Norasmiy tarjima
Jeneva konferensiyasining Qoʻshimcha protokoli
1949-yil 12-avgustdagi Jeneva konvensiyalariga oid qoʻshimcha farqlovchi ramzni qabul qilish toʻgʻrisidagi Qoʻshimcha protokol (III protokol)
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar,
(1-§) 1949-yil 12-avgustdagi Jeneva konvensiyalari (xususan, Birinchi Jeneva konvensiyasining 26, 38, 42 va 44-moddalari) va tegishli hollarda, ularga 1977-yil 8-iyundagi Qoʻshimcha protokollarning (xususan, I Qoʻshimcha protokolning 18 va 38-moddalari va II Qoʻshimcha protokolning 12-moddasi) farqlovchi ramzlardan foydalanishga oid qoidalarini tasdiqlagan holda,
(2-§) yuqorida qayd etilgan qoidalarni ularning himoyaviy qiymati va universal xususiyatini kuchaytirish maqsadida toʻldirishni xohlab,
(3-§) ushbu Protokol Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning Jeneva konvensiyalari va tegishli hollarda ularga Qoʻshimcha protokollarga muvofiq oʻz majburiyatlariga binoan foydalanayotgan ramzlarni qoʻllashda davom etish borasidagi eʼtirof etilgan huquqiga putur yetkazmasligini qayd etib,
(4-§) Jeneva konvensiyalari va ularga Qoʻshimcha protokollar himoyasida boʻlgan shaxslar va obyektlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish majburiyati xalqaro huquqqa muvofiq ularga beriladigan himoya maqomidan kelib chiqishini va farqlovchi ramzlar, belgilar yoki signallardan foydalanishga bogʻliq emasligini eslatib,
(5-§) farqlovchi ramzlarga hech qanday diniy, etnik, irqiy, mintaqaviy yoki siyosiy maʼno berilmasligini taʼkidlab,
(6-§) Jeneva konvensiyalari va tegishli hollarda ularga Qoʻshimcha protokollar bilan tan olingan farqlovchi ramzlarga taalluqli majburiyatlarga toʻliq rioya etilishini taʼminlash muhimligini alohida taʼkidlab,
(7-§) Birinchi Jeneva konvensiyasining 44-moddasiga koʻra, ramzlardan himoya maqsadida foydalanish bilan ularni belgilash maqsadida qoʻllash oʻrtasida farq mavjudligini eslatib,
(8-§) boshqa davlat hududida faoliyatni amalga oshirayotgan milliy jamiyatlar ular bunday faoliyat doirasida foydalanmoqchi boʻlgan ramzlar ushbu faoliyat amalga oshirilayotgan mamlakatda, shuningdek, tranzit mamlakat yoki mamlakatlarda qoʻllanilishi mumkinligiga ishonch hosil qilishlari kerakligini ham eslatib,
(9-§) mavjud farqlovchi ramzlardan foydalanishda ayrim davlatlar va milliy jamiyatlar duch kelishi mumkin boʻlgan qiyinchiliklarni tan olib,
(10-§) Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasi hamda Qizil Xoch va Qizil Yarim oy Xalqaro harakati hozirda oʻzlari qoʻllayotgan nomlar va ramzlarni saqlab qolishga qatʼiy azm qilganligini taʼkidlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda — Ushbu Protokolga rioya qilish va uning qoʻllanilish doirasi
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Protokolga rioya qilish va har qanday vaziyatda unga rioya etilishini taʼminlash majburiyatini oladilar.
2. Ushbu Protokol 1949-yil 12-avgustdagi toʻrtta Jeneva konvensiyalari (“Jeneva konvensiyalari”) va tegishli hollarda 1977-yil 8-iyundagi ikkita Qoʻshimcha protokolning (“1977-yilgi Qoʻshimcha protokollar”) farqlovchi ramzlarga, yaʼni qizil xoch, qizil yarim oy, qizil sher va quyosh timsollariga taalluqli qoidalarini tasdiqlaydi hamda toʻldiradi va ushbu qoidalar qoʻllaniladigan vaziyatlarda birdek amal qiladi.
2-modda — Farqlovchi ramzlar
1. Ushbu Protokol Jeneva konvensiyalarining farqlovchi ramzlari bilan bir qatorda va xuddi shu maqsadlarda qoʻshimcha farqlovchi ramzni tan oladi. Barcha farqlovchi ramzlar teng maqomga ega.
2. Ushbu qoʻshimcha farqlovchi ramz oq fonda oʻz burchaklaridan biri bilan tirkalib turgan toʻrtburchak shakldagi qizil ramkadan iborat boʻlib, u ushbu Protokolning Ilovasida keltirilgan tasvirga mos keladi. Ushbu Protokolda mazkur farqlovchi ramz “Uchinchi Protokol ramzi” deb yuritiladi.
3. Uchinchi Protokol ramzidan foydalanish va uni hurmat qilish shartlari Jeneva konvensiyalari va tegishli hollarda 1977-yilgi Qoʻshimcha protokollarda belgilangan farqlovchi ramzlarga nisbatan qoʻllaniladigan shartlar bilan bir xildir.
4. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar qurolli kuchlarining tibbiy xizmatlari va ruhoniy xodimlari, agar bu ularning himoyasini kuchaytirishi mumkin boʻlsa, hozirda foydalanayotgan ramzlariga zarar yetkazmasdan, ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan farqlovchi ramzlarning har qanday biridan vaqtincha foydalanishlari mumkin.
3-modda — Belgilash maqsadida uchinchi Protokol ramzidan foydalanish
1. Uchinchi Protokol ramzidan foydalanish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy jamiyatlari, tegishli milliy qonunchilikka muvofiq ramzlardan foydalanganda, belgilash maqsadida unga quyidagilarni kiritishlari mumkin:
a) Jeneva konvensiyalarida tan olingan farqlovchi ramzlardan biri yoki ushbu ramzlarning kombinatsiyasini, yoxud
b) biron-bir Yuqori Ahdlashuvchi Tomon tarafidan allaqachon amalda qoʻllanilayotgan va ushbu Protokol qabul qilinishidan oldin depozitariy orqali boshqa Yuqori Ahdlashuvchi Tomonlarga hamda Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasiga maʼlum qilingan boshqa ramzni.
Bunday kiritish ushbu Protokolning Ilovasida keltirilgan tasvirga mos kelishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq Uchinchi Protokol ramziga boshqa ramzni kiritishga qaror qilgan milliy jamiyat, milliy qonunchilikka binoan, oʻz davlati hududida ushbu ramz va uning nomidan foydalanishi mumkin.
3. Milliy jamiyatlar, milliy qonunchilikka muvofiq, istisno hollarda va oʻz faoliyatini yengillashtirish uchun ushbu Protokolning 2-moddasida koʻrsatilgan farqlovchi ramzdan vaqtincha foydalanishlari mumkin.
4. Ushbu modda Jeneva konvensiyalari va mazkur Protokol bilan tan olingan farqlovchi ramzlarning huquqiy maqomiga, shuningdek ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq belgilash maqsadida uchinchi Protokol ramziga kiritilgan har qanday muayyan ramzning huquqiy maqomiga taʼsir koʻrsatmaydi.
4-modda — Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi hamda Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Xalqaro federatsiyasi
Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi hamda Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Xalqaro Federatsiyasi va ularning tegishli tarzda vakolatli xodimlari alohida hollarda va oʻz faoliyatini osonlashtirish maqsadida ushbu Protokolning 2-moddasida koʻrsatilgan farqlovchi ramzdan foydalanishlari mumkin.
5-modda — Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida oʻtkaziladigan amaliyotlar
Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida oʻtkaziladigan amaliyotlarda ishtirok etuvchi tibbiy xizmatlar va ruhoniy xodimlar ishtirokchi davlatlarning roziligi bilan 1 va 2-moddalarda qayd etilgan farqlovchi ramzlardan birini qoʻllashi mumkin.
6-modda — Ramzlardan noqonuniy foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish
1. Jeneva konvensiyalari va tegishli hollarda 1977-yilgi Qoʻshimcha protokollarning farqlovchi ramzlardan noqonuniy foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyishga oid qoidalari uchinchi Protokolning ramziga ham teng ravishda qoʻllaniladi. Xususan, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har doim 1 va 2-moddalarda koʻrsatilgan farqlovchi ramzlar va ularning nomlaridan har qanday noqonuniy foydalanishning, jumladan xiyonatkorona foydalanish va taqlid qilib tayyorlangan ramzlardan foydalanishining oldini olish va bunga chek qoʻyish uchun zarur choralarni koʻradi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalaridan qatʼi nazar, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ilgari uchinchi Protokolning ramzidan yoki uning taqlidi boʻlgan har qanday belgidan foydalanganlarga, qurolli mojaro paytida ushbu ramzdan foydalanish Jeneva konvensiyalari va tegishli hollarda 1977-yilgi Qoʻshimcha protokollarda nazarda tutilgan himoyani taʼminlayotgandek taassurot uygʻotmasligi va bunday foydalanish huquqi ushbu Protokol qabul qilinishidan oldin qoʻlga kiritilgan boʻlishi sharti bilan, ushbu ramzdan foydalanishni davom ettirishga ruxsat berishlari mumkin.
7-modda — Axborot tarqatish
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Protokolni oʻz mamlakatlarida tinchlik davrida ham, qurolli mojarolar vaqtida ham imkon qadar keng tarqatish va, xususan, ushbu hujjatni qurolli kuchlar va fuqarolar bilishi uchun uni harbiy tayyorgarlik dasturlariga kiritish hamda fuqarolar tomonidan oʻrganilishini ragʻbatlantirish majburiyatini oladi.
8-modda — Imzolash
Ushbu Protokol qabul qilingan kuni Jeneva konvensiyalari ishtirokchilari tomonidan imzolash uchun ochiq boʻladi va oʻn ikki oy davomida ochiq qoladi.
9-modda — Ratifikatsiya
Ushbu Protokol imkon qadar tezroq ratifikatsiya qilinishi lozim. Ratifikatsiya yorliqlari Jeneva konvensiyalari va 1977-yilgi Qoʻshimcha protokollarining depozitariysi boʻlgan Shveysariya Federal Kengashiga saqlash uchun topshiriladi.
10-modda — Qoʻshilish
Ushbu Protokol uni imzolamagan Jeneva konvensiyalarining har qanday ishtirokchisi qoʻshilishi uchun ochiqdir. Qoʻshilish haqidagi hujjatlar saqlash uchun depozitariyga topshiriladi.
11-modda — Kuchga kirishi
1. Ushbu Protokol ikkita ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish haqidagi hujjat saqlashga topshirilganidan soʻng olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Protokolni ratifikatsiya qilgan yoki keyinchalik unga qoʻshilgan Jeneva konvensiyalarining har bir ishtirokchisi uchun u bunday ishtirokchi tomonidan ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish haqidagi hujjat topshirilgan kundan boshlab olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
12-modda — Ushbu Protokol kuchga kirgandan keyingi shartnomaviy munosabatlar
1. Agar Jeneva konvensiyalari ishtirokchilari ushbu Protokolning ham ishtirokchilari boʻlsa, Konvensiyalar ularga ushbu Protokol kiritgan qoʻshimchalar bilan qoʻllaniladi.
2. Agar mojaroda ishtirok etayotgan tomonlardan biri ushbu Protokol bilan bogʻliq boʻlmasa, u ushbu Protokol ishtirokchilari boʻlgan tomonlar uchun ularning oʻzaro munosabatlarida majburiy boʻlib qoladi. Bundan tashqari, ushbu Protokol, agar tomon uning qoidalarini tan olsa va qoʻllasa, u bilan bogʻliq boʻlmagan har bir tomon uchun ham majburiydir.
13-modda — Tuzatishlar
1. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ushbu Protokolga tuzatishlar kiritishni taklif etishi mumkin. Har qanday taklif qilinayotgan tuzatishning matni depozitariyga yuboriladi. Depozitariy barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi va Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlarining Xalqaro Federatsiyasi bilan maslahatlashgandan soʻng taklif etilgan tuzatishni koʻrib chiqish uchun konferensiya chaqirish kerakmi yoki yoʻqligini hal qiladi.
2. Depozitariy ushbu konferensiyaga barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarni, shuningdek, ular ushbu Protokolni imzolagan yoki imzolamaganligidan qatʼi nazar, Jeneva konvensiyalari Ishtirokchilarini taklif etadi.
14-modda — Denonsatsiya
1. Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomon ushbu Protokolni denonsatsiya qilsa, denonsatsiya haqidagi hujjat olinganidan soʻng bir yil oʻtgach kuchga kiradi. Biroq, bir yil oʻtgach, denonsatsiya qilish toʻgʻrisida bayonot bergan tomon qurolli mojaro yoki okkupatsiya holatiga tushib qolsa, denonsatsiya qurolli mojaro yoki okkupatsiya tugagunga qadar kuchga kirmaydi.
2. Denonsatsiya haqidagi xabarnoma yozma shaklda depozitariyga yuboriladi, depozitariy esa uni barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga tarqatadi.
3. Denonsatsiya faqat denonsatsiya haqida bayonot bergan tarafga nisbatan kuchga ega boʻladi.
4. 1-bandga muvofiq hech qanday denonsatsiya bunday denonsatsiya kuchga kirgunga qadar sodir etilgan har qanday harakatga nisbatan denonsatsiya qilish haqida bayonot bergan tomonning ushbu Protokolga muvofiq qurolli mojaro yoki okkupatsiya munosabati bilan zimmasiga olgan majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
15-modda — Xabarnomalar
Depozitariy barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarni, shuningdek, ular ushbu Protokolni imzolagan yoki imzolamaganligidan qatʼi nazar, Jeneva konvensiyalari ishtirokchilarini quyidagilar haqida xabardor qiladi:
a) 8, 9 va 10-moddalarga muvofiq, ushbu Protokol boʻyicha qoʻyilgan imzolar hamda ratifikatsiya yorliqlari va qoʻshilish haqidagi hujjatlarning saqlash uchun topshirilganligi toʻgʻrisida;
b) 11-moddaga muvofiq, ushbu Protokolning kuchga kirgan sanasi haqida, u kuchga kirgan paytdan boshlab 10 kun ichida;
s) 13-moddaga muvofiq, taklif etilgan tuzatishlar toʻgʻrisida;
d) 14-moddaga muvofiq, denonsatsiya qilish haqidagi arizalar toʻgʻrisida.
16-modda — Roʻyxatga olish
1. Ushbu Protokol kuchga kirgandan soʻng depozitariy tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 102-moddasiga asosan roʻyxatga olish va eʼlon qilish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyatiga yuboriladi.
2. Depozitariy, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kotibiyatini ushbu Protokolga nisbatan qabul qilingan barcha ratifikatsiya yorliqlari, qoʻshilish haqidagi hujjatlar va denonsatsiya toʻgʻrisidagi arizalar haqida xabardor qiladi.
17-modda — Matnlarning autentikligi
Ushbu Protokolning ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillaridagi matnlari teng autentik boʻlgan asl nusxasi saqlash uchun depozitariyga topshiriladi, depozitariy esa uning tasdiqlangan nusxalarini Jeneva konvensiyalarining barcha ishtirokchilariga yuboradi.
ILOVA
Uchinchi protokol ramzi
(Protokolning 2-moddasi 2-bandi va 3-moddasi 1-bandi)
