kommunikatsiyalarini amalga oshirish tartibi;
bankning muhim operatsiyalarini qayta tiklash uchun talab etiluvchi vaqt tavsifi;
bankning muhim operatsiyalari uzluksizligini ta’minlash va ularni qayta tiklash uchun zarur resurslarning eng kam miqdori.
1095. Qayta tiklash rejasi bir yilda kamida bir marotaba yoki bank faoliyatida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda sinovdan o‘tkazilishi lozim.
Bunda quyidagilar tekshiriladi:
bank faoliyatidagi uzilish jiddiyligi darajasidan qat’i nazar bankning muhim operatsiyalari himoyalanganligi;
favqulodda vaziyatlarda va ko‘zda tutilmagan holatlarda bankning samarali faoliyat yurita olishi hamda bank normal faoliyatga qaytishining ta’minlanishi.
1096. Bank qayta tiklash rejasini sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish davomida quyidagilarni inobatga olishi lozim:
bank faoliyati uzluksizligini ta’minlash tizimi ishonchliligini baholash maqsadida mazkur tizimni umumiy tarzda hamda alohida qismlarga ajratgan holda tekshirilishini;
sinov jarayonida yuzaga keluvchi favqulodda vaziyatlarning bank faoliyatiga ta’siri chegaralangan bo‘lishini;
sinovning maqsad va vazifalari aniq belgilanishini;
sinovdan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar ro‘yxati shakllantirilishini.
1097. Qayta tiklash rejasi sinovlari bank uchun jiddiy oqibatlarga ega, biroq sodir bo‘lish ehtimoli mavjud favqulodda vaziyat va ko‘zda tutilmagan holatlarni o‘z ichiga oluvchi ssenariylar asosida amalga oshirilishi lozim.
1098. Qayta tiklash rejasini sinovdan o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlar:
sinov natijalarini monitoring qilishi va baholashi;
sinov jarayoni va natijalari tavsifini, shuningdek bank operatsion bardoshliligini takomillashtirish maqsadida bank tomonidan ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralarni o‘z ichiga olgan bayonnomani tayyorlashi;
bayonnomani qayta tiklash rejasini sinovdan o‘tkazishda ishtirok etgan bankning tarkibiy bo‘linmalari bilan muvofiqlashtirishi;
bayonnomani tasdiqlash uchun bank boshqaruviga kiritishi lozim.
1099. Bank tomonidan qayta tiklash rejasi tasdiqlangan yoki unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan, shuningdek qayta tiklash rejasi sinovlari bo‘yicha bayonnoma tasdiqlangan kundan boshlab 15 kun ichida mazkur hujjatlar Markaziy bankka taqdim etilishi lozim.”.
21. 112-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“operatsion tavakkalchilik holatlari natijasida yuzaga kelgan zararlar (yo‘qotishlar);”.
22. Quyidagi mazmundagi 1121 va 1122-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“1121. Ichki operatsion tavakkalchilik holatlari bo‘yicha bankning ma’lumotlar bazasida ma’lumotlar banklar guruhi ishtirokchilari, bankning tarkibiy bo‘linmalari va bank operatsiyalari (tranzaksiyalari) kesimida guruhlanadi.
1122. Ichki operatsion tavakkalchilik holatlari bo‘yicha bankning ma’lumotlar bazasini yuritishda bank quyidagilarni inobatga olishi lozim:
operatsion tavakkalchilik holatining tasniflanishi;
operatsion tavakkalchilik holati bilan bog‘liq zararlar (yo‘qotishlar) aniqlanishi va qayd etilishi;
operatsion tavakkalchilik holatining ro‘yxatga olinishi;
operatsion tavakkalchilik holatlari haqidagi ma’lumotlarning yangilab turilishi;
operatsion tavakkalchilik holatlari bo‘yicha axborot manbalarining yangilab turilishi.”.
23. Quyidagi mazmundagi 1221-band bilan to‘ldirilsin:
“1221. Bank moliyaviy barqarorligini hamda transchegaraviy operatsiyalarning uzluksizligini ta’minlash maqsadida:
xorijiy mamlakatlarning bank faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni;
xorijiy banklar bilan korrespondentlik munosabatlarining uzilishi bilan bog‘liq tavakkalchilikni aniqlashi va baholashi lozim.”.
24. Quyidagi mazmundagi 111 va 112-boblar bilan to‘ldirilsin:
“111-bob. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarishga qo‘yilgan talablar
1-§. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarish tizimi
1241. Kuzatuv kengashi va bank boshqaruvi mamlakat tavakkalchiligini aniqlash, baholash, monitoring qilish, nazorat qilish va kamaytirishga xizmat qiluvchi mamlakat tavakkalchiligini boshqarish tizimini joriy qilishi lozim.
1242. Bankda yuzaga keladigan mamlakat tavakkalchiligi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
xorijiy mamlakatda cheklovlar, shu jumladan valyuta operatsiyalari bo‘yicha cheklovlar kiritilishi natijasida qarz oluvchining o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi tufayli yuzaga keluvchi o‘tkazmalarga oid tavakkalchilik;
xorijiy mamlakat hukumatining shartnomaviy majburiyatlarini bajara olmasligi yoki bajarishdan bosh tortishi natijasida yuzaga keluvchi suveren tavakkalchiligi;
bir mamlakatda yuz bergan noxush hodisalar boshqa mamlakatdagi qarzdorlarning o‘z majburiyatlarini bajara olmasligiga olib kelishi natijasida yuzaga keluvchi zanjir ta’siri tavakkalchiligi.
1243. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarish tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
mamlakat tavakkalchiligini boshqarish siyosati va tartiblarini;
mamlakat tavakkalchiligi bo‘yicha hisobotni taqdim etish tartibini.
2-§. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarish siyosati va tartiblariga qo‘yiladigan talablar
1244. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarish siyosati kamida quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
mamlakat tavakkalchiligini boshqarish tizimining tashkiliy tuzilmasi, shu jumladan mamlakat tavakkalchiligini boshqarishga mas’ul tarkibiy bo‘linmalarning (bundan buyon matnda tegishli tarkibiy bo‘linma deb yuritiladi) (xodimlarning) vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari taqsimoti hamda ularning o‘zaro ishlash tartibini;
mamlakat tavakkalchiligini aniqlash, baholash, monitoring qilish, nazorat qilish, kamaytirish va bu haqida hisobot berishga qo‘yiladigan talablarni;
hisobotlar shakllari, ularni taqdim etish tartibi va davriyligini;
mamlakat tavakkalchiligini aniqlash va tahlil qilish mezonlarini;
mamlakat tavakkalchiligi chegaralarini, shu jumladan bankning transchegaraviy operatsiyalari bo‘yicha umumiy chegara, shuningdek mamlakatlar va (yoki) mintaqalar bo‘yicha individual chegaralarni;
bank tomonidan amalga oshiriladigan transchegaraviy moliyaviy operatsiyalar tavsifini.
1245. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarish siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida bank boshqaruvi ichki tartiblarni ishlab chiqishi lozim.
Ushbu tartiblar bankning xorijiy mamlakatlar bilan bog‘liq faoliyati xususiyati va murakkabligini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi hamda Markaziy bank tomonidan belgilangan talablar va qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Ushbu tartiblar quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
mamlakat tavakkalchiligini aniqlash, baholash, monitoring qilish, nazorat qilish va kamaytirish tartibini;
bank faoliyatini mamlakat tavakkalchiligi chegaralariga muvofiqligini ta’minlash tartibini;
mamlakat tavakkalchiligini boshqarish jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida ma’lumot almashish tartibini;
mamlakat tavakkalchiligi bo‘yicha hisobotni.
1246. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarishda bank:
xorijiy mamlakatdagi vaziyatni (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa) tahlil qilib borishi;
bank faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xorijiy mamlakatlarning hujjatlari talablarini baholab borishi;
mamlakat tavakkalchiligining bank moliyaviy holatiga ta’sirini baholashi;
tahlil va baholash natijalarini tegishli tartibda rasmiylashtirilishi;
mamlakat tavakkalchiligiga oid hisobotlar bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlashi lozim.
1247. Mamlakat tavakkalchiligini tahlil qilishda bank xorijiy mamlakat bilan bog‘liq quyidagi omillarni inobatga olishi mumkin:
iqtisodiy o‘sish sur’atlari;
tashqi qarzi hajmi va tuzilishi;
xalqaro zaxiralar hajmi;
davlat budjeti balansi;
milliy valyuta kursi dinamikasi;
savdo balansi;
xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyati;
moliya tizimining taraqqiyot darajasi;
ijtimoiy, huquqiy va siyosiy vaziyat.
1248. Mamlakat tavakkalchiligi siyosati va chegaralari kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanishi hamda barcha tegishli tarkibiy bo‘linmalar va xodimlarga yetkazilishi lozim.
Mamlakat tavakkalchiligi siyosati va chegaralari yiliga kamida bir marotaba yoki muayyan mamlakatga nisbatan mamlakat tavakkalchiligining oshishiga oid xatarlar mavjud bo‘lganda muntazam ravishda ko‘rib chiqilishi kerak.
1249. Mamlakat tavakkalchiligi sezilarli darajada oshganda mazkur tavakkalchilikni boshqarishga mas’ul tegishli tarkibiy bo‘linma (xodim) bir ish kunidan kechiktirmay kuzatuv kengashi va bank boshqaruvini xabardor qilishi va besh ish kuni ichida tegishli tuzatuvchi choralarni taklif qilishi lozim.
Mamlakat tavakkalchiligining sezilarli darajada o‘sishi bankning ichki hujjatlarida belgilanishi lozim.
3-§. Mamlakat tavakkalchiligiga oid hisobotlarga qo‘yilgan talablar
12410. Mamlakat tavakkalchiligini boshqarishda tegishli tarkibiy bo‘linma mamlakat tavakkalchiligiga oid hisobotlarni kuzatuv kengashi va tavakkalchiliklarni boshqarish qo‘mitasiga (agar tashkil etilgan bo‘lsa) har chorakda, bank boshqaruviga har oyda kamida bir marotaba kiritishi lozim.
112-bob. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarishga qo‘yilgan talablar
1-§. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish tizimi
12411. Bankda bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini aniqlash, baholash, monitoring qilish, nazorat qilish va kamaytirishga xizmat qiluvchi bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish tizimi joriy qilinishi lozim.
12412. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarishning samarali tizimi quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha risk-appetitni;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish siyosati va tartiblarini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini baholash va monitoring qilish vositalarini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha stress-test o‘tkazish tartibini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha hisobotlarni.
12413. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi kamida quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
bank aktivlari va majburiyatlari, shu jumladan balansdan tashqari moddalari bo‘yicha foiz stavkalari turli davrlarda o‘zgarishi natijasida yuzaga keluvchi nomutanosibliklar tavakkalchiligi;
bank aktivlari yoki majburiyatlari, shu jumladan balansdan tashqari moddalari bo‘yicha foiz stavkalari bir-biridan farq qiluvchi bozor foiz stavkalariga (indekslarga) asoslangan bo‘lsa, mazkur bozor foiz stavkalari (indekslar) o‘zgarishi natijasida yuzaga keluvchi bazis tavakkalchiligi;
bankning mijozlarida bank aktivlari yoki majburiyatlari, shu jumladan balansdan tashqari moddalari bo‘yicha to‘lovlar miqdori yoki muddatlarini o‘zgartirish huquqi mavjud bo‘lib, ular mazkur huquqdan foydalanishi natijasida yuzaga keluvchi opsion tavakkalchiligi.
2-§. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish siyosati va tartiblariga qo‘yilgan talablar
12414. Bankda bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish siyosati va boshqa ichki hujjatlarga muvofiq bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi boshqarib boriladi.
12415. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish siyosati quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish tizimining tashkiliy tuzilmasi, jumladan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi ishtirokchilarining vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari taqsimoti va o‘zaro ishlash tartibini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi chegaralarini belgilash tartibini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini aniqlash, baholash, monitoring qilish, nazorat qilish, kamaytirish va bu haqida hisobot berishni;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini stress-testdan o‘tkazish tartibini;
kuzatuv kengashi va bank boshqaruvi uchun bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha tayyorlanadigan hisobot shakllari, ularni taqdim etish tartibi va davriyligini.
12416. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida bank boshqaruvi tomonidan bankning ichki tartibi ishlab chiqilishi mumkin. Ushbu tartibda bank faoliyatining xususiyati va murakkabligi hisobga olinishi lozim.
Ushbu tartib quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini aniqlash, baholash, monitoring qilish, nazorat qilish, xedjirlash va u bo‘yicha hisobot tayyorlash tartibini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini aniqlash uchun zarur vositalar, ko‘rsatkichlar, uslublar va metodlarni;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish jarayonining ishtirokchilari o‘rtasida axborot almashinuvi tartibini;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha Markaziy bankka taqdim etiladigan hisobotni tayyorlash va uning ishonchliligini tekshirish tartibini.
12417. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini boshqarish maqsadida kamida quyidagi ko‘rsatkichlar baholanishi lozim:
bozor foiz stavkalarining o‘zgarishi natijasida bank portfelidagi aktivlar va majburiyatlar joriy sof qiymati o‘zgarishining bank kapitaliga ta’siri;
bozor foiz stavkalari o‘zgarishining bank portfeli bo‘yicha bankning sof foizli daromadiga ta’siri.
12418. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligini stress-testdan o‘tkazishda bank bozor foiz stavkalari bilan bog‘liq quyidagi ssenariylardan foydalanadi:
barcha foiz stavkalarining oshishi;
barcha foiz stavkalarining pasayishi;
qisqa muddatli foiz stavkalarining pasayishi va uzoq muddatli foiz stavkalarining oshishi;
qisqa muddatli foiz stavkalarining oshishi va uzoq muddatli foiz stavkalarining pasayishi;
qisqa muddatli foiz stavkalarining keskin oshishi;
qisqa muddatli foiz stavkalarining keskin pasayishi.
3-§. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligiga oid hisobotlarga qo‘yilgan talablar
12419. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligiga oid hisobotlarning shakli, davriyligi va hajmi kuzatuv kengashi yoki bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi.
12420. Bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligiga oid hisobotlar quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi lozim:
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi har bir turining hajmi va tavsifini o‘z ichiga oluvchi ma’lumotni;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi uchun o‘rnatilgan chegaralarning buzilganligi haqidagi ma’lumotni;
bank portfelida yuzaga keluvchi foiz tavakkalchiligi bo‘yicha o‘tkazilgan stress-test natijalarini.”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 10/25/3427-1/0066-son)